O‘zbekiston | 13:08 / 21.12.2020
4479
4 daqiqa o‘qiladi

«Tadbirkorga sotilgan yer auksionga noto‘g‘ri chiqarilgan». Qashqadaryo viloyat kadastr boshqarmasi Kun.uz’da berilgan maqolaga munosabat bildirdi

Joriy yil 17 dekabr kuni Kun.uz’da «Yakkabog‘da nega yo‘lning himoya maydoniga kiruvchi joy auksionga chiqarib yuborildi» sarlavhasi bilan maqola e'lon qilingan edi. Unda, tumandagi «Madaniyat» mahalla fuqarolar yig‘ini Qo‘tonboy qishlog‘ida joylashgan 51-maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasidagi joy qonunlarga zid ravishda auksionga chiqarib yuborilgani yoritilgan edi.

Bugun, Kadastr agentligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi maqola yuzasidan munosabat bildirdi. Munosabatda 51-maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasidagi joy auksionga noto‘g‘ri chiqarilgani va yerni sotib olgan tadbirkorga shu qishloqdan boshqa yer ajratish haqida tuman hokimiyati hamda sektor rahbariga so‘rovnoma kiritilgani haqida ma'lum qilingan.

«Kun.uz saytida e'lon qilingan maqola yuzasidan quyidagilarni ma'lum qilamiz. Maqolada ko‘rsatilgan mazkur yer uchastkasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 dekabrdagi 1023-sonli qaroriga asosan tasdiqlangan «Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun bo‘sh turgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali berish tartibi to‘g‘risida»gi nizomining 10-bandiga ko‘ra, 2020 yil 5 may kunida novvoyxona binosini qurish uchun bo‘sh turgan 0,0094 gektar yer uchaskasining taklifi berilgan.

Taklifga ko‘ra, yer nizomda ko‘rsatilgan tegishli idoralar va vakolatli organlar tomonidan ijobiy xulosalari to‘planib, tizim orqali elektron-onlayn auksion savdosiga chiqarilgan. Fuqaro Q.N. 2020 yil 17 iyuldagi elektron-onlayn auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnomaga asosan auksion g‘olibi deb topilgan.

Hozirda ushbu yer maydonida qurilish ishlarini amalga oshirish maqsadga muvofiq emasligi aniqlangan.

Bunga sabab, ushbu auksion savdosiga qo‘yilgan novvoyxona binosi qurish uchun ajratilayotgan yer maydoni maktab yonida joylashgan, shaharsozlik normalariga to‘g‘ri kelmaydi hamda yo‘lning himoya qismida joylashgan.

Ayni paytda holat yuzasidan tuman hokimiga va Qo‘tonboy qishlog‘i joylashgan sektorga rahbarlik qiladigan IIB boshlig‘iga 51-maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasida joylashgan yer qonunlarga zid ravishda auksionga chiqarilganligi va auksion g‘olibiga «Madaniyat» MFY Qo‘tonboy qishlog‘ining boshqa qismidan yer ajratib berilishi lozimligi haqida so‘rovnoma kiritilgan.

Aytish kerakki, kadastr muhandisi bo‘sh yer maydonlarini aniqlaydi va xulosalar olish uchun uni tegishli tashkilotlarga yuboradi. Bo‘sh yer uchastkasi bo‘yicha ijobiy xulosalar olinsa, shundan keyingina u yer auksionga yuboriladi. Agar bo‘sh yer uchastkasiga rad xulosasi berilsa, u auksionga yuborilmaydi.

Aniqlangan bo‘sh yer uchastkasiga ijobiy yoki salbiy xulosa berish, shuningdek, auksionda sotib olingan yer uchastkasida qurilish ishlarini boshlashga ruxsat berish Kadastr tashkilotlarining vakolatiga kirmaydi», deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid