6 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Al-Qudsning Isroil poytaxti deb tan olinishini e'lon qildi. U AQSh Davlat departamentiga Tel-Avivdagi elchixonani Al-Qudsga ko‘chirishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlash vazifasini topshirdi.
Bu qarorga Turkiya birinchilardan bo‘lib munosabat bildirdi va AQShni bu xato qarorini qayta o‘ylab ko‘rishga chaqirdi.
Yaqin Sharq mamlakatlari ham bu qarorga salbiy munosabat bildirmoqda.
Iroq
Iroq hukumati bu qarorni «haqoratomuz qaror» deb atadi.
«Iroq Tashqi ishlar vazirligi, mamlakat hukumati va boshqa siyosiy partiyalar Trampning Al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olish haqidagi qarorini qoralaydi», degan Iroqning Rossiyadagi elchisi Haydar Mansur Hodiy al-Ozariy.
«Menimcha, bu qadam mintaqada yangi muammolarni keltirib chiqarib, vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Bu qaror musulmon olami uchun haqoratli qarordir», deya qo‘shimcha qilgan Hodiy.
Suriya
Suriya hukumati Al-Quds taqdiri biron prezident yoki davlat qo‘lida emasligini ta'kidlagan.
«Al-Qudsning kelajagi bir davlat yoki prezident tomonidan belgilanmaydi. Bu uning tarixidan, shu hududda yashayotgan xalq irodasidan kelib chiqib belgilanadi», deyilgan Suriya prezidenti Bashar Asad ma'muriyatining tvitterida.
Misr
Misr prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan telefon orqali muloqot chog‘ida AQSh prezidentining bu qaroriga qarshi munosabatini bildirgan.
«Prezident muloqot chog‘ida bu qaror va uning salbiy oqibatlari haqida gapirgan», deyilgan Misr rahbarining matbuot xizmati xabarida.
Bayonotga ko‘ra, Falastin va Misr rahbarlari Trampning bu qarori BMT rezolyutsiyasini ochiq buzish ekanini ta'kidlashgan.
Saudiya Arabistoni
Saudiya Arabistoni ham Trampning Al-Quds bo‘yicha qarorini mas'uliyatsiz qaror deb ataydi va AQSh ma'muriyatini bu pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishga chaqiradi.
Ar-Riyod AQShning qarorini «tushunarsiz va oqlab bo‘lmas qaror», deb hisoblaydi.


















