Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkcha hammom, sportzal va lochinlar uchun alohida xona: dunyodagi eng qimmat xususiy samolyotlarga kimlar egalik qiladi?
Bugun dunyoning turli mamlakatlarida yashovchi boylarda hashamatli hayot kechirish uchun hamma narsa bor. Ular dunyoning ko‘plab shaharlarida qimmatbaho uy-joylar, yaxtalar, shaxsiy samolyotlarga egalik qilishadi. Eng qimmat samolyoti bor boylar ro‘yxatidan Saudiya shahzodasi, Alisher Usmonov va Donald Tramp joylashgan.
Foto: Kun.uz
Shaxsiy samolyotga egalik qiluvchilar orasida milliardlab dollar puli bor tadbirkor boylardan tortib, Hollivudda suratga tushgan har bir filmi uchun bir necha o‘n millionlab dollar oladigan aktyorlar va aktrisalar bor.
Shuningdek, ro‘yxatdan shou-biznes vakillari bo‘lgan qo‘shiqchilar ham o‘rin olgan.
Dunyodagi eng qimmat shaxsiy samolyot Saudiya Arabistoni shahzodasi Valid ibn Talalga tegishli. U eng yirik samolyotlardan biri Airbus A380 Superjumbo Jet sohibi hisoblanadi.
Ro‘yxatda taniqli shaxslardan rossiyalik taniqli biznesmen Alisher Usmonov ham o‘rin olgan. U otasining sharafiga Burhon deb nomlangan samolyotni bundan bir necha yil avval 350 million dollarga sotib olgan.
Bundan tashqari, eng qimmat samolyotlardan biriga AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp egalik qiladi. U samolyotiga familiyasini yozdirib olgan.
Avvalroq, dunyoning ko‘zga ko‘ringan boylari egalik qiladigan qimmatbaho yaxtalar haqida ma’lumot bergandik. Quyida boylar egalik qiladigan dunyoning eng qimmat shaxsiy samolyotlari haqida ma’lumotlar beriladi.
Eslatma, ro‘yxatdagi qimmat xususiy samolyotlar haqida ochiq manbalarda ma’lumotlar berilgan. Boshqa ma’lumotlar bo‘yicha ro‘yxat boshqacha bo‘lishi ham mumkin.
15. Embraer Legacy 500 – 38 mln dollar (Jyeki Changa tegishli)
Embraer Legacy 500 samolyotlarining eng qimmatiga mashhur aktyor Jyeki Chan egalik qiladi. U 2016 yilda xitoyliklar orasida birinchi bo‘lib mazkur samolyotlardan birini 38 million dollarga xarid qilgan.
Embraer Legacy 500 samolyotlari maxsus buyurtma bilan Braziliyaning Embraer kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Bu samolyot yangi model bo‘lib, 2012 yildan ishlab chiqarila boshlangan. 2023 yilgacha ulardan 80 dona tayyorlangan.
Embraer Legacy 500 samolyotlari mijozning ta’biga qarab jihozlanib beriladi. Buyurtmaga qarab uning narxi 18 million dollardan boshlanib 40 million dollargacha yetishi mumkin.
Jyeki Chan egalik qiladigan samolyot hashamatli qilib jihozlangan va unda maroqli dam olish uchun barcha sharoit qilingan. Samolyotga 12 kishi joylashishi mumkin. Aktyor uni «ikkinchi uyim» deb ataydi.
Ma’lumot uchun, Jyeki Chan 2012 yilda Embraer Legacy 650 samolyotini sotib olgan va Embraer kompaniyasi bilan uning yuzi bo‘lish uchun shartnoma imzolagan. Ko‘p o‘tmay Xitoydan Embraer Legacy 650 samolyotiga o‘ndan oshiq buyurtma tushgan.
14. Embraer Legacy 650 – 38 mln dollar (Tom Kruzga tegishli)
Ro‘yxatning o‘ninchi o‘rniga ham Embraer kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan Embraer Legacy 650 samolyoti joylashgan. Ushbu samolyotga Rolls-Royce kompaniyasida tayyorlangan ikkita dvigatel o‘rnatilgan.
Embraer Legacy 650 samolyotlarining eng qimmatiga mashhur Hollivud yulduzi, aktyor Tom Kruz egalik qiladi. U samolyot uchun 38 million dollar sarflagan. Mazkur samolyotning hashamatli saloniga 19 kishi joylashishi mumkin.
Aktyor Embraer Legacy 650 samolyotini xarid qilishdan avval Gulfstream IV samolyotiga egalik qilgan.
13. Vombardier Challenger 850 Learjet – 40 mln dollar (Beyonsga tegishli)
Bombardier Aviation kompaniyasi ishlab chiqaradigan yana bir samolyot Vombardier Challenger 850 Learjet ro‘yxatning yettinchi pog‘onasiga joylashdi.
Mazkur turdagi samolyotlardan biriga amerikalik qo‘shiqchi Beyons egalik qiladi. Qo‘shiqchi samolyot uchun 40 million dollar sarflagan.
Vombardier Challenger 850 Learjet samolyotlari ham asosan buyurtma bilan chiqariladi. Unga ham Rolls-Royce kompaniyasida ishlab chiqarilgan ikkita turbo dvigatel o‘rnatilgan.
Samolyotda ikkita yotoqxona, mehmonxona, oshxona joylashgan. Undagi o‘rindiqlar to‘liq teri bilan qoplangan.
Ushbu samolyot yoqilg‘i sig‘imi to‘ldirilganda 5 200 kilometr masofaga ucha oladi. Uning maksimal tezligi 819 kilometrni tashkil etadi.
Ko‘plab aviakompaniyalar Vombardier Challenger 850 Learjet samolyotlarini mijozlarga arenda berish uchun sotib olishadi. Uning ijarasi soatiga 5 400 dan 7000 yevrogacha narxlanadi.
12. Bombardier BD-700 Global Express – 42 mln dollar (Selin Dionga tegishli)
Hashamatli qilib jihozlangan yana bir Bombardier BD-700 Global Express samolyoti ro‘yxatning oltinchi pog‘onasida joylashdi. Bu samolyotni Hollivud yulduzlari juda yoqtirishadi.
Mazkur samolyotga shu paytgacha bir necha kishi egalik qilgan. 2022 yilda uni kanadalik mashhur qo‘shiqchi Selin Dion (Titanik filmi saundtrekini kuylagan xonanda) 42 mln dollarga sotib olgan.
Samolyotda 18 kishi joylashishi mumkin. Uning salonida majlis o‘tkazish mumkin bo‘lgan umumiy zal va alohida ish kabineti bor.
Bombardier BD-700 Global Express samolyotlariga ham Rolls-Royce kompaniyasida ishlab chiqarilgan ikkita turboparrakli dvigatel o‘rnatilgan. Samolyot soatiga 950 kilomert tezlikda ucha oladi.
11. Gulfstream V – 59 million dollar (Jim Kerriga tegishli)
Gulfstream V samolyotlarini Amerikaning Gulfstream Aerospace kompaniyasi ishlab chiqaradi. Mazkur samolyot Bombardier samolyotlaridan farqli o‘laroq reaktiv hisoblanadi.
Gulfstream V samolyotiga Rolls-Royce kompaniyasida tayyorlangan ikkita reaktiv dvigatel o‘rnatilgan. Yoqilg‘i sig‘imi to‘ldirilganda u qariyb 11 ming kilometr masofani uchib o‘ta oladi.
Mazkur samolyotga hozir Hollivudning mashhur aktyori Jim Kerri egalik qiladi. Aktyor ushbu hashamatli samolyot uchun 59 million dollar sarflagan. Samolyotga 16 kishi joylashadi. Ushbu samolyotdan jami 200 dona ishlab chiqarilgan.
Ushbu samolyotga Rolls-Royce kompaniyasida ishlab chiqarilgan ikkita dvigatel o‘rnatilgan.
10. Bombardier BD-700 Global Express – 66 mln dollar (Bill Geytsga tegishli)
Bombardier BD-700 samolyotlarining eng qimmatiga dunyodagi eng boy odamlardan biri Maykrosoft kompaniyasining sobiq egasi Bill Geyts egalik qiladi.
Milliarder samolyotni 66 mln dollarga sotib olgan. Unga maksimal 19 kishi joylasha oladi. Maxsus jihozlanganlarida yo‘lovchilar o‘rni qisqartirilgan.
Bombardier BD-700 samolyotlari Kanadaning Bombardier Aviation kompaniyasi tomonidan ilk bor 1996 yilda ishlab chiqarila boshlangan. O‘shandan buyon kompaniya ushbu samolyotni takomillashtirib keladi.
Samolyotga ikkita Rolls-Royce kompaniyasida ishlab chiqarilgan turbo dvigatel o‘rnatilgan. Samolyotning maksimal uchish tezligi soatiga 950 kilometrni tashkil etadi.
Yoqilg‘i sig‘imi bir marta to‘ldirilganda 11 700 kilometrgacha parvoz qila oladi. Samolyotni ikki nafar uchuvchi boshqaradi. Bort kuzatuvchilari soni samolyot egasining xohishiga qarab bo‘ladi.
9. Boeing Business Jet 2 – 73 mln dollar (Hindistonlik tadbirokr Mukesh Ambani egalik qiladi)
Boeing Business Jet 2 samolyoti Boeing 737-800 samolyoti asosida ishlab chiqarilgan. Bunday samolyotlardan biriga hindistonlik taniqli milliarder Mukesh Ambani egalik qiladi.
Samolyotda katta mehmonxona, yotoqxona, vanna va kuzatuvchilar uchun alohida xonalar bor. Milliarderda umumiy hisobda o‘ntacha turli samolyotlar bor. Boeing Business Jet 2 ular orasida eng qimmati hisoblanadi. Ambani mazkur samolyotni 2007 yilda sotib olgan.
8. Dassault Falcon 50EX – 75 mln dollar (Richard Brensonga tegishli)
Dassault Falcon 50EX samolyotlari Amerikaning Dassault kompaniyasi tomonidan 1995 yildan boshlab ishlab chiqariladi. Samolyotga Garrett AiResearch Honeywell Aerospace kompaniyasida ishlab chiqarilgan ikkita dvigatel o‘rnatilgan.
Britaniyalik milliader egalik qiladigan Dassault Falcon 50EX samolyotida 9 nafar yo‘lovchi o‘rni bor. Samolyotning maksimal tezligi soatiga 950 kilometrni tashkil etadi. Yoqilg‘i sig‘imi to‘ldirilganda ular 6000 kilometrgacha parvoz qila oladi.
Samolyotning o‘lchami kichik bo‘lgani uchun unda alohida xonalar yo‘q. Faqat qimmatbaho kreslolar o‘rnatilgan xolos.
7. Trump’s Boeing 757 – 100 million dollar (Donald Trampga tegishli)
Nomidan ko‘rinib turibdiki, Trump’s Boeing 757 samolyotiga AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp egalik qiladi.
Tramp samolyotni sotib olish uchun 100 million dollar atrofida mablag‘ sarflagan, unga o‘z familiyasini yozdirgan.
Ushbu samolyot 1991 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘sha paytda undan Daniyaning Sterling Airlines aviakompaniyasi foydalangan. 1993 yilda samolyot Meksikaning TAESA aviakompaniyasiga o‘tgan.
1995 yilda samolyotni Microsoft kompaniyasi egasi Pol Allen sotib olgan. 2011 yilda Boeing 757 Trampga o‘tgan va u samolyotni qayta jihozlatgan.
Samolyotda ikkita yotoqxona bor. Uning saloniga katta televizor o‘rnatilgan. Salondagi aksar detallarga, hatto hojatxonadagi qo‘l yuvish uchun o‘rnatilgan chanoqqacha (rakovina) tilla suvi yugurtirilgan.
Samolyotga 23 kishi joylashadi. Mazkur samolyot Boeing kompaniyasi tomonidan alohida shaxslar uchun tayyorlangan qimmatbaho samolyotlardan biri hisoblanadi.
Samolyotga Rolls-Royce kompaniyasida ishlab chiqarilgan ikkita dvigatel o‘rnatilgan. 2019 yilda uning dvigatelida nosozlik aniqlanadi. 2021 yilda tuzatiladi va hozir ham samolyot Trampga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Trampda sakkiz o‘rindiqli Cessna 750 Citation X samolyoti va uchta vertolyot bor. U samolyotdan va vertolyotlardan qisqa parvozlarda foydalanadi.
6. Gulfstream G650 ER – 150 mln dollar (Kim Kardashyan egalik qiladi)
Kim Kardashyan Gulfstream G650 ER samolyotini 2022 yil fevralda 95 million dollarga sotib olgan. Qo‘shimcha jihozlashdan so‘ng samolyotning narxi 150 million dollarga yetgan.
Kim Kardashyan samolyotga Kim Air deb nom bergan. U samolyotni buyurtma bilan yasatgan va uni jihozlashda har bir detalning qanday rangda va ko‘rinishda bo‘lishini o‘zi belgilab bergan.
2022 yilda Kim Kardashyanning shaxsiy stilisti samolyotdagi hashamat haqida o‘zining Instagram sahifasida ma’lumotlar e’lon qildi.
Samolyotda mehmonxona, vanna, kuzatuvchilar uchun alohida xonalar joylashgan. Ma’lum bo‘lishicha, Kardashyan har 200 soatlik parvoz uchun yoqilg‘iga 400 ming, texnik xizmat ko‘rsatish uchun 100 ming dollar sarflaydi.
5. Boeing 747-430 – 230 million dollar (Bruney sultoniga tegishli)
Boeing 747-430 Bruney sultoni Hasanal Bolkiahning uchinchi samolyoti hisoblanadi. Ushbu samolyotni u Lufthansa aviakompaniyasidan 100 dollarga sotib olgan.
So‘ng samolyot qo‘shimcha jihozlangan. Jumladan, uning vannasidagi jihozlarga tilla suvi yugurtirilgan. O‘rindiqlarga qimmat teri qoplangan. Qo‘shimcha jihozlashlardan so‘ng uning narxi 200 million dollardan oshgan.
Samolyotda sultonning maroqli hordiq olishi uchun barcha narsa muhayyo qilingan. Unda mehmonxona, yotoqxona, vanna, kuzatuvchilar uchun alohida xona bor.
Sulton egalik qilayotgan Boeing 747-430 «samodagi saroy» deb ataladi.
4. Boeing 747- 8 VIP (Dreamliner) – 367 million dollar (Jozef Lauga tegishli)
Yana bir hashamatli Boeing 747- 8 VIP samolyotiga hongkonglik milliarder Jozef Lau egalik qiladi. U ushbu samolyot 367 million dollar narxlanadi.
Milliarder samolyotni 2019 yilda 153 million dollarga sotib olgan. Qayta jihozlashdan so‘ng samolyot milliarderga qariyb 400 mln dollarga tushgan.
Samolyotning ichi juda hashamatli qilib ta’mirlangan bo‘lib, unda alohida mehmonxona, vanna, kuzatuvchilar uchun alohida xona bor. Mazkur samolyot buyurma bilan yagona nusxada tayyorlangan.
Xitoylik milliarder bundan avval ikki qavatli qilib tayyorlangan Boeing 757 samolyotiga egalik qilgan.
3. Boeing 787-8 Dreamliner – 350 mln dollar (Roman Abramovichga tegishli)
Boeing kompaniyasi tomonidan tayyorlangan Boeing 787-8 Dreamliner samolyotiga rossiyalik milliarder Roman Abramovich egalik qiladi. U mazkur samolyotni 2021 yil dekabr oyida 350 million dollarga sotib olgan.
Mazkur samolyot 2015 yilda Shveytsariyadagi xususiy aviakompaniya uchun ishlab chiqarilgan. Biroq aviakompaniyada moliyaviy muammolar paydo bo‘lgach u samolyotni olmay kelayotgandi.
Boeing 787-8 Dreamliner
Mazkur samolyot 50 o‘rinli bo‘lib, undan o‘nta o‘rin qo‘riqchilar, 30 ta o‘rin mehmonlar va yana o‘nta o‘rin xizmatchilarga moslangan. Abramovich Boeing 787-8 Dreamliner’ni sotib olgan paytda Rossiyada bunday turdagi samolyot yo‘q edi.
Boeing 787-8 Dreamliner bir marta yoqilg‘i quyilganda 18,4 ming kilometr masofani uchib o‘ta oladi.
Ma’lumot uchun, Abramovichning avvalgi samolyoti Boeing 767 bo‘lib, uni 2021 yil noyabrda sotib yuborgan va Boeing 787-8 Dreamliner’ni xarid qilgandi.
2. Airbus A340-300 – 400 mln dollar (Alisher Usmonovga tegishli)
Airbus kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur samolyotga rossiyalik milliarder Alisher Usmonov egalik qiladi
Milliarder samolyotni sotib olish uchun 350 million dollar sarflagan. Qo‘shimcha jihozlashlardan so‘ng Airbus A340-300 unga 400 mln dollarga tushgan.
Ushbu samolyot yoqilg‘i sig‘imi bir marta to‘ldirilganda 14,5 ming kilometr masofani uchib o‘tishi mumkin. Samolyotning hashamatli saloniga 375 kishi joylashishi mumkin. Samolyotga Usmonov otasining nomini bergan – «Burhon».
1. Airbus A380 Superjumbo Jet – 500 mln dollar (Valid ibn Talalga tegishli)
Dunyodagi eng qimmat xususiy samolyot Saudiya Arabistoni shahzodasi Valid ibn Talalga tegishli Airbus A380 Superjumbo Jet hisoblanadi.
Airbus kompaniyasi A380 samolyotlarini ishlab chiqarishni 2021 yilda to‘xtatdi. Bunga samolyotning juda kattaligi va keyingi paytlarda unga buyurtma kam tushgani sabab bo‘ldi.
Shahzoda hashamatli samolyotni 500 million dollarga xarid qilgan. Airbus A380 Superjumbo Jet bortida boyvachcha shahzoda uchun hamma narsa muhayyyo qilingan.
Jumladan, uchta yotoqxona, ikkita yuvinish xonasi, turkcha hammom, sportzal, lochinlar saqlanadigan alohida xona (lochinlar bilan ov qilish shahzodaning sevimli mashg‘uloti hisoblanadi) bor.
Samolyotda alohida namozxona bor va unga elektron gilam to‘shalgan. U samolyot qaysi yo‘nalishga uchishidan qat’i nazar qibla – Makka tarafni ko‘rsatib turadi.
Shuningdek, unda bir qancha mashinalar sig‘adigan garaj qilingan. Shahzodani foydalanadigan mashinalar doim u bilan birga olib yuriladi.
Ma’lumot uchun, boshqa boylarda turli samolyotlar bor. Jumladan, Ilon Mask, Jyeff Bezos, Sergey Brin va Larri Peydj Gulfstream G650 ER, Opra Uinfri Gulfstream GH50 samolyotiga egalik qilishadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.