15:04 / 14.02.2017
20406

Reportaj: Bobur yurti Andijonda shoir tavalludi

Bugun erta tongdan Andijon shahridagi Bobur maydoni shoh va sarkarda, benazir shoir, jahon madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan hamyurtimizning 534 yillik tavallud kunini nishonlash uchun tashrif buyurganlar bilan gavjum bo‘ldi.

Viloyat hokimligi vakillari, mehmonlar, ziyolilar va talaba-yoshlar sohibi devon haykali poyiga guldastalar qo‘yishdi. 

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi o‘rinbosari Manzuraxon Yunusova, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Muhammad Ali, Afg‘oniston Respublikasi ilmiy-madaniy markazi raisi, Boburshunos olim Azizillo Arol, yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari shoira Xurshidabonular Zahiriddin Muhammad Bobur qoldirgan adabiy-ilmiy meros jahon adabiyotining nodir xazinalari sifatida asrlar davomida e'zozlanib kelinayotgani haqida so‘zladilar. Zulfiya mukofoti sohibasi, yosh shoira Saidabonu Abdusalomova hamda talabalar shoir ijodidan namunalar o‘qishdi. 

Shoirning dilbar g‘azallari, purma'no ruboiy va masnaviylari, nomini dunyoga mashhur qilgan “Boburnoma”si, musiqa ilmiga doir durdona asarlari uning naqadar serqirra ijodkor egasi ekanligidan darak beradi. Badiiy nasrning betakror namunasi bo‘lgan “Boburnoma” tarixiy-memuar asari jahonning 70 dan ortiq mamlakatlari muzeylaridan joy olgan. Bu shoh asarning 30dan ortiq tilga tarjima etilgani uning naqadar katta ahamiyatga ega ekanligidan dalolatdir. 

Tadbirlar doirasida “Bog‘i Bobur” majmuasida ilmiy konferensiya hamda “Nazm va navo” kechasi bo‘lib o‘tdi. 

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid
Top