10:39 / 30.09.2016
8042

AQSh Suriya muxolifatini uchinchi tomon qurollantirishidan ogohlantirmoqda

Rossiya va AQSh o‘rtasida Suriya bo‘yicha kelishuv barbod bo‘lsa, Vashington Suriya muxolifatini uchinchi tomon qurollantirishini nazorat qila olmasligi mumkin. AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Entoni Blinken Sputnik agentligiga bergan intervyusida shunday fikrlarni bildirgan

«Ko‘pgina tashqi o‘yinchilar bor. Biz o‘tgan yillar davomida ularning ayrimlarini qaytarib turdik. Biroq, Suriyadagi turli guruhlarni qo‘llab-quvvatlayotganlarni to‘xtatib qolish qiyin bo‘ladi», — degan Blinken.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Halabga uyushtirilayotgan hujum Suriyadagi qurolli ziddiyatning yanada keskinlashuviga olib keladi. «Halabga amalga oshirilayotgan dahshatli hujum oqibatida fuqarolik urushi avj olib ketishi mumkin», — degan amerikalik diplomat.

Blinkenning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya va AQShning Suriya bo‘yicha kelishuvi Damashq va Moskva harakatlari tufayli barbod bo‘lish yoqasida turibdi. 

Avvalroq, Reuters agentligi xabar qilganidek, AQSh prezidenti Barak Obama ma'muriyati Suriya hukumat qo‘shinlarining Rossiya ko‘magida Halabga hujumni kuchaytirishiga qarshi qat'iyroq choralar ko‘rish imkoniyatlarini muhokama etmoqda. Bunday choralarga AQShning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilariga isyonchilarni zamonaviy qurollar bilan ta'minlashga izn berishi ham kiradi. 

29 sentabr kuni AQSh davlat kotibi Jon Kerri Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan telefon orqali muloqotida Moskvadan Suriya armiyasi Halabga hujumni to‘xtatishi uchun Damashqqa bosim o‘tkazishni va o‘t ochishni to‘xtatish tartibiga qaytishni talab qilgan. 

Rossiya TIV esa AQSh bayonotini tovlamachilik deb baholagan edi.

Mavzuga oid
Top