17:36 / 11.08.2017
8531

Markaziy Osiyoni rivojlantirishning yangi omillari

Amerikaning tashqi siyosat bo‘yicha kengashi vitse-prezidenti Ilan Berman Foreign Affairs nashrida Markaziy Osiyoni rivojlantirish uchun yangi rag‘batlantiruvchi omillar (stimullar) mavzusida maqola e'lon qildi. Amerikaning tashqi siyosat bo‘yicha kengashi AQSh Kongressidagi respublikachilar bilan keng aloqalarga ega konservativ nuqtai nazardagi tahliliy markaz hisoblanadi. Quyida maqolaning qisqartirilgan tarjimasi taqdim etiladi.

Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari yetakchilarining amaliy harakatlari va siyosiy irodasi tufayli ular bilan yana chuqur hamkorlik hamda o‘zaro aloqalar uchun yangi sharoitlar paydo bo‘ldi. Bungacha tashqi dunyo bu mintaqalarni hududiy bahslar va energetika hamda suv resurslari uchun o‘zaro raqobat qiluvchi davlatlar zonasi sifatida ko‘rgandi. Biroq o‘tgan yildan boshlab bu mamlakatlar hukumatlari sarmoyaviy muhitni yaxshilash, savdo va turizmni rivojlantirish bo‘yicha jiddiy islohotlarni boshlashdi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning yangi yetakchisi alohida ajralib turadi, u hokimiyat tepasiga kelgach qo‘shnilari bilan qalin aloqalarni o‘rnatdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev “ochiq, do‘stona va pragmatik” pozitsiya tarafdori ekanini ma'lum qildi va qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni normallashtirishni boshladi. U o‘zining ilk rasmiy tashriflarini Turkmaniston hamda Qozog‘istonga amalga oshirdi, shuningdek, Tojikiston qa Qirg‘iziston bilan aloqalarni yaxshiladi. Shu bilan birga, qo‘shni davlatlar Toshkentning mintaqada yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yaxshilash bo‘yicha siyosatini ijobiy qabul qilishdi hamda qo‘llab-quvvatlashdi. Bundan tashqari, prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida fuqarolik jamiyati sohasida chuqur islohotlar o‘tkazilmoqda.

Bu hodisalar ushbu mintaqalardagi siyosiy jipslashuv va innovatsiyalar darajasini ko‘rsatmoqda, buni 10 yil muqaddam faraz qilish mushkul edi. Iqtisodiyot, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va infratuzilmani qurish sohalarida yana ko‘p narsani qilish lozim. Biroq, ijtimoiy institutlarning barqaror kuchaytirilishi, ancha yaxshi iqtisodiy o‘sish va liberallashtirishning kishilarning yangi avlodiga ta'siri mintaqa davlatlarining hamkorligi uchun mustahkam poydevor yaratdi.

Shu sababdan Vashingtonda AQShning Markaziy Osiyo kun tartibidagi ishtirokiga doir “yangi” g‘oyalar favqulodda talabgir. Mintaqa davlatlaridagi dinamik o‘zgarishlar ularni Moskva va Pekin bilan raqobat prizmasida ko‘rishni to‘xtatish lozimligini ko‘rsatmoqda. Sobiq ittifoq makoniga mustaqil geosiyosiy markaz sifatida qarash vaqti keldi. Shu bilan birga, Amerika strategiyasi bu yerda mustaqil va bir-biridan erkin xavfsizlik hamda iqtisodiyot sohasidagi mintaqaviy hamkorlik tuzilmalarini tashkil etish jarayoniga ko‘mak ko‘rsatishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. 

Top