O‘zbekiston | 15:32 / 10.11.2025
1471
2 daqiqa o‘qiladi

Tibbiy ta’limda uch bosqichli baholash tizimi joriy etiladi, hamshiralar tayyorgarligi yangicha formatga o‘tadi

Yangi tartibga ko‘ra, talabalarning bilimi bakalavr bosqichida, vrachlarniki esa rezidenturadan keyin ixtisoslashgan imtihon orqali baholanadi; shundan so‘ng mutaxassis davlat ro‘yxatidan o‘tib, faoliyatga ruxsat oladi. Shu bilan birga, Hamshiralar akademiyasi bazasida Oliy kasbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etilib, kelasi yildan AQSh, Germaniya va Buyuk Britaniya hamkorligida oliy ma’lumotli hamshiralar tayyorlanadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda tibbiy ta’lim va kadrlar sifatini oshirish maqsadida uch bosqichli baholash tizimini joriy etish belgilab olindi.

Bakalavr bosqichida talabalarning fundamental va klinik fanlar bo‘yicha bilimlari baholanadi.

Rezidenturani tugatgan vrachlar o‘z ixtisosi bo‘yicha imtihon topshiradi.

Imtihondan so‘ng mutaxassis davlat ro‘yxatidan o‘tadi va unga tibbiy faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, tibbiy xizmatning eng yaqin bo‘g‘ini — hamshiralar tayyorgarligini zamonaviy talablarga moslashtirish zarurligi qayd etildi. Endilikda oddiy muolajani bajarish bilan cheklanmay, tashxis, davolash va profilaktikada shifokorga ko‘maklasha oladigan hamshiralarni tayyorlashga o‘tiladi.

Bu maqsadda Hamshiralar akademiyasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti tasarrufiga o‘tkazilib, uning negizi asosida Oliy kasbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya oliygohlari bilan hamkorlikda kelasi o‘quv yilidan boshlab oliy ma’lumotli hamshiralar tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi.

Kutilishicha, yangi tizim kadrlar sifatini oshiradi, bemorga xizmat ko‘rsatishning klinik samaradorligini va jamoat salomatligiga ta’sirini kuchaytiradi.

Mavzuga oid