O‘zbekiston | 21:28 / 18.11.2025
3744
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyati elektr tarmoqlari 30 yilga Aksa Enerji boshqaruviga beriladi

Turkiya kompaniyasi xalqaro tender g‘olibi deb topildi va Samarqand viloyatining elektr energiyasi taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun investitsiya kiritgan holda, tarmoqlarni boshqarish huquqini oldi. Yaqin yillarda qolgan barcha hududlarda ham taqsimlovchi elektr tarmoqlari xususiy operatorlar boshqaruviga o‘tkazilishi belgilangan.

Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Samarqand viloyatida elektr energiyasi taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish va xususiy sherik boshqaruviga berish loyihasining xalqaro tenderida Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi g‘olib deb topildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

«Davlat-xususiy sheriklik orqali xususiy kapitalni mobilizatsiya qilish» mavzusidagi davra suhbati doirasida Aksa Enerji'ga g‘oliblik taqdimnomasi topshirildi.

Kompaniya Samarqand viloyatidagi elektr taqsimlash tarmoqlarini 30 yilgacha muddat davomida boshqarish huquqini va tarmoqlar modernizatsiyasi uchun investitsiya kiritish majburiyatini oladi.

Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligiga ko‘ra, mazkur tenderning yakuniy bosqichida “AKSA Elektrik Perakende Satış A.Ş” kompaniyasidan tashqaridan, yana ikkita da’vogar: “Cengiz Enerji Sanayii ve Ticaret A.Ş” hamda "EDF Power Solutions International SAS" va "The Kansai Electric Power Co., Inc." kompaniyalari konsorsiumi ham ishtirok etgan.

Aksa Enerji O‘zbekistonda bir qancha loyihalarni amalga oshirgan. Jumladan, 2022 yil yanvarida ikkita: Buxoro viloyatida 270 MW quvvatli, Toshkent viloyatida 240 MW quvvatli issiqlik elektr stansiyalarini ishga tushirgan.

Kompaniya 1960 yilda tashkil etilgan Kazanci Holding tarkibiga kiradi. Holding energetikadan tashqari, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida ham loyihalarni amalga oshiradi. Aksa Enerji Turkiya, Gana, Madagaskar, Mali va Kongo kabi mamlakatlarda ham elektr stansiyalari loyihalarini amalga oshirmoqda.

  • Eslatib o‘tamiz, Davlat-xususiy sheriklik dasturiga ko‘ra, 2027 yil 1 iyulgacha barcha hududlardagi taqsimlovchi elektr tarmoqlarini xususiy operatorlarga o‘tkazish bo‘yicha shartnomalar imzolanishi kerak.
  • 2027 yil yakuniga qadar, barcha hududlardagi tabiiy gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy operatorlarga topshirishni nazarda tutuvchi shartnomalar tuzilishi ham ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid