O‘zbekiston | 20:52 / 11.02.2026
13957
3 daqiqa o‘qiladi

Video: Xorijlik fuqaro O‘zbekistondagi dalada avtomat ishlatdi

Kun.uz tahririyatiga harbiy bo‘lmagan shaxs ko‘chada jangovar avtomatdan o‘q uzayotgani aks etgan video kelib tushdi. Ushbu holat Toshkent viloyatining Qibray tumanida sodir bo‘lgani aytilmoqda. Viloyat IIB tekshiruv boshladi.

Foto: Kun.uz

Xorijiy davlat fuqarosi O‘zbekiston hududida, ochiq osmon ostida AK-74 rusumli jangovar qurolni emin-erkin ishlatdi. Kun.uz tahririyatiga harbiy bo‘lmagan ushbu shaxs ko‘chada jangovor avtomatdan o‘q uzayotgani aks etgan video kelib tushdi.

Talaffuzidan u xitoylik ekanini bilish mumkin. Videoni «Kevin Ke» nikli foydalanuvchi Xitoydagi WeChat ijtimoiy tarmog‘iga joylagan. Postda video «Yangiyo‘l shahrida olingani» haqida belgi qo‘yilgan.

Videoda ushbu shaxs ochiq hududda turib, nishon sifatida qo‘yilgan yelim idishlarga o‘q uzayotgani aks etgan. Uning harakatlarini videoga olib turgan shaxs ham xitoy tilida gapirgan, o‘q uzuvchi «2 yuanlik mineral suvga» tekkizgani, «portlagani», «eng kichik kola shishasini urgani» haqida gapirgan.

O‘q otish joyi sug‘oriladigan ekin dalasi bo‘lgan.

Uning qo‘lidagi qurol optik mo‘ljalga olish qurilmasi (pritsel) bilan jihozlangan AK-74 rusumli jangovor avtomat bo‘lishi mumkin.

Kun.uz ushbu videoni Toshkent viloyati IIBga taqdim etdi. Boshqarma matbuot kotibi Bobur To‘laganovning ma’lum qilishicha, videoda ko‘ringan shaxslar Toshkent viloyati, Qibray tumani mahallasida ro‘yxatga olingan va ayni paytda Farg‘ona viloyatida yashaydi.

«Qurolning manbasi, uning olingan joyiga aniqlik kiritilyapti», deya ma’lum qildi IIV rasmiysi.

Ma’lumot uchun, «Qurol to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, jangovar qurolni va uning o‘q-dorilarini olish, saqlash va ulardan foydalanish faqat maxsus organlar va harbiy tuzilmalar tomonidan amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatida Xitoy fuqarolari 2000 so‘mlik banknotani yoqib, uning olovida tamaki tutatgani aks etgan video keng tarqalgandi. Keyinroq ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-3-moddasi bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, sud qaroriga ko‘ra, har biriga BHMning 100 baravari (41 mln 200 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan. Shuningdek, ish beruvchi tomonidan ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bir tomonlama bekor qilingandi.

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов

Mavzuga oid