Yakkabog‘ tumani Madaniyat mahalla fuqarolar yig‘ini Qo‘tonboy qishlog‘ida joylashgan 51-maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasi auksionga chiqarilib, sotib yuborilgan. Ma'lum bo‘lishicha bu joy yo‘lning xavfsizlik mintaqasi (qizil chiziqqacha bo‘lgan masofa) doirasiga kiradi. Qolaversa, agar bu joyda qurilish qilinadigan bo‘lsa, unda maktab oldidagi piyodalar yo‘lakchasi o‘rni to‘silib qoladi.

Kun.uz`ga navbatdagi murojaat Yakkabog‘ tuman «Madaniyat» MFY, Qo‘tonboy qishlog‘i aholisidan yo‘llandi. Unda ma'lum qilinishicha, tuman mutasaddilari tomonidan shu qishloqda joylashgan 51-maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasidagi joy qonunga zid tarzda auksionda sotib yuborilgan. 

«Tadbirkorga sotib yuborilgan yer maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasidagi piyodalar yo‘lakchasining o‘rni hisoblanadi. Agar mazkur yerni sotib olgan tadbirkor qurilish qilsa, keyin nafaqat maktab o‘quvchilari, balki bu yerdan o‘tib qaytayotgan qishloq ahli ham ko‘chadan yurishga majbur bo‘ladi. Bundan tashqari, mazkur yer yo‘lning qizil chizig‘ida joylashgan», — deyiladi murojaatda.

Mazkur murojaat yuzasidan eng avval tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi rahbari Qahramon Mahkamovdan izoh so‘radik va 51-maktab oldidagi yo‘l hamda uning himoya hududi haqida ma'lumot oldik. Uning ma'lum qilishicha, 51-maktab yonidan o‘tgan yo‘l ichki xo‘jalik yo‘li sifatida 5-toifaga kiradi. Vazirlar Mahkamasining 342-qaroriga ko‘ra bunday toifadagi yo‘llarning himoya maydoni (qizil chiziq) yo‘l o‘rtasidan hisoblanganda 15 metr bo‘lishi belgilangan. Murojaatchilar esa yo‘lning o‘rtasidan maktab hududini o‘rab turgan panjaragacha 15 metr chiqmasligini ma'lum qilishgan.

51-maktab hududiga tutash yo‘l yoqasidagi joy qaysi tashkilot tomonidan auksionga chiqarilgani xususida surishtiruvni davom ettirib, Viloyat «Yermulkkadastr» D.K. Yakkabog‘ filiali rahbari Uyg‘un Turdiyev bilan bog‘landik.

Uning aytishicha auksionga chiqariladigan yer maydonlari haqida tuman kadastr bo‘limi tomonidan taklif beriladi. O‘ndan ortiq tegishli soha mutaxassislari unga o‘z xulosasini beradi va shundan so‘ng yer auksionga chiqariladi. Mabodo bitta tashkilot rad etish haqida xulosa bersa ham o‘sha yer auksionga chiqarilmaydi. 51-maktab hududiga tutash ko‘cha yoqasidagi yer maydoniga hech bir tegishli soha rad etish xulosasini bermagan va u auksionga chiqarilgan.