O‘zbekiston | 17:35 / 29.07.2021
6938
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda o‘quvchilarga sinfxona yetishmaydigan maktab direktori uning bir qismini ijaraga berib yuborgani ma'lum bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi tumanida joylashgan 6-maktabdagi holat haqida xabarlar tarqaldi. Unga ko‘ra, mazkur maktabda o‘quvchilarga sinfxona yetishmaydi. Maktab direktori esa ana shunday holatda uning bir qismini tadbirkorga ijaraga berib yuborgan. Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi mazkur xabar bo‘yicha munosabat bildirdi

Munosabatda ma'lum qilinishicha, Qarshi tumani «Saroy» MFY hududida joylashgan 6-maktabi 2 ta binodan iborat. 1-bino 1989 yilda, 2-bino 2018 yilda qurilgan. Maktabning quvvati 1060 o‘rinli bo‘lib, bugungi kunda maktabda 1951 nafar o‘quvchi ta'lim olmoqda. Maktabning navbatlilik koeffitsiyenti 1,84 ni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, 2021 yil 1 iyun kuni maktab ma'muriyati va tadbirkor B. R. o‘rtasida №1-sonli ikki tomonlama shartnoma tuzilgan. Shartnomada, tadbirkor maktab o‘quv binosidagi 389,4 metr kvadrat joydan ijaraga foydalanishi ko‘zda tutilgan.

Qarshi tuman xalq ta'limi bo‘limi tomonidan o‘rganish jarayonida maktab direktori va tadbirkor prezidentning «Xalq ta'limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018 yil 5 sentyabrdagi PQ-3931-sonli qarorining 10-bandi buzilgani aniqlangan. Qarorda maktab va undan tashqari muassasalarning yer uchastkalari va ko‘chmas mulkini Xalq ta'limi vaziri bilan kelishmasdan begonalashtirish ta'qiqlangan. Tuman XTB bu to‘g‘risida tadbirkor va direktorni ogohlantirgan hamda maktab binosida olib borilayotgan ta'mirlash ishlari to‘xtatilgan.

Ta'kidlanishicha, hozirgi kunda ushbu maktab quvvati yuqoriligi sababli 2021 yil «Obod qishloq» dasturi doirasida «Saroy» MFY hududida alohida qo‘shimcha 420 o‘rinli bino quriladi. 6-maktabdagi mavjud 640 o‘rinli binoda mukammal ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев

Mavzuga oid