00:34 / 30.04.2017
19913

Qirg‘izistondagi ko‘chki: odamlar ogohlantirishlarga qaramay, o‘z uylarini tark etishni istashmagan

Qirg‘izistonda 29 aprelda yuz bergan kuchli ko‘chki oqibatida 24 kishi, jumladan 9 bola halok bo‘ldi. Tosh, loy va muzdan iborat million kub metrlik ko‘chki qishloqlardan biridagi uylarni bosib qoldi. Hukumat ko‘chki yuz berishi mumkinligidan ogohlantirganiga qaramay, qishloq ahli o‘z uylarini tark etishni istamagan. Ayni vaqtda voqea joyida qutqaruv-qidiruv operatsiyasi olib borilmoqda. Qirg‘iziston favqulodda vaziyatlar vazirligida sellar takrorlanishi mumkinligi aytilmoqda.      

Ko‘chki O‘sh viloyatining O‘zgan tumanida joylashgan Ayuu qishlog‘idagi bir necha uyni tonggi soat 7 larga yaqin bosib qoldi. Bu qishloqda 1300 kishi yashaydi. Ko‘chki qishloqning chekkasidagi 11 ta uyni bosib qolgan. Uylardan 7 tasida odam yashagan. Ko‘chki vaqtida ular hali uyquda bo‘lganlar.

Hozirda voqea joyida 100 dan ko‘proq harbiy va 200 ga yaqin qutqaruvchi ishlamoqda. Ular vayronalar ostidan odamlarni chiqarib olishga urinmoqdalar. Omon qolganlar evakuatsiya qilindilar. Tabiiy ofat yuz berishi avvaldan prognoz qilingandi va mahalliy aholi bundan ogohlantirilgan.

"Mart-aprel oylarida xodimlarimiz bu yerda tekshiruv o‘tkazib, aholiga ketishga ko‘rsatma bergan. Biroq mahalliy aholi bu joylarni tark etishga va'da berib, buni amalga oshirmagan", deb aytmoqda Qirg‘iziston favqulodda vaziyatlar vaziri  Kubatbek Bo‘ronov.

Odamlar uylarini tark etishni, chorvalari, xo‘jaliklarini tashlab ketishni istashmagan. Kechagina qishloq ahli ko‘chkilarda o‘z hayotlariga xavf ko‘rmagan bo‘lsa, bugun bu yerlardan xavfsiz joylarga ketishga intilmoqda. 

Ko‘chki elektr uzatish liniyalariga shikast yetkazgan, buning oqibatida 700 ta uy chiroqsiz qolib ketgan. Bosh yo‘l berkilib qolgan. Ko‘chki oqimi to‘xtamayapti, u har soatda kishloqqa 5 metrdan surilib kelmoqda. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, xavf darajasi hamon yuqori.

"Yuqorida yoriqlar vujudga kelgan. Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yerda 7 mln kub metr hajmdagi tuproq ko‘chishi mumkin. Bu juda ulkan massadir va u qishloqqa katta xavf soladi", deb aytmoqda mutaxassislardan biri. 

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev qurbonlar yaqinlariga va qarindoshlariga hamdardlik bildirdi. Unga qutqaruv operatsiyasining borishi haqida har soat hisobot berib borilmoqda.

"Bu dahshatli saboqdan hammamiz xulosa chiqarishimiz kerak. Mol-mulkni jondan ustun qo‘yish kerak emas. Agar kimgadir o‘zining hayoti muhim bo‘lmasa, gunohga botmay, farzandlari haqida o‘ylasin. Narigi dunyoga hech kim o‘zi bilan hech narsa orqalab ketolmaydi", deb kuyunib gapirdi prezident. 

Xavfli hududda 250 ta uy qolmoqda. Mahalliy aholi evakuatsiya qilinmoqda. 30 aprel Qirg‘izistonda motam kuni deb e'lon qilindi.  

Mavzuga oid
Top