Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ekologiya vazirligi hukumat tarkibidan chiqarilib, mustaqil qo‘mitaga aylantirildi
Prezident qarori bilan, Ekologiya vazirligi negizida Ekologiya qo‘mitasi tashkil etildi. Qo‘mita Vazirlar Mahkamasi tizimidan tashqarida bo‘ladi. Aziz Abduhakimov prezident maslahatchisi – Ekologiya qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. Tuman ekologiya bo‘limlari hokimlar bo‘ysunuviga o‘tmaydigan bo‘ldi. Turizm qo‘mitasi ekologiya organi tarkibidan chiqarildi.
Ekologiya vazirligi (endilikda qo‘mita) binosi / Foto: Wikipedia
O‘zbekistonda ekologiya va turizm sohalaridagi boshqaruv tizimi o‘zgaradi. Bu haqda prezident farmoni va qarori qabul qilindi.
Qarorga asosan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida amaldagi shtat birliklari saqlangan holda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etiladi.
Qo‘mita o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdor hisoblanadi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi esa ekologiya organidan ajratilib, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etiladi.
O‘rmon agentligi, O‘zgidromet va Chiqindilarni boshqarish agentligi Ekologiya qo‘mitasi huzurida qoldirildi.
Ekologiya qo‘mitasining joriy faoliyatiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi rahbarlik qiladi. Bu lavozimga ekologiya vaziri sifatida faoliyat yuritib kelgan Aziz Abduqahhorovich Abduhakimov tayinlandi.
Ekologiya qo‘mitasi raisining 4 nafar o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi; maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy xizmat va transport ta’minoti sharoitlari bo‘yicha tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.
Qo‘mita o‘z faoliyatini har qanday davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi hamda uning faoliyatiga ushbu mansabdor shaxslarning aralashuvi taqiqlanadi.
Qonunosti hujjatlarida belgilangan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari, ularga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar, bevosita Ekologiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Ekologiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari va tuman (shahar) bo‘limlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasiga kirmaydi va o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, Ekologiya qo‘mitasi oldida hisobdor bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 21 oktyabr kuni qabul qilingan prezident farmoniga asosan, 7 ta vazirlik, xususan Ekologiya vazirligining ham respublika bo‘yicha 41 ta tuman va 4 ta shahardagi bo‘limlari tajriba-sinov tariqasida mahalliy hokimliklar tuzilmasiga o‘tkazilishi belgilangan edi. Endilikda bu ro‘yxatdan ekologiya bo‘limlari chiqib ketadi.
Mavzuga oid
09:50 / 04.12.2025
O‘zbekiston Goa bilan turizm sohasida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘ymoqda
16:18 / 02.12.2025
Xizmat yo‘q, lekin to‘lov bor: 5 ta chiqindi tashish korxonasining qonunbuzarligi aniqlandi
20:22 / 30.11.2025
Namanganda chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan zavod qurilishi boshlandi
09:00 / 30.11.2025