Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Bu narsa baribir ko‘tariladi” – Murod Nazarov nega daraxtlar kesish tartibini o‘zgartirishni so‘radi?
“Murad Buildings” qurilish kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov Kun.uzʼga bergan intervyusida e’tirozlarga sabab bo‘lgan chiqishining maqsadini tushuntirishga urindi. U bu orqali shaxsiy manfaatini ko‘zlamaganini, taqiq buzilishi ortidan jazo kuchaytirilsa yoki quruvchi qamalsa ham yechim bo‘lmasligini, moratoriy masalasi baribir qayta ko‘rib chiqilishini aytdi. Nazarov o‘zi taklif qilayotgan mexanizm biror davlat tajribasiga asoslanmagan bo‘lsa-da, uning ishlab ketishidan umidvor. “Men hamma tanqidlar, riskni bo‘ynimga olgan holda dolzarb muammoni ko‘tardim”, – deydi u.
17 iyul kuni qurilish sohasiga bag‘ishlangan tadbirkorlar bilan muloqotda Murod Nazarov daraxtlarni kesishga bo‘lgan cheklov bekor qilinishi kerakligi haqidagi taklifni ilgari surdi. Uning aytishicha, yashillik qurilish jarayoniga xalal bermoqda, shu sabab tadbirkorlar ayrim daraxtlarni kesishga majbur bo‘lyapti. Nazarov amaldagi tartib o‘rniga quruvchi kompaniya zimmasiga kesilgan daraxtlar o‘rniga yangilarini ekishni yuklash kerakligini taklif qildi.
Nazarovning ayni fikrlari jamoatchilikning keskin e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Tarmoqlarda turli hazilomuz postlar ham paydo bo‘la boshladi. Tadbirkor ayni mavzuda nima demoqchi bo‘lganini Kun.uzʼga tushuntirishga urindi. Quyida intervyuning qisqa sharhi keltiriladi.
“Daraxtlarni kesishga ruxsat berish kerak deganim yo‘q”
Murod Nazarov dastlab nima uchun bunday fikr bildirganiga to‘xtalarkan, bu orqali shaxsiy manfaatini ko‘zlamaganini qayd etdi. U o‘zini “tizimli muammolarga yetuk, teranlik bilan yondashishga harakat qilgan” deb hisoblamoqda.
“Daraxtlar muammosi katta muammo. Albatta, bu o‘zi oldindan birinchi o‘rinda ekologik, ijtimoiy nuqtai nazardan hammaning katta tashvishi, katta bir xavotiri va katta muhokamalarga sabab bo‘lgan mavzu. Buni hammamiz bilamiz. Bunga befarq bo‘lmagan holda moratoriyni ham qo‘llab-quvvatlaganmiz.
Moratoriy qabul qilindi, to‘g‘ri. Juda “bespredel”, hamma yoqda kesishlar, boshqa balo-battarlar bo‘lgani uchun rezonans [bo‘ldi], bu to‘g‘ri bo‘lgan. Albatta, bunga biz hali ham qo‘shilamiz. Lekin daraxtlar kesilyapti, lat yeyapti. Buni faqat men emas, barchamiz ko‘rib turibmiz. Chunki odamlar 100 foiz taqiq qo‘yilgan narsaning baribir ham qanaqasigadir yo‘lini topadi. Odamlar aqlli, o‘z manfaati yo‘lida baribir yo‘lini topadi. Shuning uchun shu narsaning mexanizmini to‘g‘ri ishlab chiqish kerak. Daraxtlarni kesishga ruxsat berish kerak deganim yo‘q. Nima qilsakki, tabiatga zarar emas, tabiatga karra-karra foydasi tegadigan mexanizm qilsak bo‘ladi, degan mavzuni ko‘tardim”, – dedi u.
Ishbilarmonning aytishicha, kesiladigan daraxtlar o‘rniga oldindan ko‘chatlar ekilishi va qaysi tumanlarda qancha ko‘chat kim tomonidan qadalganiga oid ma’lumotlar yuritilishi kerak. Nazarov bunday tashabbuslar muhokamaga qo‘yilib, ko‘rib chiqilishini taklif qildi.
“Oldindan parvarish qilinsin va kerakli hajmga yetgandan keyin hisobga olinsin. Ya’ni “daraxtlar banki” yaratilsa, oldindan qaysidir tumanlarda ekib qo‘yilsa, “mana bu joyga daraxtlar kerak” deb oldindan ko‘rsatilsa. Qaysi tashkilot yoki shaxs tarafdan ekilgani belgilansa, u kattalashganidan keyin, o‘sha joyiga o‘rnashib olgach, debit-kredit qilishga hisobga olinsin”, – deydi tadbirkor.
Ammo suhbatdosh bunday tajriba qaysi davlatlarda mavjud ekanidan bexabar. Nazarov bu boradagi biror mamlakatning ishlarini aytib berolmadi. U O‘zbekistonda bu taklifning muvaffaqiyatli yurib ketishidan umidvor, lekin ishonchi komil emas.
“Baribir bu narsa bir kun ko‘tariladi, shunchaki taqiq bilan davom eta olmaydi”
Tadbirkor taqiqni bekor qilish emas, uni buzganlik uchun jazo chorasini kuchaytirish borasida o‘ylagani yoki o‘ylamaganiga oid berilgan savolga bu foydasiz ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, moratoriyni bekor qilish masalasi bir kun kelib baribir ko‘tariladi.
“Jazo chorasini qiyinlashtirish kerak, kerak bo‘lsa qamasin. Lekin bitta narsani, achchiq haqiqatni sizga aytaman. Baribir bu narsa bir kun ko‘tariladi. Hozir meni qoralashadi, yomonlashadi. Lekin shu videoni ertaga 5-10 yil [o‘tib] qarashsa, o‘sha paytda shu narsa ishlab chiqarilgan bo‘ladi. Bu narsa shunchaki taqiq bilan davom eta olmaydi.
Ba’zi narsalarga taqiq yechim emas. Shahar renovatsiya, rekonstruksiya bo‘ladi. Insonlar, oddiy jismoniy shaxslar o‘zining uyini 50 – 100 yil o‘tgandan keyin bolalari ertaga buzib o‘rniga quraman deganda ham o‘sha daraxtlarga shikast yetishi xavfi bor. Shunchaki o‘sha 50 – 100 yillik [daraxt] buzilib tushgandan keyin ham hech nima qilolmay o‘tirmaydi-ku. Bu – tabiiy jarayon. Ertaga baribir shu narsa ko‘tariladi”, – dedi Nazarov.
Murod Nazarov bunday kayfiyat hozirda hukumat vakillarida mavjud emasligini, bularning barchasi tadbirkorning shaxsiy prognozlari ekanini aytdi.
“Daraxtlar kesilyapti deganimga ham meni jazolashadi”
Nazarov tarmoqlarda tarqalgan videosida taqiq bo‘lishiga qaramay quruvchilar tomonidan yashillik yo‘q qilinayotganini ta’kidlagan. U tahririyat bilan suhbati davomida bu gapi uchun jazolanishi mumkinligiga urg‘u berdi.
“Hozir shu “kesilyapti” degan gapimga ham meni jazolashadi. “Kim kesdi, qayerda kesdi, gapingga javob ber”... lekin kesilyapti, bu – achchiq haqiqat. Men sizga nimaga yana bugungi shu uchrashuvni qilaylik, dedim. Men sizga yana bitta narsani aytaman. Meni xalq hozir orqamdan so‘kyapti, gapiryapti — nima qilsa, men xursandman, chunki bu munosabat.
Lekin boshqa bir munosabat borki, unga jim qarab tura olmayman. Ba’zi quruvchilar hozir mening ustimdan kulishyapti. Nima deb kulishyapti? “Ey, Murod, jimgina yurib, ishingni qilib, daraxtingni kesib, soqqangni qilib yuravermaysanmi, senga shu kerakmidi?” degan quruvchilar bor. “Senga nima shu qichishmagan joyni qashib” degan quruvchilar ham bor. Men hamma tanqidlarni, riskni bo‘ynimga olgan holda bu dolzarb muammoni ko‘tardim. Bor narsani aytdim va bu narsaning yechimini o‘ylamasak, bu ketishda baribir yo‘qotishga ega bo‘lamiz degan fikrimni bildirdim.
Bu taklif emas, bu lobbi ham emas. Men bu narsani muhokamaga qo‘ydim. Aslida ertaga xalq, bunga ko‘proq tushunganlar baho beradi. Men bu yerda o‘zimni ko‘rsatish yoki daraxt kesishga ruxsat olib olish emas, yo‘q, aksincha, mana shu millatga, vatanga bo‘lgan mas’uliyatimni his qilgan holda fikrimni bildirib, bu mavzu juda xavfli mavzuligini bilgan holimda ko‘tardim”, – dedi u.
Ishbilarmon daraxt kesish borasida mexanizm yaratish tarafdori, ammo bu mexanizm qanday ko‘rinishda bo‘lishini bilmasligini takrorladi.
Toshkent bosh rejasi o‘zgaryaptimi?
Tarmoqlarda rezonanslarga sabab bo‘lgan nutqda yashillikdan tashqari yana bir muhim masala – uzoq yillar kutilib, o‘tgan yili dekabrda tasdiqlangan poytaxt bosh rejasi o‘zgarayotgani ham ma’lum qilingan.
Murod Nazarovga ko‘ra, genplan qabul qilingach, aholi va tadbirkorlar tomonidan e’tirozlar bo‘lgani sabab undagi ba’zi punktlarni “to‘g‘rilash” (o‘zgartirish) borasida ishlar boshlangan.
“Hamma [qurilish] loyihalari hozir yig‘ilib, poylab o‘tiribdiki, o‘sha bosh loyiha oxirigacha tasdiqlangandan keyin ko‘rib chiqiladi. Hali birorta yangi loyiha undan keyin boshlanmagan. Hozir bo‘layotgan loyihalarning hammasi eski, oldingi zamonda ruxsati olingan qurilishlar.
Masalan, zona bo‘yicha uch qavatli bino talabi qo‘yilgan-da. Chunki o‘sha yerda haqiqatan o‘zi past qavatli uylar bo‘lishi kerak. Lekin bundoq qarashsa, orasida o‘zi besh qavatli bino tushib qolgan. Eskidan, sovet paytidan bor. Bu uch qavat bo‘lsa, o‘zi yonida besh qavat turibdi-ku, desa, uni ham sekin to‘g‘rilab chiqishyapti”, – dedi u.
Ya’ni qisqa qilib aytganda, Toshkent bosh rejasidagi ayrim talablar o‘zgarishi mumkinligi qayd etildi. Shuningdek, intervyu davomida tartibsiz qurilishlar, boylar va kambag‘allar hududi paydo bo‘layotgani, Chorvoqdagi kurort shaharcha kabi masalalarda ham gaplashilgan. To‘liq videoni yuqoridagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, ayni e’tirozli chiqishdan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov daraxtlarni kesishni qonuniylashtirishga urinishlarga qarshi chiqqandi.
Keyinroq esa yana bir deputat Javlon Abdullayev “daraxtlar banki” tashkil etish taklifini ekologik jinoyatga tenglashtirdi. Ekopartiya vakili moratoriy sabab yil boshidan beri 453 mingdan ziyod daraxt kesilishi oldi olinganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, MJtKning 79-moddasida daraxtni noqonuniy kesganlik uchun jazo choralari belgilangan. Uni buzganlik fuqarolarga BHM 25 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdorlarga BHM 50 baravaridan 75 baravarigacha jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Mavzuga oid
09:30
Toshkentda narkokurerga aylangan talabalar fosh etildi
21:26 / 07.12.2025
Toshkentda havoni ifloslantirayotgan korxona rahbariga chora ko‘rildi
21:38 / 06.12.2025
Toshkentda jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi
15:27 / 06.12.2025