Iqtisodiyot | 18:40 / 25.07.2025
7178
6 daqiqa o‘qiladi

Vazir o‘rinbosari Toshkentning bosh rejasi o‘zgarishini rad etdi. Lekin aks bayonotlar va loyihalar ko‘p

Poytaxt bosh rejasini o‘zgartirish Qurilish vazirligining kun tartibida yo‘q, tadbirkor Murod Nazarovning bu boradagi taklifi ko‘rib chiqilmaydi, deya ma’lum qildi vazir o‘rinbosari Davron Odilov Kun.uz bilan suhbatda. Bu – avvalroq yangragan bayonotlar, xususan vazirlik boshqarma boshlig‘ining gaplarini rad etadi. Toshkentda bosh rejaga zid ekaniga qaramay, ilgari surilayotgan loyihalar ro‘yxati uzayib bormoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Toshkent shahri bosh rejasiga o‘zgartirish kiritish masalasi Qurilish vazirligining kun tartibida yo‘q. Bu haqda Kun.uz muxbirining savoliga javoban vazir o‘rinbosari Davron Odilov ma’lum qildi.

Bu bilan u avvaliga vazirlik boshqarma boshlig‘i, keyin qurilish sohasidagi tadbirkor Murod Nazarov aytgan gaplarni inkor qildi.

“Unaqa narsa (Toshkent bosh rejasini o‘zgartirish – tahr.) bizning kun tartibimizda yo‘q. [Murod Nazarov] vazirlik haqida gapirmadi. Rasmiylar to‘g‘risida ham, Qurilish vazirligi to‘g‘risida ham gapirmadi. Bosh rejani o‘zgartirish haqida ham gapirmadi. “Bosh rejani korreksiya qilishga taklif bermoqchimiz”, dedi. Hali undan hech qanaqa taklif ham kelib tushgani yo‘q, biz uni hali ko‘rib chiqqanimiz yo‘q, ko‘rib chiqmaymiz ham. Qurilish vazirligining kun tartibida yo‘q”, – dedi Odilov Kun.uz muxbiri bilan 23 iyul kungi suhbatida.

Toshkent shahrining uzoq yillar kutilgan, 2045 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 24 dekabr kungi qarori bilan tasdiqlangan edi. Qarorda bundan buyon har qanday qurilish ishlari tasdiqlangan bosh reja asosida bo‘lishi belgilangan.

Oradan yarim o‘tib, 2025 yil 9 iyul kuni Spot nashri Qurilish vazirligi boshqarma boshlig‘i Aziz Xalilovga tayanib poytaxt bosh rejasi o‘zgartirilishi mumkinligi haqida xabar berdi. Xalilov bu haqdagi savolga “bunday ehtimol mavjud” deb javob bergan va yakuniy qaror ekspert xulosalari asosida qabul qilinishini aytgan.

“Hozir Toshkent bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritish maqsadida tahlillar olib borilmoqda. Amaldagi hujjatda ayrim hududlar uchun bino balandligiga oid eskirgan hisob-kitoblardan foydalanilgan. Masalan, bosh rejada 5 qavatgacha balandlik ko‘rsatilgan, amalda esa bu hududlarda 16 qavatgacha qurilish qilsa bo‘ladi”, – degan vazirlik boshqarma boshlig‘i.

17 iyul kuni Savdo-sanoat palatasidagi ochiq muloqotda qurilish sohasidagi tadbirkor Murod Nazarov ham shu haqda gapirdi.

Mana, xudo xohlasa, kutyapmiz: Toshkent shahrining bosh rejasi korreksiya bo‘lyapti. Xudo xohlasa, yaqinda chiqib qoladi, dedi Murod Nazarov daraxtlar kesilishiga moratoriyni bekor qilish haqidagi shov-shuvli taklifini aytishdan oldin.

U ertasiga Kun.uz'ga bergan intervyusida ham shuni takrorlab, mas’ullar bosh rejaga “tuzatishlar kiritish” ustida ish olib borayotganini aytdi.

“Oxirgi korrektirovka kiritilishini biz quruvchilar ham, hamma kutib o‘tiribdi. Chunki e’lon qilinganidan keyin mayda-chuyda qayerdadir inobatga olinmagan joylar chiqib keldi va bu ko‘proq aholi va tadbirkorlar tarafidan asosli e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Qurilish vazirligi va barcha tashkilotlarga ming rahmat, bu narsaga oqillik bilan yondashib, haqiqatan ham mayda-chuyda narsalarda kamchilik borligini ko‘rgan holda, o‘sha narsalar korrektirovka bo‘lyapti”,dedi Murod Nazarov.

Bosh rejaga zid bo‘lishiga qaramay, ilgari surilayotgan yirik qurilish loyihalaridan hozirgacha bir nechtasi ma’lum. Ular shaharning markaziy nuqtalarida joylashgan va bosh rejada ruxsat etilganidan karrasiga baland qilib loyihalashtirilgan:

▪️Islom Karimov ko‘chasidagi “Foton” zavodi o‘rnida 53 qavatli (Nest One'dan ham balandroq) majmua; tashabbuskor – “Foton” AJ, loyiha qiymati – 175 mln dollar:

▪️Beshyog‘och bozori o‘rnida 30 qavatgacha bo‘lgan binolar majmuasi; tashabbuskor – Toshkent shahar hokimligi, loyiha qiymati – 461 mln dollar:

▪️Taras Shevchenko ko‘chasidagi sobiq Geologiya qo‘mitasining binosi o‘rnida 30 qavatgacha bo‘lgan binolar majmuasi; tashabbuskor – “Xamkar Inshaat” MChJ, loyiha qiymati – 180 mln dollar:

▪️Seul ko‘chasida Ritz Carlton brendi ostida kamida 30 qavatli mehmonxona; tashabbuskor – “PD Estates” MChJ XK; loyiha qiymati – 200 mln dollar;

▪️Bunyodkor ko‘chasida, “Katta Qozirobod mahallasi hududida har biri kamida 30 qavatli egizak binolar; tashabbuskor – TSC-HK-Investment (Xitoy), loyiha qiymati – 340 mln dollar;

Foto: Chilonzor tumani hokimligi

▪️Shota Rustaveli ko‘chasidagi Grand Mir mehmonxonasi o‘rnida 30 qavatgacha bo‘lgan binolar majmuasi:

Kompyuter grafikasi asosida qayta ishlangan surat

Bu loyihalar bo‘yicha taqdimotlar – Toshkentning ko‘plab mahallalarida energetika infratuzilmasi yoz jaziramasi bilan bog‘liq yuklamani ko‘tara olmayotgani sabab elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgani fonida ro‘y bermoqda.

Mavzuga oid