O‘zbekiston | 11:47 / 15.07.2023
6839
3 daqiqa o‘qiladi

“Star Med”ning litsenziyasini bekor qilishga oid sud qarori vaqtincha to‘xtatib turiladigan bo‘ldi

Farhod Mannopovning o‘limi ortidan litsenziyasi bekor qilingan “Omad plyus” MChJ birinchi instansiya sudining hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati kiritgan. Klinika vakilining iltimosnomasiga asosan apellyatsiya sudlov hay’ati ishni ko‘rib chiqishni “Star Med” klinikasiga doir jinoyat ishining tergovi yakunlanib, sud natijasi chiqqunga qadar to‘xtatish haqida ajrim chiqargan.  

Foto: KUN.UZ

Mittivine yumoristik loyihasi asoschisi Farhod Mannopov vafot etgan xususiy klinika oldinroq sud qarori bilan tibbiy faoliyatini amalga oshirish uchun 2021 yil fevralda berilgan litsenziyasidan mahrum bo‘lgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligining da’vo arizasi bo‘yicha Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining 2023 yil 2 iyundagi hal qiluv qarori bilan “Omad plyus” MChJga berilgan litsenziya bekor qilingandi.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning ma’lum qilishicha, “Omad plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyati birinchi instansiya sudining hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Apellyatsiya shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilib, ariza talabini qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish so‘ralgan.

13 iyul kuni Toshkent viloyat sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida ish doirasida ochiq sud majlisi o‘tkazilgan. Unda javobgar vakili sudga yozma ravishda iltimosnoma bilan murojaat qilib, “Omad plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli Star Med klinikasida fuqaro Farhod Mannopovning vafot etganligi holati yuzasidan Chilonzor tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligini va hozirda ushbu jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilayotganligini ma’lum qilgan holda tergov harakatlari nihoyasiga yetib, sud qarori qabul qilingunga qadar Iqtisodiy protsessual kodeksining 101-moddasi (sudning ish yuritishni to‘xtatib turish majburiyati) 1-bandiga muvofiq mazkur apellyatsiya shikoyatini ish yuritishdan to‘xtatib turishni so‘ragan.

Sudlov hay’ati tomonidan javobgarning mazkur iltimosnomasi qanoatlantirilib, apellyatsiya shikoyati bo‘yicha apellyatsiya instansiyasida ish yuritish to‘xatilgan.

Ish apellyatsiya shikoyati tartibida qayta ko‘rib chiqilayotgan paytda birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonunan kuchda bo‘lmaydi. Demak, Star Med klinikasi apellyatsiya shikoyati ish yurituviga qayta tiklanib, sudda ko‘rib chiqilgungacha bo‘lgan muddatda faoliyat yuritib turish imkoniga ega. 

Eslatib o‘tamiz, taniqli bloger Farhod Mannopov 2023 yil 5 martga o‘tar kechasi 27 yoshida Star Med klinikasida vafot etgandi. Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 116-moddasi bilan ish ochilgan hamda u operatsiya qilingan Star Med klinikasi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgandi.

Avvalroq SSV Farhod Mannopovning o‘limi yuzasidan Star Med Center klinikasida o‘tkazilgan tekshiruv natijalarini ochiqlagan, bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatgan anesteziolog va reanimatolog, plastik jarroh, laborant shifokor hamda ultratovush tekshiruvlari shifokorida malakaviy toifa bo‘lmagani aytilgandi.

Mavzuga oid