Jahon | 19:34 / 25.10.2016
25180
3 daqiqa o‘qiladi

BMT: IShID qamal vaqtida Mo‘sulda turli vahshiyliklarni amalga oshirmoqda

GETTY IMAGES

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi Iroq harbiylari va xalqaro koalitsiya qamalida qolgan Mo‘sul shahri va atrof hududlarda IShID jangarilari tinch aholi vakillarini turli qiynoqlarga solayotgani haqida ma'lum qildi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bergan.

Xabarda aytilishicha, jangarilar tomonidan vahshiylikning turli ko‘rinishlarida o‘ldirilayotganlar orasida bolalar ham bor.

Safina qishlog‘ida 15 kishi qatl etilgan va ularning tanalari daryoga uloqtirilgan.

Yana bir qishloqda 6 kishi avtomobilga bog‘lab sudralgan. Ular tirik qolgan-qolmagani aniq emas.

Shuningdek, jangarilar tinch aholi vakillaridan jonli qalqon sifatida foydalanayotgani aytilgan.

«20 oktabr kuni Mo‘suldan uzoq bo‘lmagan hududdagi qishloqda vahshiylik bilan o‘ldirilgan 70 kishining jasadi topildi. 23 oktabr kuni otib tashlangan 50 kishining jasadi aniqlandi, ular Iroq politsiyasining sobiq xodimlari bo‘lgan», — degan BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Rupert Kolvill.

Kolvillning aytishicha, jangarilar shahardan qochishda foydalanmoqchi bo‘lgan "jonli qalqon" kolonnasiga qo‘shilishni istamagan 3 ayol va 3 qizni otib tashlagan.

«Bular dastlabki ma'lumotlar — qatl etilganlar soni bundan ko‘p bo‘lishi mumkin», —deya qo‘shimcha qilgan amaldor.

23 oktabr kuni Mo‘sulda shahar aholisi vakillari bo‘lgan 16 kishi ko‘prikdan pastga tashlab yuborish orqali o‘ldirilgani ma'lum bo‘lgandi.

Yana bir qatl marosimi 20 oktabrdan 21 oktabrga o‘tar kechasi yuz bergan. O‘shanda jangarilar 284 kishini shahardan qochib ketmoqchi bo‘lgani uchun ommaviy ravishda qatl qilgandi. Ular otib tashlanib, ularning jasadi shahar shimolidagi kollej ortida qazilgan o‘raga buldozer bilan surib tashlab ko‘mib yuborilgan.

17 oktabr kuni Iroq harbiylari kurdlarning "Peshmerga" guruhi bilan ittifoqchilikda IShIDning Iroqdagi markaziy shahri hisoblanadigan Mo‘sulga hujum boshladi. O‘tgan hafta o‘rtasida AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya rahbari, amerikalik general Geri Voleksi jangarilar shahardan qochishga tushgani haqida xabar berdi.

Mo‘sul 2014 yilning yozida jangarilar tomonidan bosib olinganida unda 2 milliondan ortiq kishi istiqomat qilgan. Jangarilar kelgach, imkon topganlar shahardan qochib ketgan, hozirda shaharda taxminan 700 ming kishi yashaydi.

Mavzuga oid