Jahon | 11:28 / 10.10.2024
16542
6 daqiqa o‘qiladi

Floridaga “Milton” to‘foni yetib keldi – so‘nggi tafsilotlar

“Milton” to‘foni Floridaning markaziy g‘arbiy qirg‘og‘ida quruqlikka chiqdi. Qurbonlar bor. Bayden Trampni “Milton” haqida yolg‘on tarqatishda aybladi.

Foto: Reuters

“Milton” to‘foni Floridaning markaziy g‘arbiy qirg‘og‘ida, Sarasota shahri yaqinidagi Siyesta-Ki oroli hududida quruqlikka chiqdi. Bu haqda AQSh dovullarni o‘rganish milliy markazi xabar berdi.

So‘nggi soatlarda Floridaning qirg‘oq bo‘yidagi shaharlaridan okean sathining tez ko‘tarilayotgani haqida xabarlar kela boshladi. “Milton”ning ta’sir doirasidagi ko‘plab aholi punktlari past qirg‘oqda joylashgani sababli bo‘ron ularga nafaqat kuchli shamollar, balki sunami kabi halokatli suv toshqini xavfini ham tug‘dirmoqda.

Foto: Reuters

Florida gubernatori Ron de Santis joriy vaziyat bo‘yicha brifing o‘tkazib, “Milton” qirg‘oqqa chiqqanini e’lon qildi. U dovulning asosiy zarbasidan oldin shtatda kamida 19 ta tornado qayd etilganini ma’lum qildi.

Qurbonlar qayd etildi

Floridaning sharqiy sohilidagi Sent-Lyusi okrugida halok bo‘lganlarning jasadlari topilgani ma’lum qilindi. Bu haqda CNN mahalliy sherif Kit Pirsonga tayanib xabar bermoqda.

Foto: Bloomberg

“Aniq raqamni aytmaymiz, ammo shuni ta’kidlashim mumkinki, allaqachon bir nechta marhumning jasadini topdik”, — deya uning so‘zlarini keltirdi telekanal. Shuningdek, sherif mintaqadagi yuzlab uylar “butunlay vayron bo‘lgani”ni aytdi.

Floridada yarim million iste’molchi elektr ta’minotisiz qoldi

“Milton” Floridaga asosiy zarbani bermasdan oldin, uning atrofidagi kuchli shamollar, tornado va jala butun shtat bo‘ylab yuz minglab abonentlarni elektr energiyasidan mahrum qildi.

PowerOutage.us xizmati xabar berishicha, Florida shtatining turli okruglarida 500 mingga yaqin uy va kompaniyalar elektr ta’minotidan uzilgan.

Foto: Anadolu Agency

Okean qirg‘og‘ini suv bosmoqda

CNN “Milton” yo‘lida Sharlott-Harbor hududidagi qirg‘oqni okean to‘lqinlari bosib kelayotgani aks etgan kadrlarni namoyish qildi.

Meteorologlar, “Milton” biroz zaiflashganiga qaramay, okean sohillarining ba’zi joylarida odatiy o‘rtacha darajadan 4,5 metrgacha ko‘tarilishi va aholi punktlarini suv bosishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Foto: Getty images

Bayden Tramp va uning tarafdorini “Milton” to‘foniga hukumatning munosabati haqida yolg‘on tarqatishda aybladi

AQSh prezidenti Jo Bayden prezidentlikka nomzod Donald Trampni “Milton” va “Helen” to‘fonlari munosabati bilan ko‘rilgan hukumat chora-tadbirlari haqida ahmoqona va chalkash ma’lumotlar, ochiqdan ochiq yolg‘onlar tarqatishda aybladi.

“Bunday yolg‘on amerikaliklarga mutlaqo xos emas, bunga hozir ham, umuman hech qachon o‘rin bo‘lmasligi kerak” — dedi Bayden 9 oktyabr kuni “Milton” to‘fonining Floridaga yaqinlashayotgani haqidagi matbuot anjumanida.

Baydenga ko‘ra, Tramp federal hukumat jabrlanganlarga yordam miqdorini 750 dollar bilan cheklangani, mahalliy hokimiyatlar “Helen” to‘foni ta’siriga uchragan ko‘chmas mulklarni egallab olayotgani va dovul oqibatlariga qarshi kurashish uchun ajratilgan mablag‘lar muhojirlarni qabul qilishga sarflanayotgani haqida da’vo qilmoqda.

Bayden Trampning ko‘zga ko‘ringan tarafdori, kongressmen Marjori Teylor Grinni ham tanqid qildi. Grin AQSh federal hukumati ob-havoni boshqaradi, degan da’voni ilgari surgan.

“Ob-havoni boshqarayapmizmi?! Bu hatto kulgili ham emas! Shunchalar ahmoqlikki!”, — deya ta’kidladi prezident.

Ayrim taniqli respublikachilar, Tramp va Grinning hamfikrlari ham demokrat Baydenga sirtdan qo‘shildi.

“Milton” birinchi toifaga tushdi

Amerikaning dovullarni o‘rganish milliy markazi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda “Milton” markazi Floridadagi Kanaveral burnidan 105 kilometr uzoqlikda joylashgan. Shamolning maksimal tezligi 150 km/soatni tashkil etadi.

Hozir eng kuchli yomg‘irlar bo‘ron markazidan shimoli-g‘arbda joylashgan Orlando shahri hududida yog‘moqda

Tungi soat ikkilarda Amerika dovullarni o‘rganish milliy markazi “Milton” quruqlikka chiqqandan so‘ng biroz kuchsizlanib, ikkinchi toifaga o‘tganini e’lon qilgandi.

Ikkinchi toifadagi dovulda doimiy shamol tezligi 154 dan 177 km/soatgacha bo‘ladi.

CNN xabar berishicha, AQSh Federal favqulodda vaziyatlar agentligi rahbari Diyenn Krisvell Florida aholisini boshpanalardan chiqishga shoshilmaslikka chaqirdi va to‘fon hamon o‘lim xavfini tug‘dirayotganini ta’kidladi.

Krisvellning so‘zlariga ko‘ra, Floridaning 70 mingdan ortiq aholisi hukumat tomonidan tashkil etilgan boshpanalarga evakuatsiya qilingan.

Floridaning g‘arbiy sohilidagi Sankt-Peterburg shahrida “Milton” keltirgan noqulay ob-havo paytida 400 millimetrdan ortiq yomg‘ir yog‘di. Taqqoslash uchun Londonda yiliga o‘rtacha 600 millimetrdan kam yog‘in yog‘adi.

Florida shtatining ko‘plab joylarida, shu jumladan, Sankt-Peterburgga qo‘shni Tampeda toshqin xavfi haqida takroriy ogohlantirishlar berildi.

Mavzuga oid