O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19–20 may kunlarida Turkmanistonga amaliy tashrif bilan bordi. Bu — davlatimiz rahbarining prezidentlikka saylangach, qo‘shni davlatga ikkinchi tashrifi bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, Sh.Mirziyoyev saylovdan so‘ng ilk xorijiy tashrifini aynan Turkmanistondan boshlagan edi.
Prezidentning mart oyidagi ilk tashrifida Ashxobodda Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma hamda qo‘shma bayonot imzolangan edi.
Prezidentlar guvohligida 2018–2020 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, temiryo‘l transporti sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandum, madaniy-gumanitar sohada 2017–2019 yillarga mo‘ljallangan hukumatlararo hamkorlik dasturi va tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2017–2018 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolangan edi.
Xorazm va Doshog‘uz viloyatlari hamda Lebap va Buxoro viloyatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik bo‘yicha kelishuvlar imzolangan edi. Lebap viloyati markazi Turkmanobod shahrida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovga o‘rnatilgan yodgorlik ochilgan, shaharning asosiy ko‘chalaridan biri ham uning nomi bilan atalgan edi.
Darhaqiqat, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi siyosatda mushtarak qarashlarga ega, turli sohalarda samarali hamkorlik qilish uchun biri birini to‘ldiruvchi, ulkan salohiyatga ega mamlakatlar hisoblanadi.
Prezidentning ikkinchi tashrifida G.Berdimuhamedov bilan uchrashish uchun Balkan viloyatining ma'muriy markazi Turkmanboshi shahriga yetib bordi. Amaliy tashrif davomida qator muhim kelishuvlarga erishildi.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakat vazirlik va idoralari o‘rtasida neft-gaz, energetika, fan-ta'lim, ekologiya, transport-logistika, turizm va sport sohalaridagi aloqalarni izchil rivojlantirishga doir qator hujjatlar imzolandi.
Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi
Turizm sohasini oladigan bo‘lsak, Turkmanistonda Kaspiy dengizi bo‘yidagi sog‘lomlashtirish va dam olish maskanlariga o‘zbekistonlik sayyohlarni jalb qilish imkoniyati bor. Prezident tashrifi oldidan Kaspiy dengizi sohilidagi bolalar sog‘lomlashtirish markazlari o‘zbekistonlik bolalarni qabul qilishga tayyor ekanini bildirgan edi. Ana shu taklifga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlaridan 100 nafar bola «Dayanch» bolalar sog‘lomlashtirish markazida dam olmoqda.



















