Jahon | 13:47 / 10.10.2024
5973
10 daqiqa o‘qiladi

Qamal qilinayotgan Jabaliya, Yahyo Sinvarning buyrug‘i va keyinroqqa qoldirilgan «Ramshtayn» - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil armiyasining G‘azoga hujumlari qaytaladi. Sektorning shimolidagi Jabaliya mavzesida joylashgan Al-Yaman as-Said shifoxonasi yaqinidagi otishmalarda 16 nafar falastinlik o‘ldirilgan.

Shifoxona direktori Kamol Advan Husam Abu Safiyaning ma’lum qilishicha, 16 nafar halok bo‘lganlar ichida ayollar va yosh bolalar ham bor. Ularning ko‘pchiligi tiriklay yonib ketgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan tasvirlardan ko‘rinishicha, shifoxona yaqinidagi qochqinlarning chodirlariga ham zarar yetgan. Shu sabab ayollar va yosh bolalar ham yonib ketgan.

G‘azo sektori shimoliy qismining Isroil tomonidan okkupatsiya qilinishi to‘rt maqsadni ko‘zlaydi, deb yozmoqda Isroil ommaviy axborot vositalari.

Ko‘zlangan maqsadlarga ko‘ra, Isroil HAMAS jangchilarini qurshab olish, infratuzilmani vayron qilish, hududdan turib raketa uchirilishiga chek qo‘yish, shuningdek Isroil bilan chegaralarga chiqishga monelik qilishni ko‘zlamoqda.

WALA yangiliklar saytining ma’lum qilishicha, Isroil armiyasi janubiy qo‘mondonligining brigada generali Itsik Koen qo‘mondonligi ostidagi 162-diviziyasi uzoq muddatda G‘azo sektori shimolidagi Jabaliya mavzesida keng ko‘lamni operatsiya o‘tkazishni mo‘ljallamoqda.

Hujumlar nafaqat G‘azo sektorida, Falastinning O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilidagi qismida ham davom etmoqda. HAMAS qarshilik harakati esa chorshanba kuni Isroil maxsus kuchlari tomonidan G‘arbiy sohilda joylashgan Nablus shahrida o‘tkazilgan operatsiya «Okkupatsiyaning terroristik tarixini davom ettiruvchi shafqatsiz jinoyat» ekanini ta’kidlagan.

HAMAS Nablusdagi falastinliklarning o‘limi yuzasidan ta’ziya bildirdi va G‘arbiy sohildagi qarshiliklar repressiyalarga qaramasdan qarshilik harakati so‘nmasligini bildirgan. Tashkilot maqsadli qotilliklar siyosati Falastin xalqining kurashga bo‘lgan irodasini sindira olmasligi va qat’iyatini so‘ndirmasligini ta’kidlagan.

HAMAS shuningdek G‘arbiy sohildagi falastinliklarni ommaviy namoyishlarga, Isroil okkupatsiyasiga qarshi turishni faollashtirishga, barcha hududlardagi majburiy ko‘chirilganlarni o‘z yerlarini va muqaddas manzilgohlarini himoya qilishga chaqirgan.

Yahyo Sinvarning buyrug‘i

Anchadan buyon daragi chiqmay ketgan HAMAS yetakchisi Yahyo Sinvar Isroilda terrorchilik aktlari sodir etishga buyruq bergan.

Ismoil Haniya Tehronda o‘ldirilgach Yahyo Sinvar HAMASda yetakchi rolga chiqib qolgan. Wall Street Journal va Times of Israel nashrlari arab maxsus xizmatlarining nomini oshkor etmagan xodimlariga tayanib, Yahyo Sinvar HAMAS yetakchilariga shu yilning iyul oyida Haniyaning o‘limidan so‘ng darhol Isroilda turli terrorchilik aktlari uyushtirishga buyruq berganini yozmoqda.

Biroq, HAMASning yuqori martabali a’zolari Sinvarning buyruqlarini bajarishga shoshilmayapti, chunki Isroil razvedkasi rejalashtirilgan terrorchilik harakatlariga qarshi samarali kurashmoqda, deb yozilgan maqolada.

Maqolada shuningdek, Sinvar «Isroilning irodasini bukish uchun» jangchilarga o‘tgan oyda HAMAS holdan toydiruvchi urush olib borishga tayyor ekani to‘g‘risida xat jo‘natgani haqida gap boradi. Wall Street Journal nashri ma’lumotlariga ko‘ra, HAMASning Qatardagi vakillari Sinvarning xatti-harakatlarini «buyuklik maniyasi» deb atashgan va u o‘zining Isroilga qarshi urushdagi rolini «borgan sari dabdabali ohanglarda» tasvirlashga o‘tgani qayd etilgan.

Falastin bo‘yicha muzokaralar

Misr poytaxti Qohira shahrida yagona Falastin bo‘yicha muzokaralar o‘tkaziladi.

Muzokaralarda Falastinning HAMAS va FATH harakatlari yetakchilari qatnashadi. Bu haqda Reuters agentligiga HAMAS rasmiy vakillaridan biri xabar bergan.

HAMAS siyosiy rahbarining ommaviy axborot vositalari bo‘yicha maslahatchisi Tohir al-Nununing so‘zlariga ko‘ra, HAMAS delegatsiyasi Qohiraga seshanba kuni yetib kelgan. Delegatsiyaga HAMASning muzokarachisi va ikkinchi yetakchisi, ayni paytda Qatarda istiqomat qilayotgan Xalil al-Hayya boshchilik qilmoqda.

«Uchrashuvda Isroilning G‘azo sektoridagi agressiyasi hamda Falastin ishi oldida turgan masalalar muhokama qilinadi», — degan Nunu.

Ushbu uchrashuv har ikki guruh iyul oyida Xitoy poytaxti Pekin shahrida o‘tkazgan va birlik hukumati tuzishga kelishib olingan muzokaralardan keyin o‘tkazilayotgan ilk uchrashuv bo‘lmoqda.

Eronga qarshi choralar

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va AQSh prezidenti Jo Bayden chorshanba kuni telefon orqali Tel-Avivning Eronga nisbatan ko‘radigan choralarini muhokama qilgan.

Suhbat mazmuni hozircha oshkor qilinmagan, biroq Isroilning Eron raketa hujumiga javobi, jumladan Erondagi qaysi obektlarni nishonga olish mumkin-mumkinmasligi muloqotning bosh mavzusi bo‘lgani aytilmoqda.

Avvalroq Netanyahu Isroilga hujum qilib «Eron katta xatoga yo‘l qo‘ygani» va «bu ishi uchun albatta javob berishi»ni ta’kidlagan edi.

Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant esa 1 oktyabr kuni ro‘y bergan Eronning yopirilma raketa hujumiga javoban Tel-Aviv Eronga hujum qilish niyatidan aslo qaytmasligini bildirgan.

«Eronning hujumi tajovuzkor bo‘ldi, biroq aniq bo‘lgani yo‘q. Bizning javob hujumimiz esa aksincha, ajalvor, nihoyatda aniq, eng asosiysi — mutlaqo kutilmaganda bo‘ladi. Ular nimalar bo‘lgani va bu qanday sodir bo‘lganini tushunmay qolishadi. Ular shunchaki oqibatlar bilan ro‘baro‘ bo‘lishadi», — deya Gallantning so‘zlarini keltirmoqda Isroilning 12-telekanali.

Ukrainaga yordam

Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga 35 mlrd yevro taqdim etishga kelishib oldi. 9 oktyabr, chorshanba kuni Bryusselda erishilgan kelishuvga ko‘ra kredit Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromaddan foydalangan holda to‘lanishi kerak.

Ushbu mablag‘lar Ukrainaga o‘tgan yozda G7 mamlakatlari tomonidan Italiyada qabul qilingan va Ukrainaga Rossiyaning muzlatilgan pullari hisobidan moliyalashtiriluvchi 50 mlrd dollargacha kreditni o‘z ichiga olgan yordam paketining bir qismi bo‘ladi.

Yevropa Ittifoqi Kengashining ushbu qarori endi rasmiy protsedura orqali tasdiqlanishi kerak, bu boshqa narsalar qatori Yevropa parlamentining roziligini ham talab qiladi. Maqsad — kreditni keyingi yil ichida Ukrainaga o‘tkazish, keyinchalik uni to‘lash maksimal 45 yil ichida amalga oshirilishi lozim.

«Ramshtayn» keyinroqqa qoldirildi

Amerikadagi dovul tufayli Germaniyada shu kunlarda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan, Ukrainaga harbiy yordam bo‘yicha «Ramshtayn» formatidagi muzokaralar bekor qilindi. Sammitga 20 ga yaqin davlat yoki ularning hukumatlari yetakchilari kelishi va unda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining «g‘alaba rejasi»ni taqdim etishi rejalashtirilgan edi. Shuningdek, Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam paketini ajratish muhokama qilinishi lozim edi.

Sammit Floridaga yaqinlashib kelayotgan «Milton» to‘foni sabab AQSh prezidenti Jo Bayden ishtirok eta olmagani uchun boshqa sanaga qoldirilgan.

Avvalroq, Jo Bayden «Milton» to‘foniga tayyorgarlik ko‘rish va unga javob berishni nazorat qilish uchun» sammitga borishdan bosh tortgan edi. Bu Amerika prezidentining qirq yil ichida Germaniyaga birinchi davlat tashrifi bo‘lishi kerak edi.

Meksika ko‘rfazidan Florida qirg‘oqlariga yaqinlashib kelayotgan «Milton» to‘foni Saffir-Simpson shkalasi bo‘yicha beshinchi, maksimal toifaga ega bo‘ladi.

Shamol tezligi soatiga 250 kilometrdan oshishi kutilmoqda, bu esa katta miqyosda vayronagarchilik, hududlarning izolyatsiyasiga olib keladi. Zararlangan hududda bir necha oy davomida avvalgi hayotga qaytish imkoni bo‘lmaydi.

Shtatda evakuatsiya ishlari olib borilgan, aviareyslar bekor qilingan.

Dovul esa Florida shtatiga chorshanba kuni kechqurun yetib kelgan. Dovulning dahshatli kadrlari ham e’lon qilina boshlandi.

Relokantlarning mulklari xatlanadi

Rossiyada mamlakatni tark etgan fuqarolarning mol-mulkini xatlashga ruxsat berilishi mumkin. Tatariston Rossiyadan ketgan fuqarolarning mol-mulkini xatlash huquqini beradigan qonun loyihasini Davlat dumasiga kiritadi.

Bu haqda Tatariston Davlat kengashi qo‘mitasi raisi Aleksandr Chubarov ma’lum qilgan. Uning aytishicha, kodeksga kiritiladigan o‘zgartirish orqali mamlakatni tark etgan shaxslarga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan taqdirda, ularning Rossiya hududidagi mol-mulkini xatlash imkoni beriladi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, «Rossiya Federatsiyasi manfaatlariga qarshi» har qanday harakatlar uchun emigrantlarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilishi mumkin. Xususan, bu ekstremizm, so‘z erkinligini suiiste’mol qilish va «Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish» bilan bog‘liq moddalarga ham taalluqli.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng keyingi 100 yil ichida Rossiyada eng yirik siyosiy immigratsiya ro‘y bergan. Qisman harbiy safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng u yanada kuchaygan. 2024 yilning iyul oyi holatiga 700 mingdan ortiq relokantlar Rossiyaga qaytmagan.

Mavzuga oid