O‘zbekiston | 18:47 / 14.01.2026
6392
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident energetika sohasi bo‘yicha takliflarni ma’qulladi

2026 yilda O‘zbekistonda energiyani tejash orqali daromad olish mexanizmlari yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. Issiqlik ta’minotini “yopiq tizim”ga o‘tkazish davom ettiriladi. Elektr energiyasining ulgurji bozorini shakllantirish va taqsimlash tarmoqlarini xususiy sektorga berish reja qilingan. Energetika va kommunal sohalar uchun yagona regulyator tashkil etiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 yanvar kuni energiya samaradorlikni oshirish hamda elektr energiyasi ta’minotida bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Energiya samaradorligi

O‘zbekiston eng ko‘p energiya sarflaydigan mamlakatlar qatoriga kiradi. Xususan, respublikada binolarning yakuniy energiya iste’molidagi ulushi qariyb 50 foizni tashkil etib, bir kvadrat metrga to‘g‘ri keladigan energiya sarfi Yevropa mamlakatlariga nisbatan bir necha barobar yuqori.

Shu bois, o‘tgan yilda energiya samaradorlik sohasidagi islohotlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida alohida agentlik tashkil etildi. Ushbu tuzilmaga 2030 yilga qadar iqtisodiyotda energiya sarfini kamida 20 foizga, davlat idoralari va ijtimoiy obektlarda esa energiya iste’molini 15 foizga qisqartirish vazifasi yuklatilgan.

Taqdimotda agentlikning 2026 yildagi faoliyati rejalari ko‘rib chiqildi.

Energiya samaradorligi milliy agentligi direktori Ziyoviddin Badriddinov / Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda binolarning katta qismi o‘tgan asrning 60-70-yillarida qurilgan bo‘lib, ularda energiya sarfi darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Shu bois, ijtimoiy obektlar va aholi turar joylarini energiya samarador obektlarga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgan. Joriy yilda bunga 150 milliard so‘m subsidiya va kompensatsiya mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Respublikadagi 30 mingga yaqin ijtimoiy obektlarning energiya samaradorligini oshirishda xalqaro moliya institutlari ishtiroki va xususiy sektor investitsiyalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Joriy yilgi investitsiya dasturi doirasida 770 ta ijtimoiy obekt energiya samaradorlik standartlari asosida modernizatsiya qilinadi. Bunga xalqaro moliya institutlaridan 264 million dollar mablag‘ jalb etiladi.

Shu bilan birga, energiyani tejash orqali daromad olish mexanizmlari – energiya servis kompaniyalarining xizmatlarini (ESCO) rivojlantirish va ushbu bozorni shakllantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Binolarni energiya auditdan o‘tkazish, energiya samaradorlik standartlari asosida loyihalash va modellashtirishda raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt imkoniyatlarini keng qo‘llash rejalari haqida axborot berildi.

Sanoat sohasida esa, joriy yilda 142 ta to‘qimachilik korxonasiga quyosh panellarini o‘rnatib, 722 million kilovatt-soat elektr energiyasi va korxonalarning 693 milliard so‘m mablag‘i tejalishi kutilmoqda. Shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti tizimida 300 ta nasosni yangilash rejalashtirilgan.

Markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimidagi mavjud muammolarga ham alohida e’tibor qaratildi. Ayni paytda issiqlik qozonxonalari va tarmoqlarining bir qismi eskirishi oqibatida energiya yo‘qotishlari yuqori darajada qolmoqda. Shu bois, joriy yilda issiqlik qozonxonalari va tizimlarini modernizatsiya qilish, ularni “yopiq tizim”ga o‘tkazish doirasida 400 ta individual issiqlik punktlarini o‘rnatish va kamida 100 kilometr issiqlik tarmoqlarini yangilash ko‘zda tutilgan.

Mutasaddilarga binolarni qurish, ta’mirlash va rekonstruksiya qilishda energiya samaradorlik standartlari va ta’sirchan qoidalarni ishlab chiqish topshirildi.

Elektr energiyasining ulgurji bozori

Taqdimotda elektr energiyasi sohasida raqobatli bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi.

Xususan, past kuchlanishli elektr tarmoqlarini xususiy sektorga berish ishlari Samarqand viloyatidan boshlanib, keyingi bosqichda Andijon, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahriga kengaytirilishi rejalashtirilgan. Bu orqali tarmoqlarni yangilashga investitsiyalarni jalb etish orqali yo‘qotishlarni keskin kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Energetika bozorini rivojlantirish agentligi direktori Sherzod Xo‘jayev / Foto: Prezident matbuot xizmati

Elektr energiyasining ulgurji bozorini shakllantirish ishlarining borishi to‘g‘risida axborot berildi.

Hozirgi kunga qadar yiliga 10 million kilovatt-soatdan ko‘p elektr iste’mol qilayotgan ulgurji iste’molchilar ro‘yxati tuzildi. Ushbu korxonalar uchun elektr energiyasini ulgurji bozorda “soatbay” shakllangan narxlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilish tizimini joriy etish taklif etildi.

Bugungi kunda energetika va kommunal sohalar bo‘yicha alohida regulyatorlarni tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Xorijiy tajribadan kelib chiqib, bu borada yagona regulyatorni tashkil etish taklifi bildirildi.

Shavkat Mirziyoyev mazkur takliflarni ma’qullab, energiya samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va energetika bozorida raqobat muhitini shakllantirish muhimligini ta’kidladi hamda mutasaddilarga tegishli topshiriqlarni berdi.

Prokuratura va ichki ishlar organlari oldiga muhokama qilingan sohalarda qonun talablariga qat’iy rioya etilishini va javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, belgilangan chora-tadbirlarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash yuzasidan hokimliklar bilan yaqindan ishlash vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid