O‘zbekiston | 15:58 / 20.11.2025
11046
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Urbanizatsiya qo‘mitasi tuzildi. Unga Sherzod Qudbiyev rahbarlik qiladi

Prezident farmoni bilan, O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Qo‘mitaga shu vaqtga qadar Soliq qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan Sherzod Davlatovich Qudbiyev rais etib tayinlandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Urbanizatsiya qo‘mitasi tizimiga o‘tkazildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Bu haqda prezident farmoni e’lon qilindi.

Urbanizatsiya qo‘mitasiga Sherzod Davlatovich Qudbiyev rais etib tayinlandi. U 2020 yil may oyidan 2022 yil oxirigacha Soliq qo‘mitasini boshqargan, 2023 yilda sakkiz oy iqtisodiyot va moliya vaziri sifatida ishlab, o‘sha yil avgustida Soliq qo‘mitasi raisi lavozimiga qaytarilgan edi.

Urbanizatsiya qo‘mitasi – urbanizatsiya jarayonlari, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi dasturlarni muvofiqlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Qo‘mita o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasi bilan uzviy hamkorlikda tashkil etadi va amalga oshiradi. Bunda Vazirlar Mahkamasi urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solish, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka dasturlarini hamda samarali davlat uy-joy siyosatini amalga oshirishda Urbanizatsiya qo‘mitasiga har tomonlama ko‘maklashadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Urbanizatsiya qo‘mitasi tizimiga o‘tkazildi.

Quyidagi masalalarni o‘z ichiga olgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Urbanizatsiya qo‘mitasi bilan majburiy kelishilishi shart deb belgilandi:

  • uy-joylar qurilishida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari;
  • Nukus va Toshkent shaharlarida, viloyatlar markazlari va boshqa aglomeratsiyalarda uy-joy hamda noturar joy majmualarini qurish loyihalarini amalga oshirish;
  • “Yangi O‘zbekiston” massivlarida va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uylar qurilishi bo‘yicha yillik maqsadli ko‘rsatkichlarni tasdiqlash;
  • kompleks qurilish loyihalari amalga oshiriladigan va “Yangi O‘zbekiston” massivlari quriladigan hududlarni belgilash.

Quyidagilar Urbanizatsiya qo‘mitasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • urbanizatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish va rivojlantirish;
  • samarali va barqaror uy-joy siyosatini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
  • renovatsiya dasturlarini samarali amalga oshirishni ta’minlash;
  • “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish ishlarini muvofiqlashtirish, shu jumladan, hududlarni tanlashda qonunchilik bilan belgilangan mezonlar va urbanizatsiya tamoyillariga rioya etilishini ta’minlash.

Urbanizatsiya qo‘mitasi boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 50 ta shtat birligidan iborat bo‘ladi.

Qo‘mita loyihaviy boshqaruv tamoyili asosida rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish uchun mahalliy va xorijiy mutaxassis va ekspertlarni, shu jumladan, olimlar, ilmiy izlanuvchilar va tadqiqotchilarni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida jalb qilishi (ishga olishi) mumkin.

Qo‘mita Toshkent shahri, Zulfiyaxonim ko‘chasi, 1a-uyda joylashgan ma’muriy binoga operativ boshqarish huquqi asosida joylashtiriladi.

Mavzuga oid