O‘zbekiston | 19:24 / 17.02.2026
27183
17 daqiqa o‘qiladi

OKMKning 200 mln dollarlik tenderlari: g‘oliblar bir-biriga aloqadormi?

Surishtiruvchi jurnalistlar xalqaro konsorsiumi (OCCRP) Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining oxirgi 3 yildagi 200 mln dollardan ortiq qiymatdagi tenderlarini o‘rgandi. Surishtiruv xulosasiga ko‘ra, garchi g‘olib kompaniyalar dunyoning turli chekkalarida: Britaniya, Gruziya va Singapurda joylashgan bo‘lsa ham, ularning barchasi bitta shaxs – O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi sobiq vitse-prezidentiga aloqador bo‘lishi mumkin.

Olmaliqdagi kon / Foto: Fabian Sommer / dpa / dpa Picture-Alliance via AFP

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati oxirgi 3 yil ichida 10 ta xorijiy kompaniya bilan tuzgan, umumiy qiymati 200 mln dollardan ortiq bo‘lgan shartnomalar – xalqaro surishtiruvchi jurnalistlarning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya haqida xabar berish loyihasi (OCCRP) nazariga tushdi.

Surishtiruvchi jurnalistlarga ko‘ra, garchi bu 10 ta kompaniya dunyoning turli davlatlari – Buyuk Britaniya, Gurjiston va Singapurda joylashgan bo‘lsa-da, ularning barchasi bitta shaxs – O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasining sobiq vitse-prezidenti Grigoriy Xvan bilan aloqador bo‘lishi mumkin.

OKMK bu kompaniyalarga mijoz bo‘larkan, ulardan uskunalar va xomashyo materiallarini sotib olgan. Surishtiruvda bu kompaniyalarning tog‘-kon sanoati korxonalari uchun ta’minotchi bo‘lishda tajribasi bor-yo‘qligi shubha ostiga olinadi.

Ta’kidlanishicha, Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan ikkita firma rasman “faoliyat ko‘rsatmayotgan” statusda bo‘lgan davrda ham OKMKdan o‘nlab million dollarlik buyurtmalarni olavergan.

Bu kompaniyalarning OKMK bilan umumiy qiymati 7 mln dollarlik boshqa shartnomalarida elektron imzosi qo‘yilgan shaxslar bu hujjatlarga imzo chekkanini rad etib, kelishuvlarda umuman ishtirok etmaganini bildirgan.

Surishtiruvchi jurnalistlar bu kompaniyalarga benefitsiar egasi kimligini so‘rab murojaat qilganidan keyin, ayrimlari tegishli korporativ hujjatlariga o‘zgarishlar kiritgan. OKMK va ta’minotchilar OCCRP yo‘llagan savollarni javobsiz qoldirgan.

OKMK – qisman xususiylashtirish ko‘zda tutilgan strategik davlat korxonalaridan biri. Kompaniya 2025 yil 4-choragida xalqaro fond bozorida 5 foizgacha aksiyalarining birlamchi taklifini o‘tkazishi (IPO) ko‘zda tutilgandi.

Britaniyadagi “faoliyat yuritmayotgan” kompaniyalar

2018 yilda Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan Lemixton Solutions 2022 yildan buyon OKMKning kamida 56 ta tenderida g‘olib chiqib, 22,5 million dollarlik ortiq qiymatdagi shartnomalarni qo‘lga kiritgan. Vaholanki, u 2021 yildan beri rasmiy hisobotlarda o‘zini “nofaol” holatda ekanini ko‘rsatib kelgan. Britaniya qonunchiligiga ko‘ra, “nofaol” maqomidagi kompaniya uzrli sababsiz tijorat faoliyati bilan shug‘ullanishi, shartnomalar tuzishi yoki moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishi man etiladi.

Atigi bitta xodimi bor, rasmiy veb-sayti yo‘q va O‘zbekistonda aniqlangan ofisi mavjud bo‘lmagan Lemixton 2022 yildan boshlab OKMK tenderlarida tez-tez g‘olib bo‘lgan va po‘lat quvurlar, alyuminiy listlar hamda boshqa mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni qo‘lga kiritgan. Import-eksport ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha yildan boshlab kompaniya “nofaol” maqomiga qaramay OKMK manziliga o‘nlab marta jo‘natmalar yuborgan.

Bu davr mobaynida Lemixton’ning rasmiy egasi sifatida 71 yoshli britaniyalik buxgalter Uendi Meri Enn Konroy ko‘rsatilgan. Lekin 2025 yil 2 dekabr kuni surishtiruvchi jurnalistlar kompaniyaga aloqaga chiqqanidan keyin, firma korporativ hujjatlariga orqa sana bilan “g‘alati va shoshilinch” o‘zgarishlar kirita boshlagan. Buyuk Britaniya kompaniyalar reyestri – Companies House'da firma egasi qisqa vaqt ichida bir necha bor almashtirilishi kuzatilgan.

Xususan, 2 dekabr kuniyoq Konroy Lemixton'da “katta nazoratga ega shaxs” (person with significant control) maqomidan chiqariladi. Uch kundan keyin joylashtirilgan yangi hujjatlarda 61 yoshli tadbirkor, O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasining sobiq vitse-prezidenti Grigoriy Xvan aslida 2018 yil 20 noyabrdan buyon kompaniya egasi bo‘lib kelgani keltiriladi. Biroq Xvanning davlat reyestridagi “faoliyati” uzoq davom etmaydi: 2026 yil yanvar oyi boshida Lemixton yangi bildirishnoma topshirib, Xvanning kompaniya ustidan nazorati boshlangan kuniyoq (2018 yil 2 dekabrda) tugaganini ma’lum qiladi. Uning o‘rniga Kolumbiya fuqarosi Felipe Guerrero kompaniyaning yangi “katta nazoratga ega shaxsi” sifatida ko‘rsatiladi. U ham o‘sha sanadan – 2018 yil 2 dekabrdan beri Lemixton Solutions'ning egasi bo‘lib kelayotgani ko‘rsatiladi.

Shunga o‘xshash holat boshqa bir britan firmasi – Golders Business bilan ham kuzatiladi. Kompaniya OKMKning kamida 13 million dollarlik tenderlarini yutgan va 100 martadan ortiq yuk yetkazib bergan bo‘lsa-da, moliyaviy hisobotlarda o‘zini “nofaol” deb ko‘rsatgan.

2018 yilda firma “rasman ro‘yxatdan o‘tishi shart bo‘lgan shaxs yo‘q” deya hisobot beradi. Bu kompaniyada sezilarli nazoratga ega shaxs mavjud emasligini anglatadi. Bu maqom Uendi Konroyning o‘g‘li Maykl Konroy tomonidan boshqariladigan ATC Nominees Limited firmasi Golders'ning kotibi bo‘lib ishlagan davrda saqlanib qoladi. Ammo Lemixton bilan bo‘lgani kabi, 2025 yil dekabr oyi boshida dastlabki bayonot bekor qilinib, Xvan 2018 yil 1 avgustdan buyon firmada nazorat qiluvchi shaxs bo‘lgani ko‘rsatiladi. 2026 yil yanvar oyi boshida bu ma’lumot yana o‘zgartirilib, Xvanning nazorati 2018 yil avgust oyidayoq tugagani qayd etiladi. Uning o‘rniga yana o‘sha Guerrero 2018 yil 30 noyabrdan buyon kompaniya nazoratchisi sifatida orqa sana bilan kiritiladi.

MoreGroup direktori: “Ularning ortida bitta odam turadi”

Korporativ hujjatlar va moliyaviy yozuvlar Lemixton hamda Golders kompaniyalari Maykl Konroyga tegishli britan firmasi – MoreGroup tomonidan boshqarilganini ko‘rsatadi. MoreGroup ikkala kompaniyada rasmiy buxgalter sifatida ko‘rsatilgan, MoreGroup xodimlari Lemixton va Golders'ning mansabdor shaxslari bo‘lib ishlagan. MoreGroup'ning mijozlar bilan ishlash bo‘yicha direktori Jyeymi Barkli – Finance Uncovered (surishtiruvga hammuallif bo‘lgan guruh)ga bergan izohiga ko‘ra, Uendi Konroy Lemixton'da “muhim nazoratga ega shaxs” sifatida ko‘rsatilmasligi kerak bo‘lgan va bu borada “ichki tekshiruv” olib borilmoqda.

Barklining aytishicha, Lemixton, Golders va yana bir britan shirkati Alrick Solutions uchalasining ortida “bitta odam” turadi. U bu haqda surishtiruvchilarga aytganidan bir kun o‘tib, 2025 yil 5 dekabrda Grigoriy Xvan ana shu uchala kompaniyada ham “katta nazoratga ega shaxs” sifatida ko‘rsatiladi.

MoreGroup buxgalterlik firmasi surishtiruvchi jurnalistlarning boshqa savollariga aniq javob bermagan va “aytilgan ma’lumotlar hamda so‘ralayotgan hujjatlarga kompaniyaning hech qanday aloqasi yo‘qligi”ni bildirgan.

Buyuk Britaniya reyestrida Lemixton va Golders yana ikki kompaniya – Britaniyada joylashgan Alrick Solutions va Kanadadagi Hightron Logistics bilan “umumiy nazorat ostida” ekani ko‘rsatilgan. Bu firmalar o‘zaro yaqin moliyaviy aloqalarga ega bo‘lib, ular o‘rtasida kompaniyalararo qarzlar almashilgan.

Jurnalistlarning dekabr oyidagi murojaatidan keyin Lemixton va Golders'dagi sxemaga o‘xshash tarzda, Grigoriy Xvan Alrick'ning ham “muhim nazoratga ega shaxsi” sifatida orqa sana bilan qayd etiladi. Hightron'ning egalik zanjiri esa Karib dengizida joylashgan ofshor hudud – Nevis oroliga borib taqaladi.

Kanada korporativ qaydnomalariga ko‘ra, O‘zbekistonga yuk jo‘natgan Hightron rasman Nevisda joylashgan ikki kompaniya – Tallberg Ltd va Uniwell Inc'ga tegishli. Bu ikki firma Buyuk Britaniya, Kanada va boshqa davlatlardagi yuzlab kompaniyalarda aksiyador yoki mansabdor shaxs sifatida ko‘rsatilgan.

Hujjatlarni kim imzolagan?

Ikki britan firmasining egalik va operatsion yopiq­ligi ularning OKMK bilan tuzgan shartnomalarida ham aks etgan. OCCRP ko‘rib chiqqan kamida 13 ta shartnomada MoreGroup'ning amaldagi va sobiq xodimlarining elektron imzolari mavjud. Lemixton va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati o‘rtasidagi jami 6,2 million dollarlik 7 ta shartnomada Uendi Konroyning imzo nusxasi (faksimile)ni ko‘rish mumkin.

Eng so‘nggi shartnoma 2025 yil 5 dekabr sanasi bilan rasmiylashtirilgan bo‘lib, bundan uch kun oldin buxgalter Uendi Konroy Lemixton'ning “muhim nazoratga ega shaxsi” maqomidan chiqarilgan. MoreGroup vakili Jyeymi Barkli Finance Uncovered'ga bu shartnomalarni “100 foiz Konroy imzolamagani”ni aytgan.

Shuningdek, Golders va OKMK o‘rtasidagi jami 1,4 million dollarlik 6 ta shartnomada MoreGroup'ning sobiq xodimi Ruairi Laflin-Makkanning imzosiga o‘xshash faksimile mavjud. Laflin-Makkann OCCRP'ga u besh yildan beri Golders bilan aloqasi yo‘qligini va shartnomalarni “mutlaqo imzolamagani”ni bildirgan. Hujjatlardan birida u 2025 yil 25 noyabr holatiga ko‘ra Golders direktori sifatida ko‘rsatilgan.

Laflin-Makkann holat yuzasidan London shahri politsiyasi va Buyuk Britaniyaning Jiddiy firibgarliklarga qarshi kurash idorasiga murojaat qilganini aytgan. Serious Fraud Office surishtiruv chop etilgunga qadar qadar izoh bermagan, London shahri politsiyasi esa ma’lumot maxfiyligini sabab qilib, ariza berilgan-berilmaganini tasdiqlay olmasligini bildirgan.

MoreGroup OKMK bilan shartnomalarda Lemixton va Golders'ning rasmiy muhrlari bosilgani (izoh: muhr boshqaruvchida bo‘ladi) va imzolar soxta bo‘lishi mumkinligi haqidagi savollarga javob bermagan.

Gruziyadagi “raqobatchilar”

OCCRP surishtiruvni davom ettirarkan, Grigoriy Xvan va Felipe Guerreroning 2025 yil dekabr oyida Britaniya korporativ reyestriga qo‘shilishi jurnalistlarga yangi imkoniyatlar eshigini ochadi: ular endi Britaniyadagi firmalarni minglab kilometr sharqda joylashgan, OKMK tenderlarida o‘nlab million dollar yutgan boshqa noma’lum kompaniyalar bilan ham bog‘lay olgan.

Xususan, Gruziyada ro‘yxatda o‘tgan, OKMK tenderlarida britan firmalari bilan raqobatlashgan kompaniyalar surishtiruvchilar e’tiborini tortgan. Bunda, eng yirik g‘oliblar – LOSBP va Prof Engineering firmalari bo‘lib, bu ikki kompaniya 2022 yildan buyon tenderlarda yutish orqali OKMKdan jami 68,45 million dollarlik buyurtmalarni qo‘lga kiritgan. Ularning egasi esa Britaniyadagi “raqobatchilari” bilan shaxsiy aloqalarga egaligini ko‘rsatuvchi holatlar bor.

Hujjatlarda LOSBP va Prof Engineering'ning egasi sifatida qayd etilgan shaxs – Janubiy Koreya fuqarosi, O‘zbekiston bilan aloqalarga ega 41 yoshli Polina Ostanova. Seulda yashovchi Ostanova tibbiy koordinator sifatida ishlagan va tibbiy turizm kompaniyasini tashkil etishda qatnashgan. Uning kasbiy faoliyatida konchilik yoki yirik sanoat eksporti bilan bog‘liq tajribasi borligi aniqlanmagan.

2025 yil fevral oyida Ostanova beshta gruzin kompaniyasini, jumladan, LOSBP va Prof Engineering'ni Qozog‘iston fuqarosi Rahat Nauruzbekovdan sotib olgan.

Nauruzbekov Prof Engineering va yana ikki kompaniyani 2018–2022 yillar oralig‘ida tashkil qilgan, shu davrda LOSBP va yana ikkita gruzin firmasining yakuniy egasiga aylangan. Beshinchi firmani esa atigi 35 dollarga sotib olgan.

Gruziya korporativ reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Ostanova 2025 yil fevralida bu beshala kompaniyani bir kunning o‘zida taxminan 350 dollarga xarid qiladi. Sotib olish vaqtida bu firmalardan ikkitasi allaqachon OKMK tenderlarida jami 65,9 million dollarlik shartnomalarni yutib bo‘lgan edi.

65,9 mln dollarlik shartnomalarga ega kompaniyalarning bir necha yuz dollarga sotilgani – diqqatga sazovor.

OSSRP jurnalistlarining qayd etishicha, xuddi Britaniyada bo‘lgani kabi, beshta gruzin kompaniyasining barchasi kamida oxirgi 2 yil davomida “nofaol” holatda bo‘lgan va Gruziya hukumatiga yillik moliyaviy hisobotlarini taqdim etmagan.

Bir qarashda, Gruziyadagi firmalar bilan Britaniyadagi kompaniyalar o‘rtasida hech qanday aloqa yo‘qdek ko‘rinadi. Biroq Ostanovaning Instagram sahifasini tahlil qilgan jurnalistlar u Felipe Guerrero bilan shaxsiy aloqalarga egaligini ko‘rsatuvchi dalillarni aniqlagan:

  • tarmoqqa Ostanovaning do‘sti joylagan bir videoda Ostanova va Guerrero Samarqand shahrida birga sayr qilayotgani aks etgan;
  • Ostanova Janubiy Koreyadagi Unicos Cars nomli avtosalonning Instagram'dagi ko‘plab postlariga layk bosgan, bu avtosalonning sahifasida Guerreroning telefon raqami kontakt sifatida ko‘rsatilgan;
  • Koreyada go‘zallik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi bir firma Ostanova va Guerreroni o‘z vakillari sifatida taqdim etgan.

Surishtiruvchilarga ko‘ra, Polina Ostanova nafaqat Felipe Guerrero, balki Grigoriy Xvan bilan ham tanish bo‘lishi mumkin: tarmoqqa Xvanning qallig‘i joylagan postlarga Ostanova “layk” bosgan.

Ostanova va Xvan jurnalistlarning so‘rovlariga javob bermagan. Guerrero esa telefon orqali muloqotda ayni paytda Ostanova bilan aloqada emasligini aytib, Britaniyadagi ikkita kompaniya haqidagi savollarga izoh berishdan bosh tortgan.

OSSRP, shuningdek, LOSBP va Prof Engineering kompaniyalari OKMKning o‘nlab million dollarlik tenderlarini qanday yutgani haqida izoh olish uchun Nauruzbekov bilan ham bog‘langan, lekin material e’lon qilingunga qadar u ham javob bermagan.

Singapurdagi aloqalar

So‘nggi uch yil ichida Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan uchta kompaniya – Polisteel Solutions Pte Ltd, Ventopro Pte Ltd va Mek Industrial Technology Pte Ltd OKMKning jami 102,9 million dollarlik tenderlarida g‘olib bo‘ladi. Bu kompaniyalarning rasmiy egasi sifatida Janubiy Koreya fuqarosi Sedong Choy ko‘rsatilgan.

OSSRP ko‘rib chiqqan ochiq manbalar bu uchta kompaniya Karib dengizidagi firmalar orqali Grigoriy Xvanga bog‘langan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Xitoyning Denair kompaniyasi 2025 yil uchun tayyorlagan moliyaviy hisobotida Mek Industrial Technology (OKMK tenderida 7,1 mln dollarlik buyurtmani qo‘lga kiritgan firma)ni nazorat qiluvchi shaxs Baham orollaridagi Colcot Company Ltd firmasini ham nazorat qilishi, bu yerda Xvan direktor bo‘lib ishlaganini qayd etgan. Keyinchalik Denair ushbu ma’lumotga tuzatish kiritib, bunday xulosa bu ikki firma bilan aynan bir vakil orqali ishlangani sababli chiqarilganini va haqiqiy manfaatdor egalik haqida ma’lumotga ega emasligini bildiradi.

OSSRP Colcot'ning yakuniy egasini aniqlay olmagan, biroq shunisi ma’lumki, ko‘chmas mulk hujjatlariga ko‘ra, Colcot 2024 yil mart oyida Manhettenda 4,4 million dollarlik kvartira sotib olgan va bitimga Xvanning o‘g‘li Aleksey imzo chekkan.

Singapurdagi uchta kompaniya nomidan izoh bergan advokat Mark Ludvikovski bu firmalar Colcot yoki uning manfaatdor egalari tomonidan nazorat qilinmasligi va Xvan ularning hech birida rasmiy yoki norasmiy rol o‘ynamasligini bildirgan.

Aleksey Xvandan izoh so‘ralganda, u jurnalistga “boshqa Alekseyga qo‘ng‘iroq qilyapsiz”, deya javob qaytargan. Otangiz Grigoriy Xvanmi degan savolga esa biroz sukutdan so‘ng: “Yo‘q, u emas. Qaysi Grigoriy?” deya javob bergan. Grigoriy Xvan ham, Singapur kompaniyalarining rasmiy aksiyadori Sedong Choy ham yozma so‘rovlarga javob bermagan.

O‘z navbatida, OKMK ham o‘zi o‘tkazgan tenderlarda g‘olib kompaniyalar tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilgan yoki bajarilmagani haqidagi savollarga oydinlik kiritmagan.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров

Mavzuga oid