Jamiyat | 13:03 / 29.04.2020
48229
12 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shtepa hokimi tadbirkorni yengish uchun yana nimalar qilmoqda? Karantin vaqtidagi shoshilinch sud va hokimning noqonuniy qarori

Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida faoliyat yurituvchi «Olimboy hoji» fermer xo‘jaligi rahbari, chorvador Abdumannob Qosimov va Qo‘shtepa tuman hokimi Ilyos Novikov o‘rtasidagi nizoli vaziyat deyarli ikki yildan beri davom etib kelmoqda.

Chorvador va mansabdor o‘rtasida uzoq davom etgan bu «jang»da tuman hokimining «qo‘li baland» kelib turibdi. Oliy sudda «mag‘lubiyatga uchragan» hokim tadbirkorni ta'qib qilishni davom ettirdi va qaysidir ma'noda o‘z maqsadiga erishdi ham.

Hokim qanday qilib fermer bilan qasdlashib qolgani haqidagi yaqin o‘tmishni yodga olamiz.

 Chet eldan naslli qoramol olib kelib baloga qolgan chorvador...

2019 yil 15 mart kuni Kun.uz saytida Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani hududida faoliyat yurituvchi «Olimboy hoji» chorvachilik fermasidagi muammolar haqida ilk maqola e'lon qilindi.

Unda fermer xo‘jaligi manzilli dastur asosida 2018 yili Germaniyadan, har birining narxi 2070 yevro bo‘lgan 99 bosh naslli qoramol olib kelgani, biroq tuman hokimligi tomonidan ozuqa yetishtirish uchun giyoh ham o‘smaydigan, nobop yer maydoni berilgani, buning oqibatida ozuqa-yem taqchilligi yuz berib, qoramollar nobud bo‘la boshlagani bayon qilingan edi.

Aslida tuman hokimligi tomonidan chorvadorga chet eldan qoramollar olib kelingach «Olimboy hoji» xo‘jaligi tasarrufida paxta va g‘alla ekiladigan 58 gektar yerni chorva uchun yem-ozuqa yetishtirishga berilishini aytilgan edi.

Chorvador sayt tahririyatiga murojaat qilishidan maqsad, tuman hokimi bor muammo bilan to‘liq tanishsa, agrar sohadagi eng qiyin yo‘nalishlardan biri chorvachilikka e'tibor qaratar, deb o‘ylaganida bo‘ldi. Ish esa teskarisiga ketadi.

Maqola e'lon qilingach, Qo‘shtepa tumani hokimi I.Novikov tuman IIB boshlig‘iga ariza bilan murojaat qilib, go‘yoki «Olimboy hoji» chorvachilik fermer xo‘jaligi rahbari Abdumannob Qosimov naslli mollarining o‘limiga ozuqa yetishmasligi, unga qumloq joydan yer ajratilgani va boshqa vajlar bilan unga nisbatan tuhmat qilganidan arz qiladi.

Ishni yarim-chala o‘rgangan va kimsan Qo‘shtepa hokimi I.Novikovning chizgan chizig‘idan chiqib keta olmagan IIB profilaktika inspektori esa «o‘z vazifasini a'lo darajada uddalab», A.Qosimovni tuman hokimiga nisbatan tuhmat qilganlikda aybli deb topadi va ishni ma'muriy sudga oshiradi.

Qo‘shtepa tumani ma'muriy sudi mazkur ishni 22 may kuni ochiq sud majlisida ko‘rib chiqib, A.Qosimovni hokim I.Novikovga tuhmat qilgan deb topadi va eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida ma'muriy jarima qo‘llaydi. https://kun.uz/news/2019/07/01/fargona-tong-otguncha-yoki-fermerning-arz-dodlari-oziga-toqmoq-bolib-qaytgani-haqida

Chorvadorning Qo‘shtepa ma'muriy sudi qaroridan norozi bo‘lib yozgan shikoyatini viloyat ma'muriy sudi o‘zgarishsiz qoldiradi. O‘zining haqligiga ishongan A.Qosimov adolat istab Oliy sud ostonasiga bosh uradi.

Ish tafsilotlarini har tomonlama va xolis ko‘rib chiqqan Oliy sud sudyasi M.Nazarov 2019 yil 9 dekabr kuni qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, Qo‘shtepa tuman va Farg‘ona viloyat ma'muriy sudlarining qarorlari bekor qilinib, MJtKning 271-moddasi 1-qismiga asosan A.Qosimovning harakatlarida ma'muriy huquqbuzarlik alomatlari yo‘q deb topildi va unga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik holati tugatildi.

Qo‘shtepa hokimi chorvadorni yana sudga berdi

Qo‘shtepa tumani hokimi Oliy sudda yutqazganidan so‘ng «Olimboy hoji» xo‘jaligi rahbarini bu safar Marg‘ilon tumanlararo iqtisodiy sudiga berib, fermer xo‘jaligining shartnomaviy rejalarni bajarmayotgani uchun yer uchastkasining ijarasini bekor qilishni so‘radi. Uning maqsadi, fermer xo‘jaligining mavjud 57 gektar yerini tortib olish edi. «Olimboy hoji» fermer xo‘jaligi naslli qoramollarni boqish uchun shu yerlarda yem-ozuqa yetishtirayotgan edi. Xo‘jalik  tuman hokimligi tomonidan 150 bosh qoramolni boqish uchun yem-ozuqa yetishtirishga yer berilmaganidan so‘ng, mavjud yer maydoniga g‘alla va chorva uchun ozuqa bo‘ladigan ekinlar ekkan. Axir nima qilsin?   

Marg‘ilon tumanlararo iqtisodiy sudi birinchi bor sudni 24 mart kuniga belgiladi. O‘sha kungi sud jarayonini yoritish uchun Kun.uz muxbirlari ham borishdi. Sudya bizni sud majlisiga kirgizmaslikka rosa urindi. Hatto, Oliy Sud tomonidan, «Muxbirlar sudga kiritilmasin», degan topshiriq bor deb, qandaydir hujjat ham ko‘rsatdi. Uzoq tortishuvlardan so‘ng ruxsat oldik. O‘sha kuni sud uzoq davom etmadi. Sudya hujjatlar yetarli emas ekanligi bois sud majlisini 31 mart kuniga qoldirdi. Bu orada karantin kuchaydi. Javobgar deyilayotgan A.Qosimov sudga «Karantin sababli yo‘llar berkilgan. Advokatim sud majlisida qatnasha olmaydi», deya ariza bilan murojaat qildi.

 Oliy sud rayosati qaroriga bo‘ysunmagan Marg‘ilon tumanlararo iqtisodiy sudi faqat mansabdorlarga bo‘ysunadimi?

 Biroq sud 31 mart kuni bo‘lib o‘tdi. Sudda Qo‘shtepa tuman hokimligi da'vosi qanoatlantirildi.

Sud nega bunday tezkor tarzda  o‘tkazilishini tushuna olmadik.

Chunki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rayosatining 2020 yil 20 mart kungi «O‘zbekiston Respublikasi sudlarida Covid-19 koronavirus infeksiyasini tarqalishining oldini olish to‘g‘risida» qaroriga muvofiq mamlakat sudlarida fuqarolarning shaxsiy qabuli, sud jarayonlari, sayyor sud majlislari to‘xtatilgan edi.

Rayosat qarori 2-bandida, «Sudlar tomonidan faqat kechiktirib bo‘lmaydigan toifadagi - qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llash, qamoqda saqlash muddatini uzaytirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish, ma'muriy qamoqqa olish kabi va shuningdek sud buyrug‘i tartibidagi ishlar ko‘rilsin», deya yozib qo‘yilgan.

Marg‘ilon tumanlararo iqtisodiy sudi mazkur rayosat qarorini o‘qimagan yoki o‘qigan bo‘lsa ham har doimigidek mahalliy hokimlikning bosimiga bardosh bera olmagan ko‘rinadi. Bir so‘z bilan aytganda, Marg‘ilon tumanlararo sud majlisi Oliy sud rayosati qaroriga zid ravishda o‘tkazildi. Yoki sud mansabdorlar ta'sirini Oliy sud rayosati qaroridan ustun ko‘rgan.

Ma'lumki, sudlar jamiyatda qonunchilikni ta'minlaydigan organ. So‘nggi paytlarda Farg‘onada qonunlar faqat mansabdorlar foydasiga ishlayotgani bois bir qator sud qarorlari Oliy sudda sinayotganidan xabardormiz. 

Hokim qonundan ustunmi?

Oliy sud rayosati qaroriga zid ravishda o‘tkazilgan Marg‘ilon tumanlararo sudining hal qiluv qarori chiqqan kunning ertasiga, 1 aprel kuni  Qo‘shtepa tumani hokimi I. Novikov «Olimboy hoji» fermer xo‘jaligi bilan yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi bekor qilinishi munosabati bilan umumiy yer maydoni 66 gektar, shundan ekin maydoni 57,4 gektar yer maydonini tuman zaxirasiga qaytarish va tender komissiyasi o‘tkazish haqida 203 – sonli qarorini chiqardi.

Qo‘shtepa tuman hokimi mazkur qarori esa noqonuniy hisoblanadi. Chunki, qarorga asos qilib olingan sudning hal qiluv qarori hali kuchga kirmagan edi. Iqtisodiy protsessual kodeksining 192-moddasiga ko‘ra hal qiluv qarori, agar uning ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilinmagan (protest keltirilmagan) bo‘lsa, u qabul qilingan kundan e'tiboran bir oylik muddat o‘tgach, qonuniy kuchga kiradi.

«Olimboy hoji» xo‘jaligi rahbari esa apellyatsiya tartibidagi shikoyatini berib bo‘lgan. 

23 aprel kuni esa «Olimboy hoji» xo‘jaligiga Qo‘shtepa tuman hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari F.O‘rinov va «FERGANA GLOBAL TEXTILE» jamiyati vakili keladi. Ularning qo‘lida tuman hokimining «Olimboy hoji» xo‘jaligiga tegishli yerlarni tenderda g‘olib chiqqan «FERGANA GLOBAL TEXTILE» jamiyatiga ajratib berilgani haqida qarori bor edi. Ularning bildirishicha, «Olimboy hoji» fermer xo‘jaligining belga urib turgan bug‘doylari haydatilib, uning o‘rniga chigit ekilar ekan.    

Endi, «hokim buva» har kuni goh o‘rinbosarini, goh tuman ichki ishlar boshlig‘i o‘rinbosarini jo‘natib, A.Qosimovga «Tezroq bug‘doyni yo‘qoting. Bu yerga paxta ekiladi», degan topshirig‘ini yetkazmoqda.

Fermer: «Ekishga yer yo‘q bo‘lgach, qoramollarimni hokimiyat binosiga olib borib beraman»

«Hozirgi kunda Germaniyadan olib kelingan mollar yaxshi sut beryapti. Bular ko‘payish arafasida. Yil oxirida 50 bosh sigir ko‘payishi hisobiga 100 bosh sigir va 70 bosh buzoqchani saqlab qoldik. Hozir 170 bosh bo‘ldi. Chorva hayvonlari uchun yer ajratib berish bo‘yicha viloyat, tuman hokimliklariga va boshqa tashkilotlarga murojaat qildim. Mart oyida tuman hokimligi o‘sha 56,7 gektar yerni zaxiraga olish to‘g‘risida Marg‘ilon shahar tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza berdi. Karantin tufayli advokat kelolmasligi haqida ariza yozib murojaat qilishimga qaramay, 31 mart kungi qaror bilan yerni tuman hokimligi zaxirasiga olishdi. Sudya «bir oy muddat ichida norozi tomonlar shikoyat tarzida murojaat qilishga haqli», dedi.

Mening yerimga e'lon berib, tender asosida boshqa tadbirkorga berib yuborishayotgani ma'lum bo‘ldi. Endi shuncha chorva hayvonlarini qanday qilib boqaman? Mana, ikki yil ichida men murojaat qilmagan tashkilot va idora qolmadi. Ishchi o‘rni yaratib, chorva hayvonini boqib, azobda qoldik. Axir, hayvonlarning ham uvoli bor. Endi qoramollarni qanday qilib boqaman? O‘zi Marg‘ilondan 50 kilometr masofadan qatnab ishlayman.

Endi chorva hayvonlarini tuman hokimligiga haydab olib borib, «Mana, qoramollarni ham  yerga qo‘shib olaveringlar» deb, tashlab kelishdan boshqa ilojim qolmadi», deydi chorvador.

Mavzu yuzasidan surishtiruvlarni davom ettiramiz va tez kunlarda Qo‘shtepa tuman hokimi bilan maqolada ko‘tarilgan mavzu yuzasidan intervyu uyushtirishga harakat qilamiz. Hokim I.Novikov bu taklifimizga qarshilik bildirmaydi va rozi bo‘ladi deb umid bildirib qolamiz.

Elmurod Ermatov

Mavzuga oid