Jahon | 18:20 / 05.10.2018
19642
8 daqiqa o‘qiladi

GRUning yangi sarguzashtlari: AQSh va Niderlandiya yetti nafar rossiyalikni nimada ayblamoqda?

4 oktabr kuni AQSh adliya vazirligi yetti nafar rossiyalikka AQShga qarshi “yovuz maqsadlarda kiberfaollik” ko‘rsatish bo‘yicha ayblov e'lon qildi. Vazirlikning bildirishicha, ularning barchasi Bosh shtab bosh boshqarmasi (GRU)ning xodimlari hisoblanishadi va 2014 yildan 2018 yil mayigacha AQSh va uning tashqarisidagi antidoping agentliklari va tashkilotlariga, xususan Jahon antidoping agentligi (WADA), AQSh antidoping agentligi (USADA), Sport arbitraj sudi (CAS), Yengil atletika federatsiyalari xalqaro assotsiatsiyasi (IAAF), FIFA va yana 34ta tashkilotga xakerlik hujumlari uyushtirishgan. Bu haqda AQSh prokurori Skott Breydi adliya vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanida ma'lum qildi. Vazirlik va FQB vakillarining ta'kidlashlaricha, ular shuningdek, Ukrainaga atom reaktorlari uchun yoqilg‘i yetkazib beruvchi Westinghouse kompaniyasi serverini buzib kirishgan va Niderlandiyada joylashgan Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) tarmog‘ini buzib kirishga urinishgan.

Foto: EPA

Adliya vazirligining ta'kidlashicha, gumonlanuvchilarning harakatlari natijasida akkauntlari va pochta qutilari buzib kirilgan 30 mamlakatning 250 sportchisi va o‘nlab tashkilotlar jabr ko‘rgan. Gumonlanuvchilarning uchtasi - Ivan Yermakov, Artem Malishev va Dmitriy Badinga AQShdagi 2016 yilgi saylovlarga aralashish ayblovi shu yilning iyunida e'lon qilingan. Ularning barchasi Moskvadagi 26165-qism harbiy xizmatchilari deb atalmoqda.

AQShning bildirishicha, qolgan to‘rt kishi —Aleksey Morenets, Yevgeniy Serebryakov, Oleg Sotnikov va Aleksey Minin ham o‘sha qism xizmatchilari hisoblanadi. 4 oktabr kuni Gaagada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Niderlandiya mudofaa vaziri Ank Beyleveld va milliy harbiy razvedkasi vakili Onno Eyxelseyn ularning KQTT kompyuter tarmog‘ini buzib kirishga urinishdagi roli haqida batafsil ma'lumot bergandi.

Niderlandiya hukumatining ma'lumotiga ko‘ra, ular 10 aprel kuni Amsterdamdan Gaagaga uchib kelishgan va ularni Rossiya elchixonasi xodimi kutib olgan. Uch kundan so‘ng ular ijaraga olingan Citroen avtomobilini KQTT binosi yaqinidagi mehmonxona yoniga qo‘yishadi. Avtomobilda tashkilot tarmog‘ini buzish imkonini beradigan qurilma: Wi-Fi  va smartfonga ulangan kompyuter, batareya va antenna solingan sumka bo‘lgan. Golland tomonining sa'y-harakati tufayli ular tarmoqni buzib kira olishmaydi. Qurilma musodara qilinadi, rossiyaliklar esa mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

Niderlandiya va Buyuk Britaniya hukumatlari vakillari gumondorlar KQTT tarmog‘iga kirishga tashkilot Sergey va Yuliya Skripallar zaharlanishi bo‘yicha tekshiruv olib borayotgan vaqtda urinishganiga e'tibor qaratishgan. Ularning fikricha, rossiyaliklarning navbatdagi nishoni Shveytsariyaning Shpits shahridagi kimyoviy laboratoriya bo‘lgan.

Foto: REUTERS

Ular qanday ish olib borishgan

2016 yil avgustda ayblanuvchilar Aleksey Morenets va Yevgeniy Serebryakov yozgi Olimpiada o‘yinlari bo‘lib o‘tayotgan Rio-de-Janeyro shahriga borishgan. Yermakovning masofadan turib yordam berishi orqali ular antidoping agentliklari bilan bog‘liq shaxslarga xakerlik hujumlari uyushtirishgan. Ular mansabdor shaxslardan birining ma'lumotlarini qo‘lga kiritishgan va WADA’ga qarashli ADAMS ma'lumotlar bazasiga kirishgan, deyiladi adliya vazirligi tomonidan.

Gumonlanuvchilar Rio-de-Janeyroda mehmonxonadagi Wi-Fi tarmog‘idan foydalanayotgan USADA xodimining elektron pochtaga kirishga imkon beruvchi ma'lumotlarini o‘g‘irlashgan. Uning akkauntida sportchilarning tekshiruvdan o‘tgani va ularga tavsiya qilingan dorilar haqidagi ma'lumotlar bo‘lgan.

Adliya vazirligining ta'kidlashicha, ayblanuvchilar 2016 yil dekabri va 2017 yil yanvarida Yengil atletikachilar federatsiyalari xalqaro assotsiatsiyasi va FIFA xodimlari kompyuterlaridagi ma'lumotlarni o‘g‘irlashgan.

Noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan ma'lumotlarni fancybear.net va fancybear.org resurslarida e'lon qilishgan. 3 oktabr kuni FQB bu resurslarga kirish imkonini yopib qo‘ygan.

Ular kimga ishlashgan

Morenets Niderlandiyada qo‘lga olingan paytida telefonini sindirishga urindi, deb ma'lum qildi Niderlandiya mudofaa vaziri. Bundan tashqari, Morenetsning yonidan Xamovniki kazarmasi binolari joylashgan Nesvijskiy tor ko‘chasidan Sheremetevoga eltib qo‘ygan taksi kvitansiyasi topilgan. Bu binolarda 26165-harbiy qism joylashgan. 

Be Taxi kompaniyasi Morenetsning yonidan topilgan kvitansiya haqiqiy ekanligini tasdiqlagan. 

Meduza nashrining xabar berishicha, Mojayskiy nomidagi harbiy-kosmik akademiyaning uch nafar bitiruvchisi Morenets 1999 yilda akademiyaning maxsus axborot texnologiyalari fakultetini bitirganini aytishgan.

Jurnalistlarning aniqlashlaricha, Yevgeniy Serebryakov 2011-2012 yillarda Moskva havaskor futbol ligasidagi “Radiks” futbol klubida o‘ynagan. Uning familiyasi 2014 yil fevralda “Amaliy diskret matematika” jurnalidagi maqolada muallif sifatida keltirilgan. U mudofaa vazirligining maxsus tadqiqotlar markazi xodimi sifatida ko‘rsatilgan.

Nomer.org portalidagi ma'lumotlarga ko‘ra, Aleksey Minin ro‘yxatga olingan yashash manzili mudofaa vazirligi binolari majmuasiga to‘g‘ri keladi.  

Oleg Sotnikov esa Xoroshevskoye shossedagi binoda ro‘yxatga olingan bo‘lib, u Bosh shtab bosh boshqarmasi shtab-kvartirasi deb taxmin qilingan bino yonida joylashgan.

Foto: Dutch police

Ularni nima kutmoqda va Moskvaning javobi qanday bo‘ldi

AQShda kiberjinoyatchilik uchun 30 yilgacha qamoq jazosi kutadi. Ammo rossiyaliklar o‘z mamlakatida bo‘lgani uchun ularga hech nima tahdid solmaydi. Yetti kishining barchasi hozirda Rossiyada bo‘lgani uchun ularni hibsga olishning imkoni yo‘q, dedi FQB vakili Erik Vilin. Ular FQBning qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan.

Ular Niderlandiyada ham hibsga olinmagan, faqat chiqarib yuborilgan. Pragadagi xalqaro munosabatlar instituti katta ilmiy xodimi Mark Galeottining fikricha, Niderlandiya maxsus xizmatlari diplomatik pasportlari bo‘lgani uchun rossiyaliklarni hibsga olishga haqqi bo‘lmagan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi bu ayblovlarni “josusvandlik kampaniyasi” deb atadi.

Vazirlikning bildirishicha, Niderlandiya to‘rt nafar rossiyalik mamlakatdan chiqarib yuborilgani haqida ma'lumot berishni deyarli olti oy kutgan. Buning sababi esa 9 oktabr kuni ish boshlaydigan KQTT sessiyasi bo‘lishi mumkin.

Rossiya TIV rossiyalik fuqarolar KQTT va Malayziya samolyoti halokati bilan bog‘liq ma'lumotlarni qo‘lga kiritish uchun kiberhujumlarda ayblanayotganligini tushunmayotganligini, tarmoqdagi ma'lumotni qo‘lga kiritish uchun “hujum obekti” yonida bo‘lish shart emasligini bildirdi.

Yangi sanksiyalar kiritiladimi

G‘arb mamlakatlari Skripallar zaharlanganidan so‘ng qanday hamjihatlikda harakat qilgan bo‘lsa, hozir ham shunday harakat qilmoqda. YeI Gaagadagi hodisani “Rossiya harbiy razvedka xizmati tomonidan amalga oshirilgan dushmanona kiberoperatsiya” deb atadi.

“Rossiya o‘zini nooqilona tutishni va xalqaro qonun va institutlar asosini qo‘porishga urinishini bas qilishi kerak”, -deb ta'kidladi NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg.

Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritilishi mumkin, deya taxmin qiladi Londondagi Yevropa islohotlari markazi direktori Ian Bond. Uning fikricha, sanksiyalar iqtisodiy emas, diplomatik bo‘ladi.

Mavzuga oid