11:56 / 02.05.2017
22990

Yolg‘on xabar IIB xodimlarini 5 kun sarson qildi

Foto: Sputnik

Yolg‘on xabar IIB xodimlarining 5 kunini “o‘g‘irladi”. Bu haqda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev ma'lum qildi.

1news.uz’ning yozishicha, Toshxo‘jayev fosh qilinishi kerak bo‘lgan jinoyatlar o‘z yechimini kutib turgan vaqtda bo‘lmagan jinoyatni ochish uchun ichki ishlar xodimlarining o‘rta hisobda 5-6 kun vaqti behuda sarf bo‘lganini aytib, bu kabi jinoyatlarni oldini olish maqsadida targ‘ibot ishlari olib borish kerakligini ta'kidlagan.

Fuqaro Dilshod Aripov o‘zining g‘arazli maqsadini amalga oshirishda boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtoulovini  davlat raqamlari bo‘lmagan kulrang “Matiz”  rusumli avtouloviga siqib to‘xtatib, 86 million so‘m naqd pullarini olib ketgani haqida ichki ishlar idoralariga 2017 yilning 18 aprel kuni yolg‘on xabar bergan.

Ushbu xabarga ko‘ra, holat yuzasidan noma'lum shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksi 166-moddasi to‘rtinchi qismi “a” bandi, ya'ni talonchilik jinoyat alomatlari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tergov tezkor harakatlari davomida mazkur jinoyatni jabrlanuvchi Dilshod Aripov yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan 86 million so‘m pullarni qarzga olib, qaytarib bermaslik maqsadida jinoiy sheriklari Alisher Komilov,  Aziz Sharipov va Alisher Tursunovlar bilan birga uyushtirganligi aniqlangan.
.
Hozirda Dilshod Aripov va uning jinoiy sheriklariga nisbatan tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda.
 

Top