19:15 / 20.12.2017
11083

O‘zbekistonda jinoyatchilik ko‘rsatkichlari pasaydi

2017 yilning dekabr oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida sodir etilgan jinoyatlar salmog‘i o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,6 foizga, jinoyat qidiruvi yo‘nalishida esa 8,7 foizga kamaydi. Sodir etilgan jinoyatlarning 40 foizdan ziyodi o‘g‘irlik va firibgarlik ulushiga to‘g‘ri keladi. KUN.UZ muxbiri 20 dekabr kuni IIV tomonidan o‘tkazilgan "Huquqbuzarliklar profilaktikasi: yil sarhisobi" mavzusidagi matbuot anjumanida berilgan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari aholi orasida keng muhokama qilinishi va fuqarolar bilan bog‘liq sayyor sudlarda ko‘rib chiqilib, joyida ijobiy hal etilishi natijasida jinoyatchilikning 77 036 tadan 65 758 taga, jinoyat qidiruvi yo‘nalishida esa 46 379 tadan 40 657 taga  kamayishiga erishilgan.

Shaxsga qarshi jinoyatlar tahlil qilinganda respublikada qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish holatlari 7 foizga (1341 tadan 1247 taga), o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish holatlari 19,4 foizga (1438 tadan 1158 taga), yengil tan jarohati yetkazish holatlari esa 31,3 foizga (3525 tadan 2420 taga) kamaydi. Yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 11 foizga, ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar esa 13 foizga qisqardi. Bundan tashqari, ilgari sudlangan fuqarolar sodir etgan jinoyat ko‘rsatkichlari 10 foizga qisqarishiga erishildi.

Yil davomida 6 milliondan ortiq (6 497 548) xonadonga borilib, ularda mavjud muammolar o‘rganilib, jamoatchilik tashkilotlari bilan birgalikda bartaraf etish choralari ko‘rildi. Shu bilan birga, 89 243 ta huquqbuzarlik aniqlanib, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rishi ta'minlandi. Tadbirda, ayniqsa, oilalarda kelib chiqayotgan muammolarga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. Oilaviy munosabatlar doirasida sodir etilgan 12 944 ta huquqbuzarlik keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda muhokama qilinib, buning natijasida 13 945 nafar huquqbuzar tuzalish yo‘liga qaytarildi.

Oilalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitning barqarorligini ta'minlash maqsadida 34 415 marta muhokama o‘tkazilib, natijada 25 792 ta oiladagi notinchlikka barham berildi, 13 276 ta oila esa ajrashib ketishdan saqlab qolindi.

Oila-turmush doirasida ishsizlik oqibatida aniqlangan 6 429 ta huquqbuzarlikka chek qo‘yish maqsadida 4 374 nafar kishi ish bilan ta'minlandi.

Top