Jamiyat | 09:55 / 25.01.2018
27057
3 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘ondagi maxsus bo‘lim “mayor”i kimlarga nimalarni va'da qildi?

Xalqimizda “Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi”, degan naql bor. Biroq, aqli -hushi joyida, ko‘zi ochiq insonga bir qilmishidan xulosa chiqarishi uchun ishlatiladigan bu naqlga amal qilmaydiganlar ham oramizda uchrab turadi, deb yozmoqda O‘zA.

Karmana tumanida yashovchi Lochin Qarchig‘ayev (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 2018 yil 6 yanvar kuni sodir etgan jinoyatiga qadar naqd sakkiz marta firibgarlikni amalga oshirgan. E'tiborlisi, uning jinoyati davriyligi xuddi rejalashtirilgandek, oraliq muddat 2 yoki 3 yilga “tanaffus” qilingan. 

Oilasidan ajrashgan, 2 farzandning otasi Lochin 6 yanvar kuni Nurota tumaniga boradi. Soat taxminan 11:00 da tumanning Yangiobod qishlog‘ida yashovchi fuqaro T.A.ning uyiga borib, o‘zini Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida joylashgan 7-Tergov hibsxonasi maxsus bo‘limida ishlovchi “mayor Sobirov” deb tanishtiradi. T.A.ga Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan o‘g‘li X.B.ning ozodlikka chiqarilishida amaliy yordam ko‘rsatishini va'da qiladi. Bu so‘zlarga chin ko‘ngildan ishongan onaizor 240 ming so‘m naqd pul, 150 ming so‘mlik qo‘l telefoni, 500 ming so‘mlik kiyim-kechaklarigacha berib yuboradi. 

Navbatdagi “ov” ham baroridan keldi. Qiziq, uddaburon “mayor” yangiobodlik yigitning Zangiotada “o‘tirganini” qayerdan bildi ekan? 

“Uddaburon” shu kunning o‘zida tumanda ikkinchi tayyor "o‘lja"ni uchratadi. Yangiobod-Nurota yo‘nalishida qatnovchi A.Q. boshqaruvidagi “Tiko” mashinasiga o‘tiradi. Yo‘l-yo‘lakay haydovchini ham tuzoqqa ilintirish qiyin kechmadi. Gap shundaki, firibda ustasi farang Lochin o‘zini yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimi sifatida tanishtirdi. Soddadil kirakashni maxsus evakuatorga haydovchi vazifasiga ishga joylashtirish hamda shaxsiy mashinasiga arzon narxda gaz balloni o‘rnatib berishdek ulkan va'dalar girdobiga g‘arq qiladi. Bu ssenariy ham ish berib, 1 million so‘m “foyda” olindi. 

Mazkur holatlar yuzasidan Nurota tumani IIB tergov bo‘linmasi tomonidan Lochin Qarchig‘ayevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Mavzuga oid