Jamiyat | 12:28 / 26.12.2024
9860
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 2,5 yildan beri qidiruvda bo‘lgan ota “dacha”dan topildi

Ota farzandiga aliment to‘lamaslik uchun muntazam ravishda yashash manzilini o‘zgartirib, yashirinib yurgan. U 2022 yil 7 apreldan buyon qidiruvda bo‘lgan.

Foto: MIB

Karmana tumanida farzandi uchun aliment to‘lamasdan qochib yurgan ota dalahovlidan topildi. Bu haqda Kun.uz’ga Navoiy viloyati MIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Karmana tumanida yashovchi R.Yu. farzandi uchun aliment pulini to‘lamaslik maqsadida doimiy ravishda yashirinib, qochib yurgan. Unga nisbatan 2022 yil 7 aprelda qidiruv e’lon qilingan. 

Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida qarzdor ota yaqinda Karmana tumani “Yubiley” dalahovlilari jamiyatidagi dalahovlida yashirinib yotganida ushlangan. R.Yu.ning yig‘ilib qolgan qarzdorligi 49,8 mln so‘mni tashkil qilgan.

Otaga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan. Sudning qarori bilan esa unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llangan. 

Qayd etilishicha, hozirda viloyatda 76 nafar qarzdor otani qidirib topish choralari ko‘rilmoqda. Ushbu shaxslarning 34 nafari respublika hududida yashirinib yurganligi, 38 nafari esa chet ellarga chiqib ketganligi aniqlangan.

Oldinroq Navoiyda aliment to‘lashdan qochib yurgan ota choyxonadan topilgandi

Mavzuga oid