Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘onada o‘qituvchilarni tun-u kun navbatchilikka majburlagan topshiriq vazirlikdan tushgani ma’lum bo‘ldi
Maktab vaziri o‘rinbosarining hududiy boshqarmalarga yo‘llagan xatida 25 dekabrdan 5 yanvargacha xodimlardan o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilotda 24 soatlik uzluksiz navbatchilik tashkil qilish va hududiy shtablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish so‘ralgan. Boshqarmalar esa xatda nima so‘ralgan bo‘lsa, shuni tuman-shahar bo‘limlariga, u yerdan esa maktab va bog‘chalarga yo‘naltirgan. Avvalroq aynan shu topshiriqni bajargani uchun Buvayda tumanidagi 37-maktab direktori ishdan olingandi.
Kun.uzʼda buvaydalik o‘qituvchilarning rasman dam olish kunlari ham maktabda qolib tun-u kun navbatchilik qilganiga oid murojaati e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, 37-maktab direktori Hasanboy Nishonov imzolagan va muhr qo‘yilgan buyruq asosida pedagoglar 13 sutka tun-u kun maktabda bo‘lishga majburlangan.
Maktab direktori qabul qilgan ushbu buyruqning kelib chiqish nuqtasi Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi va hukumatga bog‘lanyapti.
Kun.uzʼga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan XDFU (xizmat doirasida foydalanish uchun) grifi bilan hududiy boshqarmalarga yo‘llangan topshiriq xati kelib tushdi. Unda xodimlardan o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilotda belgilangan muddatlar, ya’ni 2025 yil 25 dekabridan 2026 yil 5 yanvariga qadar 24 soatlik uzluksiz navbatchilikni va hududiy shtablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish so‘ralgan.
Xat mazmuni “Vazirlar Mahkamasining 20 dekabrdagi 245-sonli bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida” deb boshlanadi.
Tahririyat hukumatning mazkur bayoni bilan ham tanishdi. Unda (bayonning 28-bandi) 25 dekabrdan 2026 yil 5 yanvarga qadar Vazirlar Mahkamasida tun-u kun ishlaydigan Respublika shtabi faoliyati tashkil etilishi, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari shu sanalar oralig‘ida 24 soatlik uzluksiz navbatchilik va hududiy shtablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Kun.uz ixtiyoridagi hujjatlardan ko‘rinishicha, yangi yil bayrami munosabati bilan o‘qituvchilarning navbatchiligi respublikadagi deyarli barcha maktablarda tashkil qilingan bo‘lishi mumkin.


Eslatib o‘tamiz, ayni xabar tarmoqlarda rezonans uyg‘otgach, Buvaydadagi 37-maktab direktori o‘qituvchilarga ularning lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifa yuklaganlik vaji bilan ishdan olingandi.
Mavzuga oid
22:20 / 11.01.2026
Mehnat inspeksiyasi: “Xorijiy til o‘qituvchilari huquqlari buzilmoqda - bu qonunga zid!”
20:40 / 06.01.2026
Farg‘onada tadbirkorlarga nisbatan chiqarilgan noqonuniy ma’muriy qarorlar bekor qilindi
16:05 / 06.01.2026
Farg‘onada o‘qituvchilarni tun-u kun navbatchilikda turishga majburlagan maktab direktori ishdan olindi
22:32 / 23.12.2025