Iqtisodiyot | 20:20 / 09.10.2025
4979
6 daqiqa o‘qiladi

Mis sim eksportiga boj kiritiladi. Iqtisodchilar bu xatoligini aytmoqda

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov O‘zbekistonda mis sim eksportiga boj kiritilishi kutilayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bundan maqsad – korxonalarni qo‘shilgan qiymat yaratishga undash. Iqtisodchi Behzod Hoshimov va Otabek Bakirov bu taklifni tanqid qildi.

Davron Vahobov / Foto: O‘zbekiston 24

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov mis simiga boj joriy etilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. U buni qo‘shimcha qiymat yaratishni rag‘batlantirish maqsadi bilan izohladi.

Vahobovning “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda umumiy hisobda o‘rtacha 200 ming tonna atrofida misni qayta ishlaydigan kichik, o‘rta va yirik korxonalar paydo bo‘lgan. Prezident tashabbusi bilan, misdan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar uchun birjada boshlang‘ich narxga nisbatan 4 foizlik chegirmadan foydalanmoqda.

“Olmaliqda 1 tonna misning o‘rtacha narxi 9 ming dollar bo‘lsa, davlat tomonidan berilayotgan 4 foizlik imtiyoz – o‘rtacha hisobda 360 dollarni tashkil etadi. Korxonalar 8 600–8 700 dollarga olib, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratgan holda 12 ming dollargacha mahsulot eksport qilmoqda. Lekin ba’zi tadbirkorlik sub’yektlari misni oddiy sim holida eksport qilyapti – bu esa jahon bozorida bizning mis ishlab chiqaruvchilarimiz imijiga o‘ziga yarasha zarar keltiryapti.

50 mln, 80 mln dollar investitsiya qilgan tadbirkorlar tarafidan yaxshi taklif ko‘tarildi: bunday simlar [eksporti]ga boj o‘rnatish. Bosh o‘rnatilganidan keyin qolgan tadbirkorlik sub’yektlari ham qo‘shilgan qiymat yaratishni o‘ylab ko‘radi”, – dedi Vahobov.

SSP raisining aytishicha, 2025 yilning 8 oyida o‘rtacha hisobda 71 ming tonna mis chegirma bilan sotib olingan bo‘lib, shundan 36–37 ming tonnasi sim sifatida eksport qilingan.

Mis sim eksport qilayotgan korxonalar 300 mingdan 500 ming dollargacha sarmoya kiritgan: pech qo‘yib, uni eritib, sim holatiga keltirib, eksport qilyapti. 30–40 million dollar sarmoya kiritgan korxonalar esa, Davron Vahobovga ko‘ra, “100 foiz to‘lov qilib, ishlay olmayapti”.

“Shu sababli bunday simlarga boj joriy etish orqali qo‘shimcha qiymati yuqori bo‘lgan, 11–11,5 ming dollarlik tayyor mahsulotni Yevropa va AQShga eksport qilishga sharoit yaratiladi”, – dedi u.

Vahobovning ta’kidlashicha, 4 foizlik chegirma OKMKdan mahsulotni 100 foizlik to‘lov bilan sotib olish sharti bilan yana 3 yilga uzaytiriladi va mis sim (7408 TIF TN kodi) eksportiga boj joriy etiladi.

“Undan tashqari, hurmatli prezidentimiz tomonidan aynan birjadan mis sotib oluvchilarga 100 mln dollar ajratildi”, – dedi u.

Eksportga boj qo‘yish – juda xato qaror”

Nyu-York universiteti professori, iqtisodchi Behzod Hoshimov mis sim eksportiga boj joriy etilishiga munosabat bildirib, buni “juda xato qaror” deb atadi.

“Eski davrlarda, chegaradan meva-sabzavot olib chiqayotgan tadbirkorlarni bojxona va chegarachilar ushlagani haqida videolar olinib, televizorda “qayta ishlanmagan tovarlarni olib chiqib, xalq rizqiga tajovuz qilayotganlar” deb ayblashardi.

Eksportga boj qo‘yish – juda xato qaror. Importga boj ham xuddi shunday, O‘zbekistonni kambag‘alashtiruvchi narsa, lekin eksportga har qanday boj – alohida, yanada og‘irroq masala.

Bir tomondan hukumat eksportchilarning transport xarajatlarini qoplab beradi, ikkinchi tomondan esa ularga boj soladi. Aslida bu ikki chorani ham qilmaslik kerak. Eksportchilar o‘z aravasini o‘zlari tortishsin, import qiluvchilar ham shunday. Xuddi shunday, bir tarafdan eksportni ko‘paytirish uchun forumlar va ko‘rgazmalar o‘tkaziladi, ikkinchi tarafdan esa bojlar joriy qilinadi”, – deya yozdi professor.

Uning qayd etishicha, bojlar bo‘yicha qarorlarni parlament qabul qilishi kerak, chunki boj bu – soliq. Soliq solishdan avval esa deputatlar uning iqtisodiy zararlari haqida aniq hisob-kitoblarni ko‘rishi va maslahatlashishi zarur.

Narxlarning erkin shakllanishiga aralashuv”

Iqtisodchi Otabek Bakirov yangilikni “yangi to‘siq” deb ta’rifladi.

“Mahalliy ishlab chiqaruvchilarga mis uchun 4 foizlik chegirmaning berilishi xato qaror bo‘lganini tan olmagunimizgacha, o‘sha xato qaror oqibatlarini tuzatmaguncha yangi va yangi to‘siqlarni qo‘yishda davom etaveramiz. Mis simga endi 5 foizlik eksport boji ham yetarli bo‘lmay qoladi (gazga 20 foizlik boj gaz eksportini to‘xtatib qolayotgani yo‘q-ku). Ayniqsa, mis narxi tinimsiz o‘sish trendini (tonnasi 11 ming dollarga yaqinlashmoqda) namoyish etayotgan paytda, 8 700 dollardan olingan mis bilan bog‘liq spekulyatsiya to‘xtamaydi.

Narxlarning erkin shakllanishiga aralashuv va imtiyozlar doim shunaqa oqibatlar yarataveradi, keyin oqibatlar bilan kurashib yangi to‘siqlar qo‘yamiz va iqtisodiyotga yanada ko‘proq ziyon yetkazamiz”, – deya yozdi Bakirov.

Avvalroq “Yuksalish” harakati bojlar orqali monopoliya yaratmaslikka chaqirgan edi. Harakat pozitsiyasiga ko‘ra, bojlar va limitlar qonun bilan belgilanishi va buni parlament hal qilishi lozim.

Mavzuga oid