Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mubashshir Ahmad 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi
Mubashshir Ahmad so‘nggi so‘zida asosiy 2 ta ayblovni rad qildi va sudyadan adolatli hukm chiqarishini so‘radi. Sudya Bobur Rahimov diniy ulamoni tergov organi qo‘ygan uchala modda (diniy mazmundagi materiallarni tarqatish, jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallar tarqatish va milliy-etnik adovat qo‘zg‘atish) bo‘yicha ham aybdor deb topdi.
8 oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo Alisher Tursunov ishi yuzasidan so‘ngi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda sud majlisida bevosita qatnashgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Sudda dastlab Mubashshir Ahmadning o‘ziga so‘ngi so‘z berildi. U faoliyati davomida yoshlarning diniy ilmini oshirish maqsadida xolis ma’lumotlar tarqatgani, niyati doim yaxshilik bo‘lganini aytdi.
U o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha: diniy materiallarni diniy qo‘mita ruxsatisiz tarqatganini yana bir bor tasdiqladi va buni jismonan O‘zbekiston hududida bo‘lmagani bilan izohladi. Qolgan moddalar bo‘yicha esa aybdor emasligini, bu tergovda ham, sud majlislarida ham o‘z isbotini topmaganini bildirdi.
Shuningdek, Mubashshir Ahmad sudyadan hukm chiqarishda – 21 yildan buyon qand kasali bilan og‘rishi, oilaviy ahvoli, boshlab qo‘ygan ko‘plab ilmiy faoliyat va tarjima bilan bog‘liq ishlari borligini hisobga olishni hamda adolatli hukm chiqarishini so‘radi.
Shundan so‘ng, sudya Bobur Rahimov maslahat uchun xonaga kirdi. 1 soatdan ko‘proq muddatdan so‘ng maslahatdan chiqqan sudya diniy ulamoga tergov organlari qo‘ygan uchta modda bo‘yicha ayblovning barchasini asosli deb topdi. Xususan, Mubashshir Ahmadga:
- JKning 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) bilan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish,
- JKning 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish,
- JKning 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan ish haqining 20 foizini ushlab qolgan holda 6 oylik axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.
Jazolarni qo‘shish yo‘li bilan, sudlanuvchi uzil-kesil 2 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi va 2025 yil 11 maydan boshlab hisoblanishi ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, sud hukmi bilan ulamoga tegishli ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar o‘chirilishi yoki bloklanishi belgilandi.
Majlis yakunida sudya — hukm chiqarishda yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olib, tegishli moddalarning sanksiyasida ko‘rsatilganidan ham kamroq muddatlar belgilaganini ta’kidlab o‘tdi.
Tomonlarga sud hukmidan norozi bo‘lsa, 10 kun ichida apellatsiya tartibida, hukm kuchga kirgach kassatsiya tartibida yuqori turuvchi sudga shikoyat qilishi mumkinligi tushuntirildi. Sud majlisi, davlat ayblovchisi – prokuror Erkin Narzullayev kelmadi.
Kun.uz bilan gaplashgan advokatlar jamoasiga ko‘ra, sud hukmidan shikoyat berish masalasi diniy ulamoning o‘zi bilan alohida muhokama qilinadi va e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 18 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi sud majlisida davlat qoralovchisi — Uchtepa tumani prokurori o‘rinbosari Erkin Narzullayev suddan Mubashshir Ahmadni Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bo‘yicha aybdor, deb topishni so‘ragandi. Xususan, prokuror Mubashshir Ahmadga «o‘zaro sanksiyalarni qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish» va «BHMning 150 barobari miqdorida jarima» qo‘llashni so‘ragan.
Advokatlar guruhi esa Alisher Tursunovdan 2 ta modda bo‘yicha ayblovlarini olib tashlashni, yana bittasini bekor qilishni so‘ragan.
Sud majlislari jamoatchilik uchun ochiq o‘tdi. Lekin prokurorning iltimosiga asosan majlisda audio va foto-videolarni yozib olishni taqiqlandi. Shu sababli OAVlar sud jarayonini to‘liq video va foto tasvirlarda olib, yorita olmadi.
51 yoshli ulamo – ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmenti faollaridan biri. U O‘zbekistonda bir necha yil faoliyat yuritgan Azon.uz va Azon TV kabi ma’rifiy loyihalar hamda bir nechta diniy kitoblar muallifi hisoblanadi.
Mubashshir Ahmad bir necha yildan buyon Turkiyada istiqomat qilayotgan edi. 2025 yil 8 may kuni Istanbulda qo‘lga olinib, 10 may kuni O‘zbekistonga olib kelingan.
Mavzuga oid
16:31 / 22.10.2025
«Mubashshir Ahmad sud hukmi ustidan shikoyat bermaslikka qaror qildi» – advokat
14:06 / 09.10.2025
«Odamlar o‘rtasida adolat bilan hukm qiling!» - Mubashshir Ahmadning suddagi so‘nggi nutqi
12:55 / 02.10.2025
«Siyosiy sabab emas» – Mubashshir Ahmad ishi bo‘yicha sud majlisi uchinchi marta qoldirildi
11:48 / 29.09.2025