Jamiyat | 20:01 / 25.11.2025
8010
5 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘lda ekologik reyd: o‘tindan ko‘mir yasovchi shaxslar faoliyati to‘xtatildi

O‘tinni tutatish orqali ko‘mirsimon yonilg‘iga aylantiruvchi shaxslar atmosferaga zaharli tutun chiqarib kelgani aniqlangan. Shu sabab bu qurilmalar yaroqsiz holatga keltirilib, faoliyati to‘xtatildi. “Bankdan 400 mln so‘m kredit olib 2 oy oldin [shu ishni] boshlaganman. Endi bu yog‘i nima bo‘ladi, bilmayman”, – deydi faoliyat egasi Xudoyberdi Bekmurodov.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani Said ota mahallasida ishlab kelgan fuqarolar o‘tinni maxsus sisterna bochkalarida yoqish orqali pista ko‘mir ishlab chiqaradi.

Tuman ekologiya bo‘limi boshlig‘i Nurg‘ali Omonovning ta’kidlashicha, asosan kechasi ishlovchi bu bochkalar sabab atmosfera havosi yaxshigina zararlanib keladi.

Daraxt to‘nkalaridan ko‘mir yasaydigan korxona faoliyatini aniqladik, uning atmosfera havosiga zarar yetkazyotgani ma’lum bo‘lib, tegishli tartibda hujjatlari so‘ralganda taqdim qilolmadi. Bunga nisbatan hozirda surishtiruv ishlari olib borilyapti, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi, tegishli tartibda choralar ko‘riladi. Bu faoliyat davom etishiga qarshi emasmiz, faqat ekologik normativ-hujjatlarni olib, ish faoliyatini o‘z me’yorida, atmosfera havosiga zararli tashlanmalarni ushlab qoladigan filtrlarni o‘rnatgan holda davom ettirsa bo‘ladi. Atmosfera havosiga chiqadigan filtrlarni o‘rnatmagani sababli korxona faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi.

Tsisterna qilingan bochkalarni tumandagi tashkilotlar kelib, kesish jarayonlari olib borilyapti, yaroqsiz holatga keltirilyapti. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari asosida kerakli hujjatlar, patentni olib, soliqdan hujjatlarni rasmiylashtirganidan so‘ng ish faoliyatini davom ettirsa bo‘ladi”, – dedi rasmiy.

Uning qo‘shimcha qilishicha, faoliyat egasi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan, hokimiyat balansidagi yerda noqonuniy ishlagani sabab uning mol-mulki yaroqsiz holatga keltiriladigan bo‘lgan.

Faoliyat egasi Xudoyberdi Bekmurodov esa bu borada boshdan ogohlantirish berilmaganini, hujjatlari haqiqatan ham mavjud emasligini aytdi.

Kecha kechasi ekologiyadan kelishgan. “Havoga zarar” deyishdi, qilayotgan ishim noqonuniy ekan. Mening hujjatlarim hali tayyor bo‘lmagan. Tayyor bo‘lib qolar, ishni boshlayveray deb boshlagandim. Mana, kelib, [mulkimni buzib] bo‘lib tashlashyapti, [agar] xalqqa zararim tegayotgan bo‘lsa, kechirim so‘rayman.

Lekin bu 24 soat tinmay ishlab turadigan narsa emas. Bankdan 400 mln so‘m kredit olib [shu ishni] boshlaganman. Ish boshlaganimga 2 oy bo‘ldi. Endi bu yog‘i nima bo‘ladi, bilmayman. Hamma narsani bo‘lishyapti, boshqa qilishyapti, tushunmadim lekin. Fermerlikdan kelganman, shu yerni gaplashib, keyin boshlaganman. Fermerga pul to‘layman.

Hech qanday e’tiroz bo‘lmagan, mahalladan ham hatto. Bu birinchisi. Ish boshlaganimdan beri shu mahallaga mening foydam tegadi. Nechta ishchi bo‘lsa, ularga oylik to‘layapman. Mening qiladigan boshqa ishim yo‘q, endi shu ishni qonuniy davom ettiramiz”, – dedi u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tindan pista ko‘mir tayyorlovchi bu bochkalarning atmosferaga qancha miqdorda zarar yetkazayotgani hali aniq emas. Bu bo‘yicha laboratoriya tahlillari olib borilishi ma’lum qilindi.

Endi fuqaro sisterna bochkalariga filtrlarni o‘rnatishi talab qilinadi. Shundan so‘ng bu filtrlar yana qayta tekshiruvdan o‘tkaziladi va undan chiquvchi tashlanmalar atmosferani zararlamasa va me’yoridan ortiq bo‘lmasa, ishi davom etaveradi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda Toshkent shahrida havoning ifloslanishi keskin oshishi ortidan ekologiya mutasaddilari hamda huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan Toshkent shahri va viloyatida havo ifloslanishiga qarshi keng ko‘lamli reyd tadbirlari kuchaytirilgandi.

25 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjatga muvofiq, poytaxtda ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.

Mazkur komissiya zimmasiga poytaxtda havo sifati, yashil hududlarni asrash va ko‘paytirish, transportdan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish, sanoat korxonalari faoliyatida ekologik talablarga rioya etilishini kuchaytirish kabi yo‘nalishlarda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularning ijrosini muvofiqlashtirish vazifalari yuklatilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid