20:40 / 23.08.2017
103163

Hukumat o‘qituvchi va shifokorlarni paxta terimiga jalb etishni taqiqladi

O‘zbekiston hukumati 2017 yilgi mavsumda balog‘at yoshiga yetmagan yoshlarni, shuningdek, Sog‘liqni saqlash sohasi va ta'lim sohasi xodimlarini paxta terimiga jalb etishni taqiqladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rasmiy saytida yozilishicha, 15 avgust kuni vazirning birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov AQShning xalqaro munosabatlari bo‘yicha Senat qo‘mitasi delegatsiyasi bilan uchrashuv vaqtida Vazirlar Mahkamasi 8 avgust kuni shu haqda qaror qabul qilgani haqida ma'lum qilgan.

Erkin Muhiddinov umummilliy axborot kampaniyasi tufayli jamoatchilik endilikda mehnat munosabatlarining taqiqlangan amaliyotlaridan yaxshi boxabar ekanligini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Uchrashuvda bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, O‘zbekistonda odam savdosi profilaktikasi bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar hamda mehnat migratsiyasi sohasidagi qayta o‘zgarishlar bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekistonda paxta terimi mavsumi sentabr-oktabr oylariga to‘g‘ri keladi. Qayd etish kerakki, oldingi yillarda o‘quvchilar, o‘qituvchilar va shifokorlar paxta terimiga jalb etib kelingan.

Biroz avvalroq yangi paxta mavsumida ish haqlari ko‘tarilishi va vaqtida berilishi haqida xabar berilgandi.

Top