Jamiyat | 10:16 / 12.12.2025
3325
2 daqiqa o‘qiladi

Chiqindidan qarzdor qariyb 205 ming abonentning elektr to‘loviga cheklov o‘rnatildi

Ayni paytda chiqindi xizmatlaridan jami 18,2 mlrd so‘m debitor qarzdorlik mavjud. Yangi tartib 1 iyuldan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun 5 noyabrdan boshlab qo‘llanmoqda. 2025 yil 30 iyungacha bo‘lgan qarzdorliklarga esa tatbiq etilmaydi.

Foto: Kun.uz

Chiqindi xizmatidan qarzdorligi bo‘lgan 205 mingga yaqin abonentning elektr to‘loviga vaqtincha cheklov o‘rnatildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bugungacha respublika bo‘yicha chiqindi xizmatlaridan yuzaga kelgan umumiy 20,1 mlrd so‘m debitor qarzdorlik uchun jami 231 014 ta abonent SMS xabarnomasi orqali ogohlantirilgan. Shundan so‘ng abonentlarga mavjud qarzdorligini bartaraf etish uchun 5 kun muddat berilgan va ushbu davrda 9,4 mlrd so‘mlik to‘lovlar amalga oshirilgan.

6 dekabr holatida respublika bo‘yicha qarzdorligi qoplanmagan 204 895 abonentning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyatiga vaqtincha cheklov joriy etilgan. Mazkur cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilanoq darhol yechiladi. Ayni paytda chiqindi xizmatlaridan respublika kesimida jami 18,2 mlrd so‘m debitor qarzdorlik mavjud.

Ushbu tartib 2025 yil 30 iyungacha bo‘lgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi. U 1 iyuldan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun 5 noyabrdan boshlab qo‘llanmoqda.

Fuqarolar chiqindilarni boshqarish sohasi va xizmat sifatiga doir taklif va shikoyatlar yuzaga kelganda agentlikning “1205” qisqa raqamiga 24/7 rejimda murojaat qilishlari mumkinligi bildirilgan.

Eslatib o‘tamiz, chiqindini to‘plash va olib chiqish xizmatlari bo‘yicha to‘lov intizomini kuchaytirishga qaratilgan qonun 2025 yil 7 martda qabul qilingandi. Chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarga har oyning 5-sanasigacha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 2100 qisqa raqami orqali SMS xabarnoma yuboriladi. Ushbu ogohlantirish yuborilganidan keyin 5 kun qarzdorlikni bartaraf etish uchun qo‘shimcha muddat beriladi. 2026 yil 1 yanvardan esa chiqindilar uchun to‘lovlarni uyma-uy yurib undirish amaliyoti to‘xtatiladi

Mavzuga oid