14:30 / 13.01.2017
8720

Qozog‘iston milliy iqtisodiyot vaziri korrupsiya ishi bo‘yicha hibsga olindi

Foto: Kp.ru

Qozog‘iston milliy iqtisodiyot vazirligining sobiq rahbari Kuandik Bishimbayev hibsga olindi, deb xabar qilmoqda Korrupsiyaga qarshi kurash milliy byurosi. 

"12 yanvarda Ostonaning Olmaota ikkinchi tuman sudi tomonidan Kuandik Bishimbayevga nisbatan "hibs"ga olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Bishimbayev bir guruh shaxslar bilan kelishgan holda bir necha marotaba o‘ta yirik miqdorda pora olganlikda ayblanmoqda. Tergov ishlari davom etmoqda", - deyiladi xabarda. Sobiq vazir ikki oy muddatga qamoqqa olingan. 

2016 yil dekabr oyi oxirlarida Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev milliy iqtisodiyot vazirligiga yangi rahbar tayinlagan edi. 2016 yil may oyidan beri ushbu lavozimni egallab kelgan Kuandik Bishimbayev "Bayterek" xoldingidagi faoliyati yuzasidan ayrim shubhalar sababli vazifasidan ozod etilgandi. 

Bishimbayev 2013 yil mayidan 2015 yil mayigacha davlat moliya institutlarini boshqaruvchi "Bayterek" milliy xoldingiga rahbarlik qilgan. 

Top