09:14 / 16.12.2016
4341

Xitoyda yuqori lavozimli amaldorlardan biriga nisbatan tergov boshlandi

Xitoyning korrupsiyaga qarshi bosh organi – Xitoy Kommunistik Partiyasi (XKP)ning intizom bo‘yicha Markaziy komissiyasi – adliya vazirligining yuqori lavozimli amaldoriga nisbatan tergov jarayonini boshladi. U partiya intizomini “jiddiy buzganlikda” gumon qilinmoqda, deyiladi mahkama bayonotida.

Ma'lum bo‘lishicha, adliya vazirligining siyosiy bo‘limi rahbari Lu Enguanning faoliyati tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Amaldor avval tabiiy resurslar vazirligida ishlagan. Lu Enguan adliya vazirligiga 2009 yilda o‘tgan bo‘lib, hozirgi lavozimiga 2015 yilda tayinlangan.

Enguan aynan nimada gumon qilinayotgani noma'lum, biroq odatda “partiya intizomini jiddiy buzganlik” iborasi korrupsiyaga qarshi tergov jarayonida qo‘llaniladi.

Ma'lumot uchun, Si Tszinpin XKP MQ bosh kotibi (2012 yilning noyabri) va XXR raisi (2013 yilning marti) lavozimlariga kelganidan so‘ng mamlakatda korrupsiya bilan keng qamrovli kurash kampaniyasi boshlandi. O‘shandan beri minglab amaldorlar partiya intizomini buzganlik va korrupsiyada ayblanib jazoga tortildi.
 

Top