17:05 / 25.10.2016
9990

Qirg‘iziston mamlakat Konstitutsiyasining asl nusxasi yo‘qolganini tan oldi

Foto: kabar.kg

Qirg‘iz Respublikasi Konstitutsiyasining rahbar shaxslar imzosi qo‘yilgan asl nusxasi mavjud emasligi tasdiqlandi. Bu haqda, RIA «Novosti» agentligi respublika prezidenti apparatiga tayangan holda xabar qilmoqda. 

Avvalroq, mamlakat parlamenti deputatlari konstitutsiyaning asl nusxasini taqdim etishni talab qilishgan edi. Keyinchalik, adliya vazirligi va prezident apparatidagi asosiy qonunlar to‘plami hujjatning nusxalari ekani aniqlangan. 

Ta'kidlanishicha, ikkita hujjat: 2010 yil 19 mayda muvaqqat hukumat dekreti bilan referendumga ovozga qo‘yilgan konstitutsiya loyihasi va 2010 yil 26 mayda muvaqqat hukumat dekreti bilan tasdiqlangan konstitutsiya loyihasiga kiritilgan tuzatishlar Konstitutsiyaning asl nusxasi hisoblanadi. 

Shu bilan birga, Qirg‘iziston prezidenti apparati konstitutsiyaning qonuniyligi, 2010 yil 6 iyulda «Erkin Too» gazetasida chop etilgan Asosiy qonun bilan belgilanishini ta'kidlamoqda. 

Ammo, bu yerda yana bir masala kun tartibiga chiqadi, deya izoh beradi Zanoza.kg sayti. Unga ko‘ra, konstitutsiya prezidentning tantanali qasamyodidan 3 kun o‘tgach OAVda nashr qilingan. Shunga binoan, Asosiy qonun matni kechroq chop etilgan bo‘lsa, mamlakat prezidenti qaysi konstitutsiya asosida qasamyod qilgan? 

Shunday qilib, konstitutsiyaning asl nusxasini ham aslida rasmiy shaxslardan hech biri referendumdan avval ham, keyin ham tasdiqlamagan, imzo chekmagani oydinlashadi. 

Ma'muriyatda qo‘shimcha qilishlaricha, mavjud kamchilikni 2016 yil 11 dekabrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan «Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida» referendum bilan tuzatish mumkin.                                                                                                                                                                          

Eslatib o‘tamiz, referendum o‘tkazish qonun loyihasini muhokama qilish chog‘ida "Ata-Meken" sotsialistik partiyasining parlament fraksiyasi davlat hokimiyati organlariga murojaat qilib, mamlakat Asosiy qonunining ilk nusxasini ko‘rsatishni talab qilgan edi. "O‘zgartish kiritishdan avval, uning aslini topishimiz kerak, aks holda biz nimaga o‘zgartish kiritayotganimiz noaniq bo‘lib qoladi", — degan edi respublika sobiq prokurori, deputat Aida Salyanova. Sotsialistlar, shuningdek, Konstitutsiyaning aslini topish uchun maxsus komissiya tuzishni ham taklif qilishgandi.

Mavzuga oid
Top