O‘zbekiston | 13:30 / 09.05.2022
5017
3 daqiqa o‘qiladi

Orolbo‘yini “yashil rivojlantirish” uchun 150 million yevro investitsiya kiritiladi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, Yevropa Ittifoqiga a’zo bir qator davlatlar vakillaridan iborat delegatsiyaning Orolbo‘yi mintaqasiga rasmiy tashrifi uyushtirilgan. Tadbir doirasida xorijiy delegatsiyaning Orol dengizining qurib qolgan qismida 27 mingta daraxt ekish aksiyasi rasman boshlangan.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini har tomonlama rag‘batlantirishga qaratilgan qiymati 210 million dollardan ziyod istiqbolli dastur va loyihalar taqdim qilingan.

Ayni payt Orolbo‘yini “yashil rivojlantirish” bo‘yicha qiymati 150 million yevrolik investitsiya loyihasi ishga tushirilmoqda. Ushbu reja mintaqada o‘rmon, suv va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilishni ko‘zda tutadi.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Sharlotta Adrian Orol dengizi yo‘qolib borishi milliy emas, xalqaro fojia ekanini ta’kidlab, Yevropada rivojlanishning yashil yo‘nalishi hamda YeI Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasiga muvofiq, a’zo davlatlar ekologik tanazzulning oldini olish va fojiadan zarar ko‘rgan aholi barqarorligini yuksaltirish borasidagi barcha sa’y-harakatlarda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

YeI BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sherikli Trast jamg‘armasiga 5 million yevro ajratdi. Bundan tashqari, YeI O‘zbekistonga sovg‘a sifatida hamda mamlakat hukumatining cho‘llanishga uchragan yerlarni tiklash borasidagi sa’y-harakatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yil oxirigacha ittifoqqa a’zo 27 davlat nomidan 27000 tup daraxt ekish majburiyatini oldi.

“Shu orqali biz kelajakda “yashil” investitsiya, Orolbo‘yi mintaqasida ekotizimni yaxshilash, barqaror hayotga yo‘l ochish harakatiga hissa qo‘shamiz”, – deydi Sharlotta Adrian.

Bundan oldin O‘zbekiston va Qozog‘iston Senati vakillari Orol dengizini ko‘zdan kechirgandi.

Mavzuga oid