Jamiyat | 15:48 / 06.10.2024
9239
5 daqiqa o‘qiladi

“Yiliga 300-400 mln so‘m daromad olaman” – asalari boqib tirikchilik qilayotgan so‘xlik Asalbek aka

So‘x tumanining Devayron qishlog‘ida yashovchi Asalbek Mirtazobekov tog‘ etagida 450 quti asalaridan 14 tonnagacha asal yetishtiradi. Asalarichining bobosi Xo‘jabek Xudaychi ham 1863 yil Buyuk Britaniyadan asalari olib keltirib ko‘paytirgan ekan. “Ismim bejiz Asalbek emas. Bobom, ota-onam ham asalarichilik bilan shug‘ullangan. Qutilardan asal yig‘ishtirayotgan onamni to‘lg‘oq tutib, bol yonida men tug‘ilgan ekanman”, – deydi u.

14 tonnagacha asal olaman...

Men tug‘ilgan kun oilamiz shu qadar ko‘p asal olishganki, hatto xamir tog‘oralarga ham asalga to‘lgan ekan. Shu kuni onam asal yuqli qo‘llarini yuvishga ulgurmasdan tug‘ilgan ekanman. Otam shu sababli ismimni Asalboy qo‘ygan.

Asalbek Mirtazobekov

Butun boshli urug‘imiz asalarichilik bilan shug‘ullangan. 1863 yil bobomiz Xo‘jabek Xudaychi Buyuk Britaniyadan asalari olib keltirib, shu ishni yo‘lga qo‘ygan ekan. Oilamiz XIX asrdan beri asalarichilik bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Bobom Hamidbek, otam Mirtazobek va bobomning otasi Xo‘jabeklar ham asalarichilik bilan shug‘ullangan va bu kasb avloddan avlodga o‘tib kelmoqda.

Hozirda 450 ta asalari qutilari bor, ularda 900 oila yashaydi, 8-14 tonnagacha asal olaman. Shulardan 6-8 tonnasini So‘x tog‘laridan, qolgan qismini paxtazor va daryo bo‘yidagi o‘simliklardan yig‘ilgan asal tashkil etadi.

Toza asal qanday bo‘ladi?

Tog‘ asali ancha foydali, ammo allergiya bilan bog‘liq kasalliklarni rivojlantirishi mumkin, paxtadan olinadigan asal esa allergik kasalliklarga davo hisoblanadi.

Asalarichilikning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor, albatta. 1965 yilgacha asalarilarga birorta dori bermaganmiz. O‘sha yili bir quti arilarga kana yuqib qolib, dori bilan tuzatganmiz. Bu kasb ota kasbim bo‘lgani uchun ham ko‘p sir-asrorlarini otam va onamdan o‘rgandim.

Ko‘pchilik mendan toza asalni qanday farqlash mumkin deb so‘rashadi. Agar asalariga qiyom berishgan bo‘lsa, uning asali eritilganda tiniq turadi. Toza asal esa xira holda bo‘ladi. Eng yaxshi va shifobaxsh asal paxtadan olinadigan asal hisoblanadi. Tog‘ asali esa tanaga quvvat beradi, qondagi gemoglabin miqdorini oshiradi.

Yiliga 300-400 milliongacha daromad

Ishimning mashaqqati ham ko‘p, lekin rohati ham bor. 14 tonna asalning puliga 2010 yil Malibu, yuk tashuvchi fura olganman. Xullas, barakasi ancha yaxshi. Yiliga 300-400 milliongacha daromad topaman. Faqat toza asal sotaman, qiyom aralashtirilganini emas. Toshkent, Farg‘ona, hatto chet davlatlariga ham asal eksport qilamiz.

Ikki quti asalaridan 30-40 kilogrammgacha asal olish mumkin. Bu bir oilani ta’minlay oladi. So‘x tumani sobiq hokimi Farrux O‘sarovning taklifi bilan ko‘plab oilalarga 2 qutidan asalari berganman va ular hozir o‘z faoliyatlarini shu sohada yuritishmoqda. Bir quti asalarini 200-250 mingga sotaman. 2017 yilda 22 ta xonadonga asalari berib, ularga yo‘l-yo‘riqlarini o‘rgatib turganman. Ko‘p shogirdlarim o‘sha yili 300-350 kilogrammgacha asal olishgan.

Kovrak ekish kerak

Asalarichilik sir-asrorlari haqida gapiradigan bo‘lsak, sentabr-oktyabr oylarida asalarilarga dori berish kerak va ojiz asalari bor qutiga jonliroqlarini qo‘shish kerak. Bu birdan amalga oshirilmaydi. Ikki soat ikki qutiga ham atir sepib qo‘yib, keyin ikkisini birlashtirish kerak. 4 ta ustunchali qutiga 3 ta ustunchani joylashtirib chiqish kerak. Qishni o‘tkazgandan keyin 15 apreldan asalari sotish mumkin.

Tuman hokimiga kovrak ekishni maslahat berdim. Bu o‘simlikdan olingan asal ancha shifobaxsh xususiyatga ega bo‘ladi.

Agar 1,5 gektar jopoyadan har bir tadbirkor 4 qutidan asalari olsa, 1 000 dan ortiq tadbirkor ish bilan ta’minlangan bo‘ladi. Asalaridan juda ko‘p foydali mahsulotlar olinadi.

Disbakteriozli tanishlarimga ertalab och qoringa qaynoq suvga 1 yoki 2 qoshiq asalni aralashtirib ichib, 1 soatlardan keyin ovqatlanishni tavsiya berganman. Bu oshqozonida muammosi bor tanishlarimga foyda bergan.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Mavzuga oid