Iqtisodiyot | 15:36 / 12.12.2024
33083
10 daqiqa o‘qiladi

Kredit olish vasvasasi. Aholining qarz yuki shiddat bilan oshmoqda

O‘zbekistonda qarz olish nihoyatda qimmat. Shunga qaramay, oxirgi 5 yil ichida jismoniy shaxslarning banklardagi kreditlari qoldig‘i 4,3 barobarga ko‘payib, qariyb 173 trillion so‘mga yetgan. Moliyaviy intizom masalasi har qachongidan dolzarblashib, borgan sari ko‘proq odamlar qiyin ahvolga tushib qolmoqda. Bunga sabab nima?

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Bugungi kunda mahsulotlarni kredit yoki bo‘lib to‘lashga olish o‘zbekistonliklar kundalik hayotining ajralmas qismiga aylangan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Odamlar eng kichik maishiy texnikalardan tortib, avtomobil yoki uy-joy xarid qilishgacha bo‘lgan turli maqsadlar uchun banklardan yoki boshqa moliyaviy tashkilotlardan qarz olishyapti.

Ammo bu ko‘p holatlarda to‘g‘ri qaror bo‘lmasligi mumkin.

O‘zbekistonliklarning qancha krediti bor?

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning 1 noyabr holatiga, banklar tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan jami kreditlar qoldig‘i 172,8 trln so‘m yoki 13,7 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu – bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 20 foizga ko‘p.

Statistik raqamlarga e’tibor berilsa, oxirgi yillarda o‘zbekistonliklarning qarz yuki ortib borayotganini ko‘rish mumkin. Masalan, 2020 yilning 1 yanvar holatiga, jismoniy shaxslarning kredit qoldig‘i 39,9 trln so‘m bo‘lgan. Bu miqdor ayni paytga kelib 4,3 barobarga ko‘paygan.

O‘z navbatida, bu davr oralig‘ida muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi ham 1,5 foizdan 4,2 foizgacha o‘sgan.

Jismoniy shaxslar asosan quyidagi maqsadlarda kredit olishgan:

  • ipoteka kreditlari – 65,8 trln so‘m (jami kredit qoldig‘ining 38,1 foizi);
  • mikroqarzlar – 39,8 trln so‘m (23,1 foiz);
  • iste’mol kreditlari – 41,2 trln so‘m (23,9 foiz);
  • ta’lim kreditlari – 5,5 trln so‘m (3,3 foiz);
  • tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilgan kreditlar – 18,8 trln so‘m (11 foiz);
  • boshqa kreditlar – 1,5 trln so‘m (0,9 foiz).

Qarz olish vasvasasi

Avvalo, bir narsaga juda jiddiy e’tibor berish lozim: kredit sovg‘a yoki ehson emas, balki jiddiy moliyaviy majburiyat yuklovchi qarz. Kimdir bankdan kredit olsa, uni belgilangan vaqtda va ma’lum foizi bilan qaytarishi kerak. Bir qaraganda, bank pulga ehtiyoji bor odamning joniga oro kirgandek ko‘rinadi. Aslida esa unday bo‘lmasligi mumkin.

Onlayn moliyaviy xizmatlar rivojlangani va jarayon soddalashtirilgani fonida o‘zbekistonliklarning qarz yuki ortib boryapti. Odamlar to‘y va boshqa marosimlar uchun, maishiy texnika va avtomobil uchun, hatto totalizatorga pul tikish uchun ham kredit olishga o‘tib ketishdi.

Ayrim qarzdorlar mablag‘larning noto‘g‘ri va noo‘rin ishlatilishi ortidan, bitta kredit uchun olingan pulni yana kredit olib yopishga o‘tgan. Buning ortidan oilaviy nizolar, kelishmovchilik va jinoyatlar ko‘payyapti.

Nima uchun O‘zbekistonda kredit foizlari yuqori?

Xalqaro tashkilotlardan olingan ma’lumotlar asosida TheGlobalEconomy sayti tuzgan reytingga ko‘ra, O‘zbekiston kredit foizi yuqoriligi bo‘yicha dunyoda 83 mamlakat ichida yettinchi o‘rinni, Osiyoda esa birinchi o‘rinni egallagan.

Markaziy bank e’lon qilgan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, 2024 yilning 9 oyi davomida tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 24,5 foizni tashkil qilgan. Bunda imtiyozli kreditlar va miqroqarzlar bo‘yicha foiz ko‘rsatkichi hisobga olinmagan.

E’tiborlisi, O‘zbekiston sharoitida ko‘pchilik murojaat qiladigan mikroqarzlarning foizlari ancha baland. Bu davlat banklarida o‘rtacha 30-35 foiz atrofida bo‘lsa, onlayn kredit berish bilan shug‘ullanuvchi raqamli banklarda 49 foizgacha. Ko‘plab qarzlar aynan 40-49 foiz oralig‘idagi majburiyat bilan onlayn mikroqarz taqdim etadi.

Pulning narxi qimmatligi – fundamental iqtisodiy, siyosiy va huquqiy asoslarga borib taqaladi.

Birinchi omil – yuqori inflatsiya. Qarz beruvchilar pulning kelajakdagi qiymati kamayib ketishini hisobga oladi.

Ikkinchidan, resurslar qimmat. O‘zbekistonning xalqaro kredit reytingi past bo‘lgani sababli, banklar xorijdan mablag‘larni yuqori foiz stavkalari bilangina jalb qilishi mumkin. Bu esa kreditlar qiymatiga ta’sir qiladi.

Uchinchidan, risk darajasi yuqori. Kreditni qaytarishda kechikishlar tez-tez uchrab turadi. Shuningdek, iste’molchilarning to‘lov qobiliyatini aniqlashda ma’lumotlar yetishmasligi ham foizlar balandlashiga ta’sir ko‘rsatadi.

Iste’molchilar uchun qarz yuki qanday?

Yuqorida banklar uchun risk darajasi yuqori ekani haqida aytib o‘tdik. Kredit olayotgan yoki biror mahsulotni bo‘lish to‘lash ilinjida xarid qilayotgan odam uchun ham bu xavf nihoyatda baland. Qimmatroq mahsulot, masalan kreditga mashina olish misolida buni ko‘rib chiqaylik.

Kun.uz suhbatlashgan xaridorlardan birining so‘zlariga ko‘ra, u 325 mln so‘m narxdagi avtomobilni xarid qilgan. Bunda 20 foiz boshlang‘ich to‘lov – 65 mln so‘mni to‘lagan holda, yillik 24 foizdan 5 yilga 260 mln so‘m avtokredit rasmiylashtirgan. Ayni paytda xaridor 7 mln 480 ming so‘mdan oylik to‘lovni amalga oshiryapti, grafik bo‘yicha umumiy kredit miqdori 5 yilda 450 mln so‘mga boradi. 20 foizlik boshlang‘ich to‘lov bilan birga mashina unga 514 mln so‘mga tushadi.

Qimmat mashinalarning sotuvdan keyingi narxi keskin arzonlashi hech kimga sir emas. Bu qoida raqobat muhiti ancha cheklangan O‘zbekiston bozorida ham ishlayapti. Xususan, yuqoridagi xaridor sotib olgan avtomobilning 10 ming km atrofida yurgan yaxshi holatdagisini turli xil onlayn platformalarda joylashtirilgan sotuv e’lonlari orqali yoki bozordan 250-260 mln so‘m oralig‘ida sotib olish mumkin.

Ko‘pchilik foydalanadigan va oxirgi yillarda aholining kambag‘al va o‘rta qatlami orasida ommaviylashgan onlayn mikroqarzlar haqida ham to‘xtalsak. Masalan, “A” bankda 20 mln so‘mni 2 yilga 47 foizdan olsangiz, bankka buning uchun 11 mln 214 ming so‘m qo‘shimcha pul to‘lashingiz kerak bo‘ladi. Yoki “B” bankdan 60 mln so‘mni 32 foizdan 3 yilga olsangiz, buning foiz to‘lovlari uchun 34 mln so‘m to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Muddatli to‘lovga mahsulot xarid qilishda ham qarz yuki xaridor uchun juda yuqori. Xususan, naqd pulga bozorda taxminan 7,5 mln so‘mga olish mumkin bo‘lgan muzlatkichni marketpleyslardan 12 oyga nasiyaga olish sizga kamida 12 mln so‘mga tushishi mumkin.

Boshqa mamlakatlarda vaziyat qanday?

Statista kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda o‘rtacha foiz stavkasi Shveytsariyada 2,86 foizni, Isroilda 2,96 foizni, AQShda esa 3,28 foizni tashkil qilgan. Bunda O‘zbekistondagi o‘rtacha foiz ko‘rsatkichi 22,5 foiz deya baholanib, kredit resursi eng qimmat davlatlar qatoridan joy olgan.

Trading Economics'ning qayd etishicha, dunyoda eng arzon kreditlar Peruda – 0,8 foiz. Yaponiya bu ko‘rsatkich 1,7 foiz, Daniyada esa 3,25 foizni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, Peruda banklardan qarz olish O‘zbekistonga nisbatan 30 barobarga arzon.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, nafaqat kambag‘allar, balki ko‘p pul topadiganlar ham kredit tuzog‘iga tushishi mumkin. Buning uchun Nikolas Keyj, Mayk Tayson, Jonni Depp kabi mashhurlar bilan bog‘liq holatlarni eslash kifoya. Ularning boyligi bir necha yuz million dollarni tashkil etgan bo‘lsa-da, qarzlari tufayli bankrotlik yoqasiga kelib qolishgan va jiddiy moliyaviy muammolarni boshdan o‘tkazishgan.

O‘zbekiston sharoitida yuqori foiz evaziga olinayotgan kreditlar odamlarning moliyaviy intizomini buzib, qiyin ahvolga tushirib qo‘yyapti. Hissiyotga berilib, qarzga 15 mln so‘mlik telefon olish insonni bir necha kunga xursand qilishi mumkin, lekin hayotini ko‘p ham o‘zgartirmaydi. Keyin esa narxi kundan kunga arzonlashadigan va eskiradigan qurilma uchun to‘lovlarni oylar va yillar davomida amalga oshirib borishi kerak.

Onlayn qimor o‘yinlariga pul tikish uchun qarz olib, qiyin ahvolga tushib qolgan va hattoki buning ortidan o‘z joniga qasd qilayotgan yoshlarning soni ortib borayotgani esa juda ham achinarli.

Islom moliyasi joriy etiladimi?

Bundan uch yil oldin, o‘ndan ortiq banklarda islom darchalarini yo‘lga qo‘yish ustida ishlar boshlangani xabar qilingandi. Tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarda ham ularning 38 foizi islom moliyasi asosida resurs olish istagini bildirgan.

O‘zbekistonda islom moliyasining keng ko‘lamda joriy etilishi 5 mlrd dollarlik qo‘shimcha resurs paydo bo‘lishiga va mamlakatdagi raqobat muhitiga ancha ijobiy ta’sir qilishi mumkinligini davlat rahbari ham aytib o‘tgandi.

May oyida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev islom moliyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgani, loyiha yil oxirigacha parlamentga kiritilishini ma’lum qilgandi. Amalda bu o‘z tasdig‘ini topmayapti.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid