02:33 / 19.04.2017
28677

«Real» va Ronaldu overtaymda «Bavariya»ni yengib yarim finalga yo‘l oldi

Yevropa chempionlar ligasining 1/4 final javob uchrashuvlari doirasidagi markaziy to‘qnashuv Madridda, «Real» va «Bavariya» jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limi asosan madridliklarning tashabbusi ostida kechdi. Lekin bo‘limda hisob ochilmadi.

53-daqiqada Kazemiro Robbenni o‘z jarima maydonchasi ichida yiqitdi va bu penalti belgilanishiga sabab bo‘ldi. 11 metrlik jarima zarbasini Robert Levandovski aniq bajarib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.

76-daqiqada Kazemiro Myuller bilan to‘p  uchun kurashda ustun kelib, Krishtiano Ronalduni pas bilan ta'minladi. Portugaliyalik hujumchi boshi bilan to‘pni darvozaga yo‘llab, muvozanatni tikladi. Lekin oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas Serxio Ramos o‘z darvozasiga gol urib qo‘ydi.

84-daqiqada esa o‘yindagi hal qiluvchi voqea ro‘y berdi, myunxenliklar jamoasi yarim himoyachisi Arturo Vidal Marko Asensiodan to‘pni olib qo‘yish uchun harakati vaqtida qo‘pollik ishlatgan deb topildi va ikkinchi sariq kartochkasini olib, maydonni tark etdi.

Qolgan vaqtda boshqa gol urilmadi va asosiy vaqt 1:2 natijasi bilan tugadi. Natijada barcha masala qo‘shimcha bo‘limlarga qoldirildi.

Overtaymning birinchisi o‘z yakuniga yetayotgan pallada Ramos to‘pni jarima maydoniga uzatib berdi, Ronaldu vaziyatdan unumli foydalanib, hisobni tenglashtirdi. 110-daqiqada Marselo raqib jarima maydoniga yorib kirdi va to‘pni Ronalduga yetkazib berdi, portugaliyalik hujumchi esa to‘pni bo‘sh darvozaga joyladi - 3:2.

Oradan ikki daqiqa o‘tib Marko Asensio raqib futbolchilarini aldab o‘tib gol urdi va uchrashuvga nuqta qo‘ydi - 4:2.

Shu tariqa, «Real» qiyin kechgan uchrashuvda «Bavariya» ustidan g‘alabaga erishdi va yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Chempionlar ligasi
1/4 final, Javob uchrashuvi

Real (Ispaniya) – Bavariya (Germaniya) 4:2
Gollar: 0:1 – 53, penalti Levandovski, 1:1 – 76 Ronaldu, 1:2 – 77, avtogol Ramos, 2:2 – 104 Ronaldu, 3:2 – 109 Ronaldu, 4:2 – 112 Asensio.
Real Madrid – Navas, Nacho, Marselo, Karvaxal, Ramos, Modrich, Kazemiro, Kroos, Isko (Vaskes, 71), Ronaldu, Benzema (Asensio, 64).
Bavariya – Noyyer, Boateng, Xummels, Alaba, Lam, Vidal, Xabi Alonso (Myuller, 75), Alkantara, Robben, Riberi (Duglas Kosta, 71), Levandovski (Kimmix, 88).
Ogohlantirishlar: Vidal (5), Kazemiro (40), Xabi Alonso (70), Xummels (75), Robben (101).
Chetlatish: Vidal (84).
Birinchi uchrashuv – 2:1

Mavzuga oid
Top