Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Mubashshir Ahmadning salomatligi og‘ir. U jazoni o‘tay olmaydi» – advokat
Alisher Tursunov Navoiy viloyatidagi koloniyada ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tamoqda. Himoyachisi Abdulloh Sodiqning ma’lum qilishicha, Tursunovga «Qandli diabet II tip, insulinga muhtoj turi» va «Chap oyoq artrozi» tashxislari qo‘yilgan. Ulamoning oyoqlari shishib ketib, tanasida har-xil yaralar paydo bo‘layotganiga qaramay davolanishiga ruxsat berilmayapti, deydi himoyachi.
Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunov 2025 yil 8 oktabr kuni 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. O‘shanda jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi sudya Bobur Rahimov ulamoni tergov organi qo‘ygan uchala modda bo‘yicha ham aybdor deb topgan.
Shundan so‘ng, Mubashshir Ahmad sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati bermaslikka qaror qildi. U ayni vaqtda Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanida joylashgan IIV huzuridagi Jazoni ijro etish Departamentiga qarashli 5-sonli Jazoni ijro etish koloniyasida o‘tamoqda.
Ulamoning advokati Abdullohning Sodiqning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Alisher Tursunovning salomatligi yaxshi emas. Xususan, u tergov va sud jarayonlarida ham «bir necha marotaba himoya ostidagi shaxsning qandli diabet kasalligining II turi bilan ancha yillardan buyon og‘rib kelishi»ni aytib, iltimosnomalar kiritgan. Biroq ehtiyot chorasi va jazo tayinlash masalasida ushbu holatlar inobatga olinmagan. Ma’lum bo‘lishicha, Alisher Tursunovda salomatlik bilan bog‘liq muammolar turmada ham davom etmoqda.
«2025 yil 26 noyabr kuni Alisher Tursunov bilan advokatlar bevosita 5-sonli JIEKda uchrashgan vaqtida, uning qon bosimi bir necha marotaba 180 mmdan oshganligi, qandli diabet kasalligi natijasida buyraklari yaxshi ishlamayotganligi, oyoqlari shishib ketganligi va boshqa shu kabi hamroh kasalliklari sog‘ligi va hayotiga jiddiy xavf tug‘dirayotganligi ma’lum bo‘ldi», deydi advokat.
Shuningdek ushbu fakt advokatlik so‘roviga IIV JIED tomonidan taqdim etilgan xatda ham o‘z tasdig‘ini topgan.
Ushbu xatda Alisher Tursunov Qandli diabet II tipi va unga yo‘ldosh kasalliklar tashxisi bilan noyabr oyining o‘zida 3 marotaba ambulator tartibda davo muolajalarini olib kelgani yozilgan. Xususan:
- 5-6 noyabr kunlari – «Qandli diabet II tip. Chap oyoq artrozi» tashxisi bilan;
- 10-14 noyabr kunlari – «Yuqori nafas yo‘llari katari. O‘ng oyoq I barmoq panaritsiyasi» tashxisi bilan;
- 24-30 noyabr kunlari – «Qandli diabet II tip, insulinga muhtoj turi, YIK stabil stenokardiya FS II. GK II. AG II. Xavf IV.» tashxisi bilan» ambulator tartibda davo muolajalarini olib kelgan, deb ko‘rsatilgan.
Advokat Abdulloh Sodiqning ma’lum qilishicha, Departament boshlig‘i o‘rinbosari va tibbiy xizmat boshlig‘i advokatlarga Alisher Tursunov sog‘ligi borasida noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etgan. Xususan, 2025 yil 26 dekabr kuni advokatlar Alisher Tursunov bilan takroran uchrashganida, u xatda ko‘rsatilgan muolajalarning birortasini olmagani, uni faqat tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishgani, lekin yotib davolanmagani, dori vositalari bilan ta’minlanmagani, shuningdek oddiy dam olishga ham ruxsat yo‘qligini ma’lum qilgan.
«Qolaversa, jazoni o‘tash davomida A.Tursunov Qiziltepa tumanida joylashgan g‘isht zavodlarining birida majburiy tarzda ishlashga chiqarilmoqda. Alisher Tursunov sog‘ligining shunday bir yomon holatida 16 soatlab tik oyoqda ishlashga va yurishga majburlanmoqda. Alisher Tursunovning sog‘ligi yaxshi emasligi, qandli diabet kasalligi qiynayotganligi, oyoqlari shishib ketib, buyragi yaxshi holatda emasligi, tanasida har-xil yaralar paydo bo‘layotganligini ko‘ra-bila turib, uni og‘ir va sovuq ob-havoda mehnat qilishga jalb etishdan maqsad nima?», deydi advokat Abdulloh Sodiq.
2025 yil 28 oktabr kuni joylashtirilgan (etap qilingan) mahbusning 1 oy ichida 3 marotaba davolanganligi, qandli diabet, artroz, stenokardiya va boshqa shu kabi hamroh kasalliklar bilan og‘rishi ushbu shaxsni ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tay olmasligini anglatadi, deydi advokat.
Shuningdek, Alisher Tursunov advokatlar bilan suhbatda «2026 yilning 11 martida qonun bo‘yicha jazoning 3/1 qismini o‘tab bo‘lganligi sababli manzil-koloniyaga o‘tkazilishi kerakligini aytgan. Lekin, u o‘ziga har-xil tazyiqlar o‘tkazilib, arzimas narsa bilan qoidabuzarlik rasmiylashtirib, o‘tkazilishini kechiktirishga harakat bo‘lishidan» xavotirlanmoqda.
Bundan tashqari, Alisher Tursunov muassasa xodimlari tomonidan unga nisbatan boshqa mahbuslar qatori bir xil munosabat bo‘lmayotganligini aytgan.
«Bir misol: kimdir oddiy shamollash bilan og‘risa, 5-6 kunlab tibbiy punktda davolanib chiqadi. Biroq uning shuncha kasalligi bo‘lsa-da, oyoqlari shishib ketgan hamda oyog‘idagi yaralar qorayib, gangrena kasalligiga qarab ketayotgan, bir so‘z bilan aytganda ahvoli kritik darajada bo‘lsada davolanishga ruxsat yo‘q. Faqat ishga chiq deb majburlashadi», dedi uning himoyachisi.
Shu bilan birga Alisher Tursunov oyoqlari va undagi yaralar og‘riyotganligi haqidagi shikoyatlari e’tiborsiz qolayotganligini, advokatlari bilan kamroq uchrashish uchun bosimlar bo‘layotganini aytgan.
«Alisher Tursunov oyoqlari va undagi yaralar og‘riyotganligi haqidagi shikoyatlari e’tiborsiz qoldirilmoqda. Unga faqat og‘riq qoldiruvchi ukol qilishlari va bu vaqtinchalik choradan keyin, baribir yurishga qiynalayotganligi aytdi. Shu holida, Alisher Tursunov ikkinchi qavatdagi krovatda uxlashga majbur. Oyog‘idagi yara har bir chiqish va tushishda unga azob bermoqda. Bir necha marotaba yiqilib tushishiga ham sabab bo‘lgan.
Achinarlisi, A.Tursunovga advokatlarining kamroq uchrashuvga kelishi, iloji bo‘lsa umuman kelmasligi uqtirilib, bosimlar bo‘lmoqda», deydi advokat Abdulloh Sodiq.
Advokatning ma’lum qilishicha, himoyasi ostidagi shaxsning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tegishli idoralar IIV, Bosh prokuratura va boshqa tashkilotlarga ariza kiritilgan.
Jinoyat kodeksining 75-moddasi
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 75-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, «hukm chiqarilganidan keyin …jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan boshqa og‘ir kasallikka chalingan shaxs jazoni o‘tashdan ozod qilinishi lozim».
Ushbu moddaga muvofiq tushadigan kasalliklar «Og‘ir kasallikka chalingan mahkumlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish va ularni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish qoidalarini tasdiqlash haqida»gi IIV va SSVning qo‘shma qarorida keltirilgan.
Xususan, diniy ulamo Mubashshir Ahmadga aniq tashxis qo‘yilgan «Qandli diabet II tipi» – qo‘shma qarordagi «Mahkumlarni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar» ro‘yxatida mavjud.
Aslida bunday pretsedent O‘zbekiston huquqiy tizimiga begona emas. Masalan, 2024 yil 19 mart kuni Salim Abduvaliyev «o‘qotar qurollarni qonunga xilof muomalasi»da (JK 248-moddasida) aybdor, deb topilgan va 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.
Oradan 10 oydan ko‘proq vaqt o‘tib, 2025 yil 12 yanvar kuni Salim Abduvaliyev xastaligi tufayli JKning 75-moddasi tartibida jazodan ozod qilingan va ozodlikka chiqarilgan.
Mavzuga oid
15:54 / 09.01.2026
Ombudsman Mubashshir Ahmadning sog‘lig‘i va saqlanish sharoitini o‘rgandi
16:31 / 22.10.2025
«Mubashshir Ahmad sud hukmi ustidan shikoyat bermaslikka qaror qildi» – advokat
14:06 / 09.10.2025
«Odamlar o‘rtasida adolat bilan hukm qiling!» - Mubashshir Ahmadning suddagi so‘nggi nutqi
18:03 / 08.10.2025