08:46 / 11.08.2017
16212

Andijonga O‘sh shahri hokimi boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi an'anaviy hamkorlik yangicha mazmun kasb etmoqda. Keyingi paytlarda o‘zaro aloqalar sezilarli ravishda faollashdi. Jumladan, O‘sh va Andijon o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi tadbir ham do‘stona ruhda kechdi. 

 

10 avgust kuni O‘sh shahar meri rahbarligidagi delegatsiya “Do‘stlik” chegara bojxona maskanida kutib olindi. Mehmonlar dastlab Xo‘jaobod tumanida yaqinda foydalanishga topshirilgan “Toshkent vino kombinati” aksiyadorlik jamiyati, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “Navigul” qo‘shma korxonasi hamkorligidagi “FRIUT INDUSTRIES” korxonasida bo‘ldilar. Bu yerda tashkil etilgan zamonaviy texnologiyalar asosidagi issiqxona, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, quritish, saqlash jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. 

Andijon shahridagi ilk tashrif “Andijonavtotexxizmat” yopiq aksiyadorlik jamiyatiga bo‘ldi.

-  Ikki xalqni bir-biridan ajratmoqchi bo‘lganlar xato qiladi, - dedi O‘sh shahar meri Aytmamat Qadirbayev. - Bizni urf-odatlarimiz, tilimiz, dinimiz, hatto qabristonlarimiz ham bir. Bundan keyingi do‘stona munosabatlarimiz yanada rivojlanib boraveradi. Buning uchun davlatlarimiz rahbarlariga minnatdorchilik bildiramiz.

Shundan so‘ng ijodiy to‘garaklar o‘quvchilaridan iborat iqtidorli yoshlar turli xalqlarning raqslarini ijro etdilar. 

“Andijonavtotexxizmat” avtosaloni hamda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mamlakat avtomobil sanoatida erishilayotgan yutuqlar, ishlab chiqarilayotgan avtomobillar haqida mutaxassislar atroflicha ma'lumot berdilar.

Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida o‘tgan o‘zaro suhbatlar bolalardagi kasalliklarni erta aniqlash va davolash mavzusida bo‘ldi.

Andijon shahrida olib borilayotgan obodonlashtirish, qurilish ishlari bilan tanishish asnosida mehmonlar Andijon shahri Yoyilma mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldilar. Mahalla tuzilmasi bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘ini, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari uchun qurilayotgan yangi inshootni ko‘zdan kechirib, profilaktika inspektorining oilasi bilan ko‘chib o‘tgan uyda mehmon bo‘ldilar.

Navbatdagi manzil Andijon shahar xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limi tasarrufidagi 13-umumta'lim maktabi edi. Ta'lim dargohida o‘quvchilar uchun yaratilgan keng imkoniyat va shart-sharoitlar bilan tanishgan mehmonlar keyingi yillarda sohada olib borilayotgan izchil islohotlar samaralarini e'tirof etdilar.

Andijon shahri M.Musayev ko‘chasida qurilayotgan ko‘p qavatli turar-joy binolari, xizmat ko‘rsatish shohobchalari ham mehmonlar e'tiboridan chetda qolmadi. Bunyodkorlar ushbu inshootlar zamonaviy loyihaviy yechimlar asosida, bugungi kun talablari darajasida barpo etilayotgani, ularning egalariga imtiyozli kreditlar ajratilib, qulayliklar yaratilayotgani haqida batafsil ma'lumot berdilar.

Uchrashuv davomida Andijon viloyati ishlab chiqaruvchi korxonalari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma namoyish etilib, har ikki tomon tadbirkorlari hamkorligini yo‘lga qo‘yish maqsadida “Biznes forum” tashkil etildi.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Top