Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Antimonopolistik choralar fonida propan narxi sezilarli darajada arzonlashdi
Raqobat qo‘mitasining tegishli ko‘rsatmasi bilan birjada suyultirilgan gaz bahosining boshlang‘ich narxga nisbatan oshish chegarasi 20 foizdan 10 foizgacha pasaytirildi. Bunga 2026 yilning dastlabki 4 birja kunida propanning qariyb 15 foizga oshib ketgani sabab bo‘ldi. Ko‘rilgan choralar natijasida narxlar barqarorlasha boshlagan.
Foto: Yandex Maps
12 yanvardan boshlab Raqobat qo‘mitasining tegishli ko‘rsatmasi bilan Respublika tovar xomashyo birjasida suyultirilgan gaz narxining boshlang‘ich narxga nisbatan oshish chegarasi 20 foizdan 10 foizgacha pasaytirilgan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Shuningdek, boshlang‘ich narx har tonna uchun 7,5 mln so‘mdan oshsa, birja propan importchilari va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning takliflarini qabul qilmaydi. Bu birjada maksimal narx 8,25 mln so‘mdan oshmasligini anglatadi.
Nega cheklov joriy etildi?
2026 yilning dastlabki 4 birja kunida propan narxi 14,7 foizga ko‘tarildi. O‘tgan yilning so‘nggi ish kuni – 30 dekabrdagi savdolarda suyultirilgan gazning 1 tonnasi uchun narx o‘rtacha 8 mln 87 ming so‘mni tashkil etgan. 5-8 yanvar kunlari esa narx qariyb 1,2 mln so‘mga yoki 14,7 foizga ko‘tarilib, 9 mln 277 ming so‘mgacha yetdi. Shu 4 kun davomida sotilgan mahsulot hajmi kuniga o‘rtacha 2 ming tonnaga teng bo‘ldi. Taqqoslash uchun, 2025 yil so‘ngidagi oxirgi 4 birja kunida kuniga o‘rtacha 2390 tonnadan propan sotuvi amalga oshirilgan.
2025 yil 1-4 dekabr kunlari (dushanba–payshanba) birjada propanning o‘rtacha narxi tonnasiga 7 mln 337 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yil 5-8 yanvar kunlari (dushanba–payshanba) o‘rtacha narx bundan 18,8 foizga ko‘tarilib, 8 mln 716 ming so‘mni tashkil etdi.
Raqobat qo‘mitasining izohi
Raqobat qo‘mitasi propan qimmatlashgani yuzasidan izoh berib, bu bozorda import mahsulot ulushi va narxining oshishi hisobiga yuzaga kelayotganini bildirdi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda birja savdolarida jami 358 ming tonna propan sotilgan bo‘lib, shundan 61 foizi (219 ming tonna) mahalliy va 39 foizi import mahsulot hissasiga to‘g‘ri kelgan. Yanvar-iyul oylarida ichki bozorda mahalliy mahsulotning ulushi yuqori bo‘lib, o‘rtacha 80 foizgachani tashkil etgan. Avgust oyidan boshlab bu ko‘rsatkich kamayib borgan va dekabr (35 foiz) oyi va yanvarning o‘tgan davrida 10 foizgacha qisqargan.
«Bunga asosiy sabab – mahalliy mahsulotning aholi va ijtimoiy soha obektlariga yo‘naltirilganligi», — deyiladi qo‘mita xabarida.
Qayd etilishicha, qo‘mita tomonidan propan narxiga nisbatan boshlang‘ich narxdan oshirish chegarasi ko‘pi bilan 20 foiz (spred) etib belgilanishi, 1 ta savdo sessiyasida 5 tonna (bungacha – 10 tonna) xarid limiti o‘rnatilishi hisobiga mahalliy mahsulot sotilish narxi yil davomida tonnasiga 7 mln so‘mdan oshmagan. Ayni paytda import mahsulot narxi 8 mln so‘mgacha shakllangan.
«Mahalliy va import mahsulotning boshlang‘ich (50 foiz) va sotilish (35 foiz) narxi o‘rtasida 40 foizgacha tafovut mavjud, – deya aniqlik kiritdi qo‘mita. – Biroq so‘nggi oylarda ichki bozorda import mahsulot ulushi va talabning oshishi hisobiga birja savdolaridagi o‘rtacha narx import mahsulot hisobiga shakllanmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan import mahsulotning boshlang‘ich narxlari oshirilishi sababli bugungi kunda 1 tonna suyultirilgan gaz mahsuloti o‘rtacha 9,5 mln so‘mgacha sotilmoqda – dekabrga nisbatan o‘sish 20 foiz».
O‘z navbatida, Raqobat qo‘mitasi ichki bozorda propan narxini barqarorlashtirish maqsadida o‘z vakolati doirasida tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, AYoQShlarda narxlar ustidan doimiy monitoring olib borilayotganini ma’lum qildi.
Narx arzonlasha boshladi
Propanning boshlang‘ich narxiga nisbatan 10 foiz miqdorida cheklov (spred) joriy etilishi fonida narxlar barqarorlasha boshlagan. Raqobat qo‘mitasining 12 yanvar kunidagi xabariga ko‘ra, birjada o‘rtacha narxlar 9,3 mln so‘mdan 7,8 mln so‘mgacha yoki 18 foizga pasaygan.
2025 yilning noyabr-dekabr va joriy yilning yanvar oyida birja savdolarida propanning boshlang‘ich narxlarini asossiz oshirish va hajmlarni sun’iy ravishda chiqarmaslik maqsadida raqobatga zid bo‘lgan muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirish alomatlari bilan 92 import qiluvchi korxonaga nisbatan monopoliyaga qarshi ish qo‘zg‘atilgan.
«Chakana narxlar asossiz oshib ketmasligi bo‘yicha yoqilg‘i quyish shoxobchalarida doimiy monitoring amalga oshirilmoqda», deyiladi qo‘mita xabarida.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning noyabr oyida Raqobat qo‘mitasi narxlar 5 oyda qariyb 2 barobargacha qimmatlashib ketgani ortidan birjaga chiqarilayotgan propanning boshlang‘ich narxiga nisbatan 20 foizlik spred (cheklov) o‘rnatgandi.
Mavzuga oid
09:32 / 12.01.2026
Raqobat qo‘mitasi gaz narxlarini asossiz oshirish alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi
12:02 / 11.01.2026
Raqobat qo‘mitasi propan qimmatlashgani yuzasidan izoh berdi
11:35 / 10.01.2026
Birjada propan narxi oshmoqda
14:04 / 06.01.2026