O‘zbekiston | 18:23 / 06.09.2025
3973
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston zilziladan jabrlangan Afg‘onistonga insonparvarlik yordami yubordi

Oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiy buyumlar ortilgan 300 tonnaga yaqin yuk O‘zbekiston xalqi nomidan Balx viloyatiga yetkazildi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq, Afg‘onistonning kuchli zilziladan jabr ko‘rgan Kunar va Nangarhor viloyatlari aholisi uchun insonparvarlik yordami yuborildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiy buyumlar ortilgan 300 tonnaga yaqin yuk O‘zbekiston xalqi nomidan Balx viloyatiga yetkazildi.

Hayraton shahridagi «Astras» kompaniyasi hududida insonparvarlik yordami topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Balx viloyati gubernatorining o‘rinbosari Nurulhodi Abuidris hamda ikki tomon rasmiylari ishtirok etdi.

Yuborilgan yordam tarkibidan un, guruch, shakar, tushyonka, makaron va qandolat mahsulotlari, yog‘, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh, qadoqlangan ichimlik suvi, 5 mingta yoping‘ich hamda 10 tonnadan ortiq dori vositalari va tibbiy buyumlar o‘rin olgan.

1 sentabrga o‘tar kechasi Afg‘oniston sharqida ro‘y bergan kuchli zilzila 800 nafardan ortiq kishining hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘ldi. Vayronalarni tozalash ishlari olib borilgan sari qurbonlar soni ko‘p ekani, ular 3 mingga yaqinlashgani ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid