Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ochlikdan halok bo‘layotgan G‘azo bolalari, kabelni chopgani aytilayotgan husiychilar va Rossiyadan Qozog‘istonga qochayotgan kompaniyalar - kun dayjesti
Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz.
Falastindagi vaziyat
Isroil oziq-ovqat va insonparvarlik yordamlarini kiritmasdan qamalga olgan G‘azoda bolalar och qolmoqda, hattoki ochlikdan halok bo‘lishmoqda.
UNICEF’ning ijrochi direktori Ketrin Rassel o‘zining bu boradagi bayonotida vaziyatni shunday tasvirlaydi:
«G‘azodan kelayotgan dahshatli xabarlarga ko‘ra, kamida 10 nafar bola to‘yib ovqatlanmaganlik va chanqoqlikdan vafot etgan, ko‘plab bolalar esa o‘lim yoqasida. G‘azo sektorida ikki yoshgacha bo‘lgan har oltinchi bola juda ochlikdan qiynalmoqda. O‘ta ochlik o‘limga yoki yosh bolalarda tiklab bo‘lmas kognitiv va jismoniy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. G‘azodagi bolalar uchun har bir daqiqa oziq-ovqat, suv va tibbiy yordamga xavfsiz ega bo‘lishda muhim rol o‘ynaydi. Bu humanitar o‘t ochishni to‘xtatishni taqozo etadi».
BMT Bolalar fondi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda G‘azoda 17 mingdan ortiq bolalar yetim qolgan. Urushning 150 kuni davomida Isroil 13 ming 430 nafar falastinlik yosh bolalarni o‘ldirgan. Shuningdek, taxminlarga ko‘ra vayron qilingan uylarning vayronalari ostida qolib o‘lib ketgan va bedarak yo‘qolgan deb hisoblanayotgan minglab falastinliklarning 70 foizi ham bolalar va ayollardan iborat.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan G‘azoning qamalini yorib o‘tishi kerakligini aytgan. U Saudiya Arabistonining Jidda shahrida o‘tgan Islom Hamkorligi Tashkiloti tashqi ishlar vazirlarining navbatdan tashqari yig‘ilishida chiqish qilib, shunday degan:
«G‘azoning qamali yorib o‘tilishi kerak va bu ishga zudlik bilan kirishish kerak. Biz barchamiz bilib turibmizki, Isroil insonparvarlik yordamidan urushdagi qurol sifatida foydalanmoqda».
HAMAS esa Isroil bilan kelishuvga faqat o‘z shartlari asosida erishish mumkinligini ta’kidlab kelmoqda. HAMAS vakili Usoma Hamdanga ko‘ra, asirlar almashinuvi bo‘yicha har qanday kelishuv o‘t ochish to‘liq to‘xtatilganidan so‘ng, shuningdek, Isroil barcha shartlarni qabul qilganidan so‘ng amalga oshiriladi.
Qizil dengizdagi vaziyat
Qizil dengiz ostidan o‘tgan, Yevropa, Afrika va Osiyoni bog‘lovchi 4 ta optik tolali internet kabellarning husiychilar tomonidan kesib tashlangan bo‘lishi global miqyosda internet uzilishiga olib keldi.
Eng yirik ijtimoiy tarmoq, provayderlar va servislar foydalanuvchilari global uzilishdan jabr ko‘rishdi: Facebook, Instagram, YouTube, WhatsApp, TikTok va ko‘plab messenjerlar ishlamay qoldi.
Uzilishning potensial sabablaridan biri Qizil dengiz ostidan o‘tgan internet magistralini chopib tashlangan bo‘lishi sanalgan. Yamanlik husiychilar kabellarni uzib tashlaganlikda gumonlanmoqda, biroq husiychilarning o‘zi bu borada bayonot bermagan. Uzilgan bo‘lishi gumon qilinayotgan kabellar hissasiga jahondagi internet trafigining 25 foizi to‘g‘ri keladi.
Husiychilar navbatdagi operatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirganini iddao qilmoqda. «Ansorulloh» harakatining harbiy vakili Yahyo Sariya Qizil dengizda Amerikaning ikkita esminets kemasiga hujum qilinganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum asnosida kemalarga qarshi ishlatiladigan raketalar va dronlardan foydanilgan.
AQSh markaziy qo‘mondonligi «Ansorulloh» kecha Shveytsariyaning konteyner tashuvchi kemasiga ikkita raketa bilan hujum qilganini ham e’lon qilgan.
CENTCOMʼning xabariga ko‘ra, alyans kuchlari husiychilarning Qizil dengizdagi harbiy va tijorat kemalariga hujum qilish uchun shay holatga keltirib qo‘yilgan ikkita kemalarga qarshi raketa tizimlarini yo‘q qilganini ham ta’kidlagan.
Ukrainadagi vaziyat
Amerikalik harbiylar Ukrainaga urushga jo‘natilmaydi. Bu haqda AQSh Milliy xavfsizlik kengashining strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ta’kidlab o‘tgan.
«Men Makronning so‘zlarini tahlil qilmayman. Uning o‘z fikrini bildirishga imkoniyati va huquqi bor. Men faqat bosh qo‘mondon prezident Bayden nomidan gapirish huquqiga egaman. U eng avvaldan buyon amerikalik qo‘shinlar Ukraina hududida jang qilmasligini aniq tushuntirib keladi», — degan Kirbi.
Yevropa Ittifoqi davlatlari Chexiyaning blokdan tashqarida Ukraina uchun 800 ming snaryad xarid qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlamoqchi. Bu haqda hafta so‘ngiga qadar Fransiya prezidenti Fransii Emmanuel Makron e’lon qilishi mumkin, deb yozadi Bloomberg.
Nashr manbalariga ko‘ra, o‘q-dorilar xaridi Yevropa Ittifoqining fondlari hisobiga emas, ittifoqqa a’zo davlatlarning ikki tomonlama badallari evaziga moliyalashtiriladi. Chexiyaning o‘zi sotib olish jarayonini o‘z gardaniga oladi.
Germaniya, Niderlandiya va Daniya, xuddi Fransiyadek Chexiyaning taklifini qo‘llab-quvvatlagan. Xususan, Niderlandiya bu maqsadda 100 mln yevro ajratishini e’lon qilgan.
Ukrainaga oid yana bir qiziq ma’lumot tarqaldi. Ukraina qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy prezidentlik saylovlari bugungi kunda o‘tkazilganda Zelenskiy ustidan ikkinchi turda g‘alaba qozonardi.
SOTsIS ijtimoiy so‘rov tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma yakunlariga ko‘ra, Zalujniy birinchi turda 41 foiz, Zelenskiy — 23,7 foiz, Poroshenko — 6,4 foiz ovoz to‘plardi. Ikkinchi turda Zalujniy 67,5 foiz ovoz Zelenskiy ustidan g‘alaba qozongan bo‘lardi.
Rossiya biznesi urush davrida
Ukrainada urush boshlangach, Rossiyadagi umumiy qiymati 1,5 mlrd dollardan oshuvchi 40 dan ortiq kompaniya Qozog‘istonga ko‘chib o‘tgan. Bu haqda Qozog‘iston milliy iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Bovurjan Xudayberganov aytgan.
Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonga yaqin orada kapitalizatsiyasi 1 mlrd dollarlik yana 37 ta kompaniya ko‘chib o‘tishi mumkin. Ayni paytda hukumat ularni relokatsiya qilish ustida ish olib bormoqda.
Vazir o‘rinbosari kompaniyalar nomini oshkor qilmagan va hukumat ularning har biri bilan shaxsan ish olib borayotganini ta’kidlagan.
Qayd etib o‘tish kerak, Rossiyada ikki yillik urush davrida 180 dan ortiq xususiy kompaniyalar davlat ixtiyoriga olib qo‘yilgan.
2022 yilning fevrali oxiridan boshlab 2023 yil so‘ngiga qadar sudlarga 40 dan ortiq milliylashtirish to‘g‘risida talab kelib tushgan va u 200 ga yaqin kompaniyalarga taalluqli bo‘lgan. Bu kompaniyalarning yig‘indi aktivlari 1 trillion rubldan ortiq yoki Rossiya yalpi ichki mahsulotining 0,6 foizini tashkil etadi.
Tadqiqotchilarning qayd etishlaricha, davlat harbiy maqsadlarda mahsulot ishlab chiqarayotgan korxonalar, shuningdek urushdan norozi bo‘lib chiqib ketgan biznesmenlarning aktivlarini davlat hisobiga o‘tkaza boshlagan.
Boykot ish bermoqda
Isroilni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan global kompaniyalarga qarshi boykot o‘z ishini bermoqda: Starbucks Yaqin Sharqda o‘z ishchilarini qisqartira boshlagan.
Yaqin Sharq davlatlarida Starbucks kompaniyasi huquqlarini tamsil etuvchi Al-Shaya Group 2000 dan ortiq ishchilarini qisqartirishini e’lon qildi. Chunki qahvaxonalar tarmog‘i G‘azodagi urush tufayli iste’molchilar boykotidan zarar ko‘rmoqda.
Yakshanba kuni boshlangan qisqartirishlar Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada 50 mingdan ortiq ishchiga ega Al-Shaya’ning 4 foiz personalini tashkil etadi.
Vaziyatdan xabardor manbalardan biri boykot kompaniya uchun murakkab savdo vaziyatini hosil qilgan.
«So‘nggi olti oyda savdodagi qiyinchiliklar tufayli biz Starbucks MENA qahvaxonalaridagi xodimlarni qisqartirish borasida juda qayg‘uli va juda qiyin qarorga keldik», — deyiladi Al-Shaya bayonotida.
Mavzuga oid
16:00
Keskinlashgan AQSh–Yevropa munosabatlari, Ispaniyada to‘qnashgan tezyurar poyezdlar va Gvatemalada 30 kunlik qamal – kun dayjesti
14:30 / 17.01.2026
5 yilga qamalgan Koreya prezidenti, G‘azodagi “Tinchlik kengashi” tarkibi va Trampning navbatdagi tahdidi - kun dayjesti
14:00 / 16.01.2026
Grenlandiyaga kelgan Yevropa harbiylari, Trampga «berilgan» Nobel va G‘azoda tuzilgan «Tinchlik kengashi» – kun dayjesti
16:05 / 15.01.2026