00:45 / 26.05.2017
6685

Bryusselda NATOning yangi bosh qarorgohi ochildi

Foto: REUTERS

NATOning Bryusseldagi yangi bosh qarorgohi tashkilotga Belgiya tomondan tantanali ravishda topshirildi. Belgiya 41 gektar maydonda joylashgan binolar majmuasini qurishni o‘z zimmasiga olgan. Biroq majmuada ishlar hali ham davom etmoqda va u o‘z vazifasini to‘liq bajarishga 2017 yil oxirida tayyor bo‘ladi. 

NATO uchun yangi bosh qarorgoh kurish qarori 1999 yildayoq Vashingtondagi sammitda qabul qilingan, biroq uni hayotga tatbiq qilish cho‘zilib ketgandi. NATOning 1967 yilda barpo etilgan amaldagi bosh qarorgohi ishtirokchilari soni 50 yil ichida deyarli ikki barobarga ko‘paygan alyansning ehtiyojlariga ancha yildan beri javob bermay qo‘ygandi. 250 ming kvadrat metrlik majmuada NATOning 4 ming xodimi va milliy delegatsiyalar a'zolari bemalol joylasha oladilar.  

Majmua 8 ta bir-birini qisman qoplovchi, yarim arka ko‘rinishidagi binolar ko‘rinishida barpo etilgan bo‘lib, tashkilot a'zolarining birdamligini va NATOning o‘zgaruvchan sharoitlarga moslasha olishini ifodalashga chorlangan. 

Majmua dizaynerlari g‘oyasiga ko‘ra, bino tashqi tomondan bir-biri bilan chambarchas bog‘langan ikki qo‘l barmoqlarini – birdamlik ramzini eslatishi kerak. Binoning qurilishiga 1,1 mlrd yevrodan ko‘proq mablag‘ sarflangan.

Ma'lum qilinishicha, yangi qarorgoh yuqori ekologik standartlarga javob beradi. Oynavand devorlar sun'iy yoritishda tejashga imkon beradi va shu bilan birga yaxshi issiqlik izolyatsiyasini ta'minlaydi. Maxsus idishlarga yig‘iluvchi yomg‘ir suvlari majmuaning suvga bo‘lgan ehtiyojini 90 foizga ta'minlaydi, bu yig‘ilgan suv hojatxonalar va o‘tlarni sug‘orish uchun ishlatiladi. Bino yerning issiqlik inersiyasi prinsipi qo‘llangan holda qishda isitiladi, yozda sovitiladi.

NATOda yangi bosh qarorgohdagi texnik moslamalar va eng yuqori xavfsizlik standartlariga javob beruvchi ma'lumotlar to‘plash markazi bilan faxrlanishadi. Ma'lum qilinishicha, 18 ta muzokaralar zalida sinxron tarjima va videoaloqa uskunalari joylashtirilgan. Yana 7 ta zalda virtual anjumanlar o‘tkazish mumkin bo‘ladi.     

Bosh qarorgohning ochilishi marosimi NATOga a'zo davlatlar harbiy-havo kuchlarining havo paradi va alyansning bosh qadriyatlari – erkinlik va birdamlikni ifodalovchi  ikki monumentning ochilishi bilan kechdi: Germaniya kansleri Angela Merkel o‘zidan Berlin devorining bir qismini aks ettiruvchi va NATOning sovuq urush yillarida tinchlikni saqlashga intilishini ifodalovchi yodgorlikni, AQSh prezidenti Donald Tramp esa AQShda 2001 yil 11 sentabrda sodir etilgan teraktlar qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlikni ochdi. 

Yangi bosh qarorgoh Ikkinchi jahon urushi vaqtida ham nemis, ham ittifoqdosh davlatlar aviatsiyasi tomondan bombardimon qilingan harbiy aerodrom o‘rnida qad rostladi. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergning aytishicha, qurilish jarayonida 4 ta portlamay qolgan bomba topilgan sobiq jang maydoni NATOga a'zo davlatlar va ular hamkorlarining muloqot va hamkorlik maydoniga aylanishi kerak.

Mavzuga oid
Top