Jahon | 08:48 / 22.10.2016
14450
2 daqiqa o‘qiladi

"Qotil-masxarabozlar" Germaniyaga ham yetib keldi

Foto: © AP

AQShda paydo bo‘lib, ommalashib ketgan, odamlarni qo‘rqituvchi "qotil-masxarabozlar" o‘zining qo‘rqinchli qiyofalari bilan Germaniyada ham paydo bo‘ldi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.  

Germaniyada bir hafta ichida masxaraboz kiyimidagi kimsalar piyodalarga hujum qilishining 5 ta holati qayd etildi. Gelzenkirxenda masxaraboz kiyimidagi 16 yoshli o‘smir beysbol bitasi bilan tanishlarini qorong‘u burchakda poylab turgan. Oqibatda "hazilkash"ning xatti-harakatlaridan bir o‘smir jabr ko‘rgan. O‘smirga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Shunga o‘xshash voqealar Berlin, Graysvaldda va ikki marta Rostokda ham yuz bergan, biroq hech qanday jarohatlanganlar va qurbonlarsiz o‘tgan. 

Politsiyachilar masxarabozlarning ko‘payishini G‘arbda 31 oktabrda nishonlanadigan  Xelouin bayrami bilan tushuntirishmoqda. Bu bayramda qo‘rqinchli kiyimlarga kiyinish urf bo‘lgan. Germaniya politsiyasi kasaba uyushmasi rahbari Rayner Vendt fuqarolarga "qotil-masxaraboz" kiyimida odamlarni qo‘rqitish holatlari haqida huquq-tartibot muassasalariga xabar berishni tavsiya qildi.

"Bunday bezorilar Xellouinga yaqin ko‘payishi xavotiri bor, bu ahmoqona tendensiya tobora ommalashmoqda. Bu "masxarabozlar" tentaklar emas, ular jinoyatchilar", deb aytdi Vendt.

Oxirgi mahal g‘arb davlatlarida "qotil-masxarabozlar" kiyimida odamlarga hujum qilish, ularni hazillashib qo‘rqitish holatlari ommalashib ketdi. Ba'zida bunday "hazillar zil bilan tugayotgan" holatlar ham qayd etilmoqda. 

 

Mavzuga oid