Iqtisodiyot | 13:05 / 24.01.2026
2945
2 daqiqa o‘qiladi

2025 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga gaz yetkazib berish 30 foizga oshdi

Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilb Rossiya «Markaziy Osiyo - Markaz» quvuri orqali O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini taxminan 30 foizga oshirib, 7 mlrd kub metrga yetkazdi. O‘z navbatida, Markaziy Osiyodan Xitoyga gaz eksporti taxminan 5 foiz yoki 2,5 mlrd kub metrdan ko‘proqqa kamaygan.

Foto: AP

Rossiya «Markaziy Osiyo — Markaz» gaz quvuri orqali 2025 yilda O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini oshirishni davom ettirdi va umumiy eksport 30 foizga o‘sib, 7 mlrd kub metrdan oshdi, deya xabar berdi Xalqaro energetika agentligi.

«Markaziy Osiyo mamlakatlarida tabiiy gaz ishlab chiqarish turli tendensiyalarni namoyon etdi. 2025 yilda Turkmanistonda ishlab chiqarish hajmi taxminan 3 foizga oshib, 80 mlrd kub metr bo‘ldi. Aksincha, O‘zbekistonda qazib olish 2025 yilning dastlabki 11 oyida yillik hisobda 4,5 foizga (2 mlrd kub metr) kamaydi. Bu mamlakatda yuqori bosqich infratuzilmasining ishonchliligi pasayib borayotgani bilan izohlanadi. Qozog‘istonda esa 2025 yilning dastlabki 11 oyida sotuvga chiqariladigan gaz qazib olish hajmi yillik hisobda 10 foizdan ortiqqa (taxminan 3,5 mlrd kub metr) ko‘paydi», deyiladi hisobotda.

2025 yilda Markaziy Osiyodan Xitoyga quvur orqali gaz eksporti taxminan 5 foiz yoki 2,5 mlrd kub metrdan ko‘proqqa kamaygan.

Avvalroq, 2025 yilda O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmida 2,4 foizlik o‘sish qayd etilgani xabar qilingandi. Xususan, 2025 yilda 42,3 mlrd kub gaz qazib olingan, bu ko‘rsatkich 2024 yilda 41,3 mlrd kubni tashkil etgan. E’tiborga molik jihati, 2024 yilning yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan hisobotda gaz qazib olish hajmi 44,6 mlrd kubni tashkil etgani ko‘rsatib o‘tilgandi. Yil yakuni bo‘yicha raqamlarning birdan o‘zgarib qolgani bo‘yicha rasmiy munosabat bildirilmadi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров

Mavzuga oid